“Unutmoq osonmas sizlarni...” — 2020-yil yoʻqotishlari

14:53 20 Dekabr 2020 Jamiyat
18982 0

Afsuski, 2020-yilda har qachongidan ham yoʻqotishlar, judoliklarga koʻp boʻldi. Kimdir yaqinidan, kimdir doʻstidan, kimdir ustozidan, yana kimdir dilbandidan ayrildi. Avvallari, ajal, peshona deyish, jim fotiha tortish bilan cheklansak, bu yil dunyoni vahimaga solgan virusning “kuch”idan dahshatga tushdik, kunlar, oylar davomida koʻrinmas balo bilan kurashdik.

“Xalq soʻzi” nashrida bu yil “vafot etdi”, “judolikka uchradi” mazmunidagi xabarlar deyarli har xafta chop etildi. OAV, ijtimoiy tarmoqlar taʼziyanomolar, xotiralar, marhumlar haqidagi iliq fikrlar bilan “toʻlib-toshdi”. Bugun, Yangi yil arafasida yil davomida vafot etgan taniqli sanʼatkorlar, olimlar, shoir, yozuvchilarni yana bir bor eslab, yil yoʻqotishlariga nazar solsak.

Aida Yunusova

Yilning birinchi oyida, 21-yanvar kuni taniqli aktrisa, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Aida Yunusova 72 yoshda olamdan koʻz yumgani haqida xabarlar tarqaldi.

Aida Yunusova 1948-yilda Fargʻona viloyati Margʻilon shahrida tugʻilgan. Aktrisa oʻzbek tomoshabinlari yodida “Ajoyib xayolparast”, “Chinor ostidagi duel”, “Olovli yoʻllar”, “Oltin kuz”, “Mehrigiyo”, “Zulmatni tark etib”, “Karvon”, “Anor”, “Birinchi yoʻlovchilar” kartinalaridagi rollari orqali mangu qoladi. Aktrisa umrining oxirgi vaqtlarida ogʻir xastalikni boshdan kechirgandi.

Gʻaybulla Hojiyev

2020-yilning 26-fevral kuni Oʻzbek dublyajining eng yorqin vakillaridan biri, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Gʻaybulla Hojiyev 64 yoshida olamdan oʻtdi. 

Aktyor shoir Azim Suyunning “Sarbadorlar” asarida Abu Bakr Kalaviy, Abdulla Oripovning “Sohibqiron” asarida Xoja Ahmad Yassaviy, Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” spektaklida Solih maxdum, Ibrohim Sodiqovning “Afandining besh xotini” spektaklida Afandi, Hayitmat Rasulning “Piri koinot” spektaklida Ahmad Fargʻoniy, Shekspirning “Qirol Lir” asarida graf Gloster, Aleksandr Kosanoning “Yetti faryod” spektaklida Sabalo kabi oʻnlab rang-barang rollar ijro etgan.

Ogʻir xastalik tufayli teatrdan ketishga majbur boʻlgan. Ammo, ijoddan toʻxtamay, turli tele va radio loyihalarda muntazam ishtirok etgan.

Gʻaybulla Hojiyev “Uqubat”, “Shabbona”, “Umid”, “Oqpadar” kabi koʻplab filmlarda turli rollarni ijro etgan, Aktyor “Shaytanat” teleserialida Ahmadbey rolini oʻynagan.

Azim Suyun

2020-yilning 9-mart kuni xalqimizning ardoqli shoiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, qator gazetalar, shu jumladan, bizning “Xalq soʻzi” gazetamizda ham faoliyat yuritgan Azim Suyun olamdan oʻtdi.

Azim Suyun (Azimboy Alimovich Suyunov) — 1948-yil Samarqand viloyatiga qarashli Nakurt qishlogʻida tugʻilgan. 1977-yilda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetini bitirdi. “Toshkent universiteti“ gazetasida adabiy xodim, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotida muharrir boʻlib ishladi.

Oʻzbekiston Matbuot Davlat qoʻmitasida adabiy maslahatchi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida masʼul kotib, “Xalq soʻzi“ gazetasida boʻlim muharriri, 1993-2002-yillarda “Oʻzbekiston ovozi“ va “Golos Uzbekistana“ gazetalarining Bosh muharriri vazifalarida xizmat qildi. Ijodkor butunjahon shoirlar kongressi aʼzosi boʻldi.

Oybarchin Bakirova

Oʻzbekiston xalq artisti Oybarchin Bakirova 20-mart kuni 70 yoshida olamdan oʻtdi. 

Aktrisa oʻz faoliyatini 1971-yilda “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida boshlagan. U “Tangalik bolalar”, “Armon”, “Oʻyin” va “Farzandim” kabi oʻnlab filmlarda turli obrazlarni yaratgan. Oybarchin Bakirova tomoshabinlarga nafaqat kinoaktrisa balki dublyaj sohasidagi faoliyati orqali ham juda yaxshi tanish. U bugungacha yuzdan oshiq kino va multfilm qahramonlariga ovoz bergan.

Ravshan Yoʻldoshev

“Tarona records” kompaniyasi taʼsischisi, shou-biznesda taniqli boʻlgan tadbirkor Ravshan Yoʻldoshev 30-mart kuni kechqurun Toshkentda vafot etdi. Uning yurak xurujidan olamdan oʻtgani aytildi.

Ravshan Yoʻldoshev 1961-yili 2-aprelda tugʻilgan. Faoliyati davomida “Tarona records” leybelini tashkil etib, sanʼatkorlar orasida nom qozongan edi.

Anvar Obidjon

Joriy yilning 11-aprel kuni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati noxush bir xabar tarqatdi. U Oʻzbekiston xalq shoiri, sevimli bolalar adibi, oʻzbek adabiyotining koʻzga koʻringan namoyandalaridan biri Anvar Obidjon 73 yoshida hayotdan koʻz yumgani haqida.

Anvar Obidjon 1947-yil 8-yanvarda Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanidagi Poloson qishlogʻida tugʻilgan.

U “Ona yer“, “Ey, Yorugʻ dunyo“, “Olovjon va uning doʻstlari“, “Bezgakshamol“, “Akang qaragʻay Gulmat“, “Masxaraboz bola“, “Juda qiziq voqea“, “Yerliklar“, “Meshpolvonning janglari“, “Alamazon va Gulmat hangomasi“, “Ajoyibxona“, “Oltiariq hangomalari“, “Odobli boʻlish osonmi?“, “Tanlangan sheʼrlar“, “Oʻgʻirlangan pahlavon“, “Bahromning hikoyasi“ kabi doston, qissalar, sheʼrlar, pyesalar va hajviy asarlardan iborat toʻplamlar muallifidir.

Hoshim Arslonov

2020-yilning 29-may kuni ham oʻzbek sanʼatida ogʻir judolik olib keldi. Shu kuni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, dublyaj ustasi, taniqli aktyor Hoshim Arslonov 64 yoshida olamdan oʻtdi.

Hoshim Arslonov 1956-yil 1 Avgust kuni Chust shahrida tugʻilgan. 1977-yilda Toshkent teatr va rassomchilik sanʼati institutini tugatgan. 1977-yildan 2017-yilgacha Oʻzbekiston Davlat drama teatrida faoliyat yuritgan.

Faoliyati davomida turli spektakllar, film va seriallarda turli rollarni ijro etgan. “Uygʻonish”, “Margʻiyona”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Alpomish”, “Xoʻja Nasriddin: oʻyin boshlandi”, “Aprel-May”, “Chavandoz”, “Soʻzsiz sevgi”, “Dinozavr qoldirgan iz”, “Yorim-beozorim”, “Haqiqat kuni”, “Qasos”, “Mening akam boʻydoq”, “Soʻnggi qoʻngʻiroq”, “Singilginam”, “Xiyonat”, “Endi dadam boʻydoq”, “Ijarachilar” kabilar shular jumlasidandir.

Bekjon Toshmuhamedov

2020-yil iyun oyida Oʻzbekiston ilm-fani ogʻir judolikka uchradi. Taniqli olim, biofizika fanining Oʻzbekistondagi asoschilaridan biri, akademik Bekjon Toshmuhamedov 85 yoshida vafot etdi.

B. Toshmuhamedov biofizika, hujayra fiziologiyasi va tabiatni muhofaza qilish boʻyicha yirik tadqiqotchi sifatida tanilgan olim edi.

B. Toshmuhamedov AQSH, Angliya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Daniya kabi mamlakatlarning bir necha xalqaro ilmiy markaz va akademiyalarining faxriy aʼzosi edi.

Olim vafoti munosabati bilan davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ham taʼziya bildirdi.

Mahmudjon Tojiboyev

Maqom ilmi va sanʼatini puxta egallagan ijodkor, Oʻzbekiston xalq hofizi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi professori, Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi ilmiy xodimi Mahmudjon Tojiboyev joriy yilning iyul oyida, 63 yoshida olamdan oʻtdi.

Mahmudjon Tojiboyev 1957-yilda Fargʻona viloyati Quva tumanida tugʻilgan.

Ijodkor repertuaridan Shashmaqom (“Saraxbori Navo”, “Saraxbori Dugoh”, “Moʻgʻulchai Segoh”, “Navroʻzi Sabo”, “Nimchoʻponiy” va boshqalar) va Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllari (“Dugoh”, “Chorgoh”, “Ushshoq”, “Shahnozi Gulyor”, “Bayot” va boshqalar), katta ashula (“Yovvoyi Chorgoh”, “Yolgʻiz”, “Ey dilbari jononim” kabi), mumtoz (“Topmadim”, “Asiriy” va «Ldoiy», “Chorzarb”, “Bozurgoniy”) oʻrin olgan.

Marhum Mahmudjon Tojiboyev shoirnafas hofiz sifatida ijro uslubi vazminligi, lirikaga moyilligi, ovoz va cholgʻu mutanosibligi bilan ajralib turgan.

Abduraim Abduvahobov

14-iyul kuni xalqimiz yana bir noxush xabar eshitdi, shu kunda u oʻzining sevimli farzandi, erka “shum bola”sidan ayrildi. Oʻzbek milliy akademik drama teatri aktyori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Abduraim Abduvahobov 57 yoshida vafot etdi.

Abduraim Abduvahobov 1963-yil 8-avgust kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. Marhum aktyor tomoshabinlar yodida “Shumbola”, “Suyunchi”, “Muhabbat sinovlari”, “18-kvadrad”, “Firibgar”, “Osiy banda”, “Poyga”, “Bevalar”, “Soʻnggi nafasimgacha”, “Shaytanat”, “Nazira” kabi film va seriallardagi hamda oʻnlab spektakllardagi ajoyib rollari bilan abadiy muhrlanib qoldi.

Ruslan Sharipov

Sanʼat muxlislari Abduraim Abduvahobov vafotidan qaygʻuga tushgan kunlarda, aktyor vafotidan bor yoʻgʻi 4 kun oʻtib yana bir taniqli sanʼatkor Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ruslan Sharipov 54 yoshda vafot etgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Koʻpgina sanʼatkorlarning ustozi, sanʼat olamiga kirishiga sababchi boʻlgan Ruslan Sharipov “Bolalar”, “Setora”, “Bayt” guruhlarini tashkil qilgan edi.

Anvar Kenjayev

Xuddi shu kuni, yaʼni 2020-yilning 18-iyul kuni sevimli aktyorlarimizdan biri, “Oʻzbekiston xizmat koʻrsatgan artist” Anvar Kenjayev olamdan oʻtdi.

Anvar Kenjayev faoliyati davomida “Endi dadam boʻydoq”, “Sardor”, “Uchar otlar”, “Taʼzidagi toʻy”, “Ada emas, dada”, “Oydinoy”, “Suv yoqalab”, “Yoʻqolgan odam” kabi filmlarda mahoratli rollar ijro etgan.

Shukrullo

Oradan bir kun oʻtib, 19-iyul kuni Oʻzbekiston xalq shoiri Shukrullo domla olamdan oʻtdi.

Uning qariyb sakson yillik ijodiy faoliyati davomida yaratilgan “Hayot ilhomlari”, “Umrim boricha”, “Inson va yaxshilik”, “Zarralar”, “Inson – inson uchun”, “Suyanchiq”, “Yashagim keladi”, “Sening baxting”, “Bahor sovgʻasi”, “Yulduzlar” kabi sheʼriy toʻplamlari, “Chollar”, “Ikki qoya”, “26-togotar” dostonlari, “Javohirlar sandigʻi” nasriy kitobi adabiyotimiz xazinasidan mustahkam oʻrin egalladi. Erkka tashna, mutelikdan nari shoir oʻzbek kitobxonlari qalbidan chuqur joy egallagan, asarlari orqali adabiyotda oʻziga tiriklayin haykal qoʻya olgan ijodkor  edi.

Adib oʻtgan asrning elliginchi yillari boshida bir guruh ziyolilarimiz qatorida siyosiy qatagʻonga uchradi. Keyinchalik nomi va ijodi toʻla oqlanib, adabiyotimiz rivoji yoʻlida faol ijod qildi. Yozuvchi “Kafansiz koʻmilganlar” romanida ana shu davrda xalqimiz boshiga tushgan ogʻir sinov va adolatsizliklarni hayotiy misollar asosida haqqoniy tasvirladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shoir vafoti munosabati bilan taʼziya bildirdi.

Dilbar Ikromova

Avgust oyi ham sanʼatimiz, madaniyatimiz uchun ogʻir judoliklar olib keldi. Oʻzbekiston xalq artisti, oʻzbekning “Sotti”si aktrisa Dilbar Ikromova, 25-avgust kuni 73 yoshida olamdan oʻtdi.

Aktrisa koronavirus-pnevmoniya xastaligidan davolanayotgan edi.

Marhum Dilbar Ikromova “Kelinlar qoʻzgʻaloni”, “Chimildiq”, “Dev bilan pakana”, “Devona”, “Afgʻon”, “Oyqiz ertagi” kabi juda koʻplab filmlarda bir-biridan qiziqarli boʻlgan turli rollarni mahorat bilan ijro etgan.

Uning ayniqsa, “Kelinlar qoʻzgʻaloni” filmidagi Sotti roli bilan barchaning qalbidan chuqur joy egallagan.

Fatxulla Maʼsudov

Dilbar Ikromova vafotidan 5 kun oʻtib, Madaniyat vazirligi Oʻzbek milliy akademik drama teatri direktori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Fatxulla Maʼsudov vafot etgani haqidagi qaygʻuli xabar tarqatdi.

Aktiyor 57 yoshida, ayni ijodiy kamolotga yetgan vaqtida bu dunyoni tark etdi. Maʼlumotlarga koʻra, Fatxulla Maʼsudov koronavirusdan davolanayotgan edi.

Gʻulomqodir Sobirov

“Temir xotin”da Olim roli bilan oʻzbek tomoshabinlariga yaxshi tanish boʻlgan aktyor Gʻulomqodir Sobirov 2020-yilning 1-sentyabr kuni 65 yoshida vafot etdi.

Ijodiy faoliyati davomida oʻnlab rollarni maromiga yetkazib ijro etgan Gʻulomqodir Sobirov mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi arfasida Prezidentimiz Farmoniga koʻra “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan edi.

Asil Rashidov

Sentyabr oyida Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimi hamda oʻzbek adabiyoti ham ogʻir judolikni boshdan kechirdi. Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, taniqli pedagog olim, adabiyotshunos va tarjimon Asil Rashidov shu yil 15-sentyabr kuni 90 yoshida vafot etdi.

Asil Rashidov 1930-yili Jizzax tumanining Sovungarlik qishlogʻida tugʻildi.

Marhum olim oʻz faoliyati davomida “Inson va mehnat madhi”, “Soʻnmas yulduzlar”, “Asrga tengdosh maktab”, “Lesya Ukrainka”, “Chiniqish maktabi” singari koʻplab ilmiy-ommabop asarlar yaratdi.

Asil Rashidov badiiy tarjima sohasida oʻziga xos ijodiy maktab yaratgan hassos soʻz sanʼatkori edi. U mashhur qirgʻiz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning “Yuzma-yuz”, “Jamila”, “Boʻtakoʻz”, “Sarvqomat dilbarim”, “Alvido, Gulsari!”, “Somon yoʻli”, “Oq kema”, “Erta kelgan turnalar”, “Sohil boʻylab chopayotgan olapar”, “Asrni qaritgan kun” singari betakror asarlarini oʻzbek tiliga beqiyos mahorat bilan oʻgirgan.

Shuhrat Qayumov

Sentyabr oyining 22-kunida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, Oʻzbekiston televideniyesining oliy toifali suxandoni, taniqli qoʻshiqchi Shuhrat Qayumov bugun 51 yoshida vafot etdi.

Xonanda 1969-yilda Qirgʻizistonning Oʻsh shahrida tavallud topgan. 1991-yilda Oʻzbekiston davlat sanʼat institutini tamomlagan.

Shuhrat Qayumov uzoq yillar “Oʻzbekiston” teleradiokanalida “Assalom Oʻzbekiston”, “Ohangrabo” kabi koʻrsatuvlarini tayyorlagan.

Shuhrat Qayumov oʻzining sermazmun, diltortar taronalari bilan ham oʻzbek tomoshabinlari qalbidan chuqur joy olgan sanʼatkor edi.

Shomurod Baxshi

Shu yilning 24-sentyabr kuni Oʻzbekiston xalq baxshisi Maxmanov Shomurod Togʻayevich (Shomurod Baxshi) vafot etgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Maxmanov Shomurod Togʻayevich 1932-yil 3-mart kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining Arabbandi qishlogʻida tavallud topgan.

2000-yil “Oʻzbekiston xalq baxshisi” unvoni bilan taqdirlangan.

Oʻzbekiston xalq baxshisi Maxmanov Shomurod Togʻayevich 88 yoshida vafot etdi.

Toʻra Mirzayev

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Toʻra Mirzayev 2020-yilning 29-sentyabr kuni olamdan oʻtdi.

Toʻra Mirzayev – 1936-yil 6-martda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tugʻilgan. Uning 600 dan ortiq ilmiy, uslubiy, ilmiy-ommabop ishi eʼlon qilingan. Ulardan 5 tasi monografiya, 5 tasi darslik va oʻquv qoʻllanma, 45 tasi kitob va folklor toʻplamdir. Olimning kitob va maqolalari Rossiya, Germaniya, Turkiya, Tojikiston, Qozogʻiston, Turkmaniston kabi koʻplab mamlakatlarda nashr etilgan.

Toʻxtamurod ota Zufarov

Adabiyotshunos olim, usta sozgar, hattot, filologiya fanlari nomzodi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Toʻxtamurod ota Zufarov, 6-oktyabr kuni 84 yoshida olamdan oʻtdi

Toʻxtamurod ota Zufarov soʻnggi yillarda “Mahalla” telekanali tomonidan efirga uzatib kelinayotgan “Otalar soʻzi – aqlning koʻzi”, “Otalar soʻzi – aqlning koʻzi” pochtasidan” koʻrsatuvlaridagi pandu nasihatlari orqali ham xalqimiz koʻnglidan chuqur joy olgandi.

1936-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan Toʻxtamurod ota Zufarov serqirra faoliyati davomida adabiyotshunoslik, xattotlik va musiqa madaniyatimizga oid boy meros qoldirib ketdi.

Saʼdulla Hakimov

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Saʼdulla Hakimov 2020-yilning 11-oktyabr kuni vafot etdi.

Marhum S. Hakimov 1951-yil 25-martda Jizzax viloyatining Forish tumanida tugʻilgan.

Saʼdulla Hakkimov “Maʼrifat” gazetasi bosh muharriri, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Axborot markazi rahbarining oʻrinbosari, rahbari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha Davlat maslahatchisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining oʻrinbosari, “Turkiston-press” nodavlat axborot agentligi bosh direktori, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi bosh muharriri kabi bir qancha lavozimlarda ishlagan.

Marhum 2016-yilning 29-dekabridan Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi lavozimida ishlayotgan edi.

Shayx Alouddin Mansur

Joriy yilning 13-oktyabr kuni oʻzbek OAV, ijtimoiy tarmoqlar Shayx Alouddin Mansur hazratlari vafot etgani haqidagi xabarlar bilan toʻlib-toshdi. Boisi Shayx Alouddin Mansur hazratlari Qurʼoni karim maʼnolarining oʻzbekcha izohli tarjimasini tayyorlashdek ulkan vazifani sharaf bilan ado etgan edilar.

Ushbu kitob 1991-1993-yillarda “Sharq yulduzi” jurnalida, keyin Gʻafur Gʻulom va “Choʻlpon” nashriyotlarida chop etilgan edi.

“Evril Turon”

2020-yilning 16-oktyabr kuni yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, yozuvchi Mamadali Mahmudov (Evril Turon) olamdan oʻtdi. 

Evril Turon taxallusi bilan ijod qilgan Mamadali Mahmudov “Bu togʻlar ulugʻ togʻlar”, “Boʻz boʻri”, “Oʻlmas qoyalar”, “Tumanli kunlar” va “Oy nuri” kabi asarlar muallifi hisoblanadi.

Mamadali Mahmudov umrining 17 yilini siyosiy mahbus sifatida qamoqda oʻtkazgan va 2013-yilning aprel oyida ozodlikka chiqarilgan. 2018-yil noyabr oyida u Yozuvchilar uyushmasining aʼzoligiga tiklangan edi.

Ikrom Oʻtbosarov

Yoʻqotishlar bizning jamoamizni ham chetlab oʻtmadi, afsuski. Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, 1991-yildan buyon “Xalq soʻzi” gazetasida faoliyat yuritib kelgan ustoz ijodkor Ikrom Oʻtbosarov 22-oktyabr kuni, 72 yoshida vafot etdi.

U kishining nomi respublikamiz ijod ahli orasida yuksak ehtirom bilan tilga olinadi.

Ustoz jurnalist koʻplab publitsistik maqolalar, ocherklar bilan birgalikda “Choʻqqilarga eltuvchi yoʻllar” va “Vatanda safar qil...” kitoblari muallifi hamdir.

Omon Matjon

2020-yilning 28-oktyabridan 29-oktyabriga oʻtar kechasi Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, oʻzbek adabiyotining yana bir azim chinori quladi. Shoir Omon Matjon 77 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi.

Omon Matjon 1943-yili Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tavallud topgan.

Shoirning “Ochiq derazalar”, “Karvon qoʻngʻirogʻi”, “Quyosh soati”, “Dramatik dostonlar”, “Yonayotgan daraxt”, “Yarador chaqmoq”, “Haqqush qichqirigʻi”, “Seni yaxshi koʻraman”, “Daraxtlar va giyohlar”, “Ming bir yogʻdu”, “Oʻrtamizda birgina olma”, “Odamning soyasi quyoshga tushdi”, “Qush yoʻli”, “Iymon yogʻdusi”, “Diydor aziz”, “Xaloskor ruh” kabi yigirmaga yaqin sheʼriy toʻplami, “Toʻrabekaxonim” nasriy qissasi va “Najmiddin Kubro”, “Ardaxiva” badialari chop qilindi.

Shoirning “Amu”, “Oybek”, “Shuʼlalardan hayratlanish”, “Ona degan soʻz”, “Turnalar”, “Mezon”, “Chorlov”, “Oʻn uchinchi eshik”, “Umrimiz haqida” kabi sheʼrlari zamonaviy oʻzbek sheʼriyatining eng yaxshi namunalaridandir.

Andrey Kubatin

Tarixchi, sharqshunos olim Andrey Kubatin, 29-oktyabr kuni koronavirus asoratlaridan vafot etdi.

Andrey Kubatin 2019-yilning dekabr oyidan buyon Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi milliy arxeologiya markazida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Olim turkiy xalqlar tarixiga oid uchta monografiya va saksondan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. Shuningdek, Oʻzbekiston va turkiylar tarixini oʻrganishda katta hissa qoʻshgan jamoat vakillaridan biri hisoblanadi.

Ubaydulla Uvatov

Taniqli olim, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov shu yilning 3-noyabr kuni vafot etdi.

Olimning xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib qadrlanib, “Mehnat shuhrati” ordeni va “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Joriy yilning 22-fevralida esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Ubaydulla Murodovich Uvatovni “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi Farmoni qabul qilingan edi.

Saydi Umirov

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi, minglab jurnalistlarning qadrli ustozi, publitsist Saydi Umirov 15-noyabr kuni, 82 yoshida vafot etdi.

Saydi Umirov 1938-yil 10-fevralda Samarqand viloyati Payariq tumanida tugʻilgan. U Yozuvchilar, Jurnalistlar ijodiy uyushmalari aʼzosi, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori edi.

Saydi Umirovning nomi respublikamiz ziyolilari orasida yuksak ehtirom bilan tilga olinadi.

Klara Jalilova

2020-yilning 20-noyabr kuni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Klara Jalilova 82 yoshida vafot etdi.

Marhum aktrisa “Maftuningman”, “Kelinlar qoʻzgʻoloni”, "Chinor tagidagi duel”, “Temir xotin”, “Temir erkak”, “Niqob” kabi filmlarda oʻzga xos rollarni ijro etgan. Ayniqsa, “Maftuningman” filmidagi roli oʻzbek xalqining yuragidan chuqur joy olgan.

Toʻlan Nizom

2020-yilning 10-dekabr kuni Oʻzbekiston xalq shoiri Toʻlan Nizom 81 yoshida vafot etdi. Marhum shoir 1939-yilda Andijon viloyatining Boʻz (Boʻston) tumanining Beshgul qishlogʻida tugʻilgan.

1970-yilda shoirning “Sening ertaklaring” nomli ilk sheʼriy toʻplami nashrdan chiqarilgan. Shoirning 1982-yilda “Iftixor”, 1988-yilda “Oy qizlar”, 1993-yilda “Muqaddas ruh va Vatan tuygʻusi” kabi qator toʻplamlari xalqimizga manzur boʻlgan.

“Xalq soʻzi” nashri mazkur materialni oʻtganlar nomini yana bir bor yod etish, ularning yorqin xotirasini esga olish maqsadida tayyorladi. O'tganlarning oxirati obod bo'lsin!

Inobat AHATOVA, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?