YTHlarga toʻlgan hafta: 7 kunda 9 kishi halok boʻldi

23:49 26 May 2024 Jamiyat
795 0

Foto: Toshkent viloyati IIBB YHXB

Oʻzbekiston hududida yakunlanayotgan hafta odam oʻlimi bilan bogʻliq dahshatli yoʻl-transport hodisalariga boy boʻldi. Soʻnggi yetti kunda sodir boʻlgan shu turdagi baxtsiz hodisalarning yuzaga kelish sabablariga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, koʻp hollarda bunga inson omili, yaʼni harakat ishtirokchilarining har ikkala tomoni aybdor boʻlganiga guvoh boʻlamiz.

Xususan, 18-may, yakshanba kuni soat 22:40 larda Toshkent shahrining Yashnobod tumani Mahtumquli koʻchasidagi ТАПОиЧ koʻprigidan Lacetti rusumli avtomashina qulab tushdi. Oqibatda haydovchi va 2 nafar yoʻlovchi tan jarohat olib shifoxonaga yotqizildi.

Foto: Videodan kadr

Oʻsha kuni soat 23:00 larda Samarqand shahrida sodir boʻlgan YTHda boshqaruvni yoʻqotgan Nexia-2 mashinasi yoʻl chetidagi beton ustunga urilib, ikkiga boʻlinib ketdi. Voqea qatnashchilarning turli darajadagi tan jarohatlari olishi bilan tugadi.  

Foto: Samarqand viloyat YHXB

Bundan tashqari, YHXB axborot xizmati masʼullari joriy yilning 17-may kuni Surxondaryo viloyatida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasi haqida ham aynan yakshanba oqshomida maʼlumot berdi. 

Unga koʻra, Muzrabot tumanida svetoforning qizil ishorasida harakatlangan Cobalt piyodalar yoʻlagidan oʻtayotgan 3 nafar voyaga yetmagan bolalardan ikki nafarini turtib yuborgan. Oqibatda bir nafar maktab oʻquvchisi (2012-yilda tugʻilgan) tuman Tibbiyot birlashmasining jonlantirish boʻlimida vafot etgan.

Foto: Videodan kadr

Fargʻona viloyati Buvayda tumanida maktabning 9-sinf oʻquvchisi traktor boshqarib, poyezd yoʻliga chiqib ketgan. Oqibatda traktor poyezd bilan toʻqnashgan va uni boshqarayotgan oʻquvchi voqea joyida halok boʻlgan.

Foto: Videodan kadr

20-may, dushanba Тoshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanida inson oʻlimi bilan bogʻliq YTH sodir boʻldi. Oʻsha kuni soat 21:00 larda Yuzrobod koʻchasida 35 yoshli haydovchi Matiz rusumli avtomashinani boshqarib ketayotib, yoʻlni kesib oʻtayotgan piyodani urib yuborgan. Oqibatda piyoda ogʻir tan jarohatlari olib, voqea joyida halok boʻlgan. 

Foto: Videodan kadr

21-may, seshanba kuni soat taxminan 22:05 larda Andijon viloyati Ulugʻnor tumanida Damas rusumli avtomobil boshqaruvni yoʻqotib, “Katta Andijon kanali”ga tushib ketdi

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati boshligʻi katta leytenant Hayot Rahimovning “Xalq soʻzi” muxbiriga maʼlum qilishicha, mashina salonida boʻlgan ikki fuqarodan bir nafarining jonsiz tanasi soat 22:15 larda kanalning Fargʻona viloyati xududidan oqib oʻtgan qismidan olib chiqilgan. Ikkinchisi esa haligacha qidirilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Oʻsha kuni Samarqand shahri Talabalar xiyoboni koʻchasidagi piyodalar yoʻlakchasidan oʻtayotgan talaba yigitni Nexia-2 mashinasi urib yubordi. Yigit zudlik bilan shahardagi tibbiyot birlashmasiga olib borilgan, ammo olgan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan.

23-may, payshanba kuni soat 8:30 larda Jizzax shahrining Qassoblik mahallasida tez tibbiy yordam mashinasi piyodalar yoʻlakchasidan oʻtayotgan ayolni urib yubordi. Oqibatda ayol ogʻir tan jarohatlari olgan va Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax viloyati filialining jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan. 

Foto: Videodan kadr

Navoiy viloyatida maktab oʻquvchisi boshqargan Matiz yoʻl-transport hodisasiga uchradi. Oqibatda ulardan ikki nafari voqea joyida vafot etgan, bir nafari turli darajada tan jarohatlari bilan Karmana tuman shifoxonasiga yotqizilgan.

Maʼlumotlarga koʻra, hali “pravasi” ham boʻlmagan maktab oʻquvchilari Matiz avtomobilini ijaraga olib, Nurota boʻylab harakatlanib ketayotgan boʻlgan. Qaytishda ular boshqaruvni yoʻqotib, yoʻl-transport hodisasiga uchragan. 

Foto: Videodan kadr

24-may, juma kuni soat tahminan 08:00 larda Toshkent viloyati Toshkent tumanida Toyota Prado, Cobalt, Spark va Damas ishtirokida yoʻl-transport hodisasi yuz berdi. Oqibatda Toyota Prado agʻdarilib ketgan va haydovchisi voqea joyida halok boʻlgan. Boshqa haydovchilarga tuman shifoxonasida tibbiy yordam koʻrsatilgan. 

Foto: Toshkent viloyati IIBB YHXB

Kecha, 25-may kuni soat 09:15 larda Jizzax viloyatida Lacetti rusumli avtomashina va yoʻlovchi avtobusi ishtirokida yoʻl-transport hodisasi solir boʻldi. Qoidalarga zid ravishda qayrilib olgan Lacetti avtobus bilan toʻqnashib, yoʻl chetidagi pastlikka tushib ketgan. 

Oqibatda 2003-yilda tugʻilgan yoʻlovchi olgan jaroxatlari tufayli voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, 2004-yilda tugʻilgan yana bir yoʻlovchi va avtomashina haydovchisi olgan tan jarohatlari bilan RSHTYOIM Jizzax filialining jonlantirish boʻlimiga yotqazilgan. Avtobusdagi fuqarolarga jabr yetmagan. 

Bu oʻtgan bir hafta davomida sodir boʻlgan YTHlarning qisqacha tahlili edi. Yuqoridagi holatlar piyodalarni ogohlikka, transport vositalarini boshqarayotgan fuqarolarni esa yanada masʼuliyatli boʻlishga undaydi degan umiddamiz. Zero uzogʻimizni yaqin qilayotgan texnikalar “jilovi”ni mahkam ushlamaslik qaysidir maʼnoda uzoq umrimizga ham rahna solishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?