Prezident “Mahalliy ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini yangi tizim asosida rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonni imzoladi

19:07 06 Fevral 2026 Siyosat
332 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarilishini kengaytirish, sanoat tarmoqlari va aholi isteʼmoli uchun zarur boʻlgan mahsulotlarni oʻzlashtirish hamda ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirishda bozor mexanizmlarini keng joriy qilish, mahalliy tadbirkorlik subyektlari va yirik korxonalar oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini tizimli kengaytirish, davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar xaridini ragʻbatlantirish hamda qoʻllab-quvvatlashni takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari sohasida yagona boshqaruvni joriy etish orqali yaxlit va muvofiqlashtirilgan davlat siyosati yuritilishini yoʻlga qoʻyish;

(b) mamlakatda yuqori texnologiyali va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratish, oʻzlashtirish tavsiya etiladigan raqobatbardosh mahsulotlarni aniqlash;

(v) tarmoq korxonalari tomonidan butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar ishlab chiqarilishini oʻzlashtirish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining tashqi omillarga bogʻliqligini kamaytirish;

(g) yirik korxonalarning ishlab chiqarish zanjirlariga kichik va oʻrta biznes subyektlarini keng jalb qilish;

(d) mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga mahsulot tannarxini pasaytirish;

(j) mahalliy ishlab chiqarishning global yetkazib berish zanjirlariga integratsiyalashuvini taʼminlash;

(z) ishlab chiqarish quvvatlarini texnologik yangilash va xalqaro sifat standartlarini joriy etishga xizmat qiluvchi innovatsion yechimlarni oʻzlashtirish;

(i) iqtisodiyot tarmoqlarida mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish.

II. Yangi boshqaruv tizimini yaratish

2. Quyidagilar:

(a) Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik);

(b) Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi boshqaruv kengashi (keyingi oʻrinlarda – Kengash) tashkil etilsin.

3. Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat xaridlari sohasidagi vazifalari, funksiyalari va vakolatlari Agentlikka oʻtkazilsin.

4. Quyidagilar:

(a) Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;

(b) Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tuzilmasiga oʻtkaziladigan tashkilotlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

(v) Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi boshqaruv kengashining tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

III. Dasturiy chora-tadbirlar

5. Tarmoqlar ehtiyoji hamda xorijiy tajriba tahlili asosida, oʻrta va uzoq muddatda mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturlarini (keyingi oʻrinlarda – Dasturlar) ishlab chiqib, tasdiqlash amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin. Bunda:

(a) Dasturlar quyidagilar kesimida shakllantiriladi:

(i) drayver sohalar (farmatsevtika, elektrotexnika, elektronika va robototexnika, avtomobilsozlik, qurilish materiallari, gaz va neft kimyosi, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati);

(ii) yuqori investitsiya salohiyatiga ega bazaviy tarmoqlar (energetika, togʻ-kon sanoati, kimyo);

(iii) hududlar;

(iv) Kengash qarori bilan belgilanadigan boshqa sohalar;

(b) Dasturlar tarmoq va hududlar tomonidan shakllantirilib, Agentlik bilan kelishiladi va Kengash tomonidan tasdiqlanadi;

(v) Agentlik Dasturlarni shakllantirish va amalga oshirishni muvofiqlashtiradi hamda tarmoq va hududlarga uslubiy va amaliy jihatdan koʻmaklashadi.

6. Agentlik soha va tarmoqlarga masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda 2026-yil 1-iyuldan boshlab Dasturlarning ishlab chiqilishi va Kengashga kiritib borilishini tashkil etsin.

IV. Yangi instrumentlar

7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-iyuldan boshlab:

(a) Agentlik respublika va mintaqa bozorini tahlil qilib, milliy iqtisodiyotga qoʻshiladigan qiymat zanjirlarini oshirishga xizmat qiluvchi oʻzlashtirish tavsiya etiladigan raqobatbardosh mahsulotlar roʻyxatini sohalar kesimida bosqichma-bosqich shakllantiradi va eʼlon qilib boradi;

(b) oʻzlashtirish tavsiya etiladigan raqobatbardosh mahsulotlar roʻyxatiga kiritilgan mahsulotlarni oʻzlashtirgan tadbirkorlik subyektlari bilan oʻrnatilgan tartibda kafolatli xarid shartnomalari tuziladi hamda ular Dasturlarga kiritiladi;

(v) Agentlik tomonidan masʼul vazirlik va idoralar, tarmoq va hududlar bilan birgalikda davlat ishtirokidagi va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari qoʻllaniladigan yirik va ahamiyatli investitsiya loyihalari boʻyicha milliy iqtisodiyotga qoʻshiladigan qiymatni quyidagi mezonlar asosida kompleks baholash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi:

(i) sanoat kooperatsiyasi va qoʻshilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirishga kiritiladigan hissa;

(ii) yaratiladigan qoʻshilgan qiymat va uning iqtisodiy samarasi;

(iii) mahalliy kadrlarni jalb qilish koʻrsatkichi, ularni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish rejasi;

(iv) koʻrsatilayotgan xizmatlar va infratuzilmaga taʼsir;

(v) texnologiyalar, innovatsiyalar va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish;

(g) yirik va ahamiyatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha hujjatlarda (investitsiya bitimlari, mahsulot taqsimotiga oid bitim, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim va boshqalar) davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari hamda kafolatlar bilan birga mazkur bandning “v” kichik bandida belgilangan mezonlar boʻyicha koʻrsatkichlar nazarda tutiladi;

(d) Agentlik:

(i) mahalliy va xorijiy korxonalarning davlat xaridlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish uchun “yetkazib beruvchilarni rivojlantirish” tamoyili (vendor development) asosida qoʻshilgan qiymat yaratishga qaratilgan sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishni tashkil etadi;

(ii) xorijiy huquq egalari bilan hamkorlik oʻrnatib, ularning ishlab chiqarish texnologiyalari transferi, brend, tovar belgilari va xizmat koʻrsatish belgilarini mahalliy tadbirkorlik subyektlariga berishga koʻmaklashadi;

(iii) yangi mahsulotni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan tadbirkorlik subyektlariga muvofiqlikni baholashdan oʻtkazish, litsenziyalash, ruxsat berish, xabardor qilish, sanitariya va boshqa tartib-taomillardan oʻtishga koʻmaklashadi;

(j) Agentlik va uning hududlardagi loyiha ofislari belgilangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari – Qoraqalpogʻiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining oʻrinbosarlari – viloyatlar va Toshkent shahar investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmalari boshliqlari bilan hamkorlikda ishlarni amalga oshiradi;

(z) Agentlik direktori Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha idoralararo komissiya hamda Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasining doimiy aʼzosi hisoblanadi;

(i) Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini shakllantirishda mahsulotlarni ishlab chiqarishda yaratilgan qoʻshilgan qiymat ulushi qoʻshimcha ball beruvchi koʻrsatkichlarga kiritiladi;

(k) Dasturlarga kiritilgan loyihalar doirasida ishlab chiqarish texnologik jarayonida foydalaniladigan, respublikada oʻxshashi ishlab chiqarilmaydigan, tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha import qilinadigan xomashyo va butlovchi buyumlar 3-yil muddatga bojxona bojidan ozod etiladi.

V. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish

8. Yirik korxonalarning ishlab chiqarish zanjirlariga kichik va oʻrta biznes subyektlarini jalb qilish va mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish loyihalarini moliyalashtirish maqsadida Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etilsin.

9. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-iyuldan boshlab Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan:

(a) Dasturlar doirasida:

(i) tadbirkorlik subyektlarining loyihalarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari orqali xorijiy valyutada yillik 6 foiz (jumladan, bank marjasi – 2 foiz), milliy valyutada yillik 12 foiz (jumladan, bank marjasi – 2 foiz) stavkada 10-yil muddatgacha, shu jumladan, 2-yillik imtiyozli davr bilan bitta loyiha uchun 10 million AQSH dollarigacha kredit mablagʻlari ajratiladi;

(ii) yangi turdagi yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish va mavjud quvvatlarni kengaytirishga qaratilgan loyihalar hamda aylanma mablagʻlarni toʻldirishga tijorat banklari orqali xorijiy valyutada yillik 6 foiz (jumladan, bank marjasi – 2 foiz), milliy valyutada yillik 12 foiz (jumladan, bank marjasi – 2 foiz) stavkada 1-yilgacha muddatga bitta loyiha uchun 2 million AQSH dollarigacha kredit mablagʻlari ajratiladi;

(b) tadbirkorlik subyektlarining xorijiy huquq egalaridan ishlab chiqarish texnologiyalari transferi, brend, tovar belgilari va xizmat koʻrsatish belgilaridan foydalanish huquqini olish bilan bogʻliq xarajatlarining 30 foizigacha, biroq 1 million AQSH dollaridan koʻp boʻlmagan miqdorda subsidiyalar ajratiladi;

(v) sanoat startaplari – yangi turdagi yuqori texnologik mahsulotlarni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizigacha, biroq 10 milliard soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihalarga tanlov asosida subsidiyalar ajratiladi.

10. Mazkur Farmonning 9-bandida nazarda tutilgan instrumentlarni moliyalashtirish uchun Jamgʻarmaga 2026-yilda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 50 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi mablagʻlar yoʻnaltirilsin.

VI. Davlat xaridlarining samaradorligini oshirish

11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2027-yil 1-yanvardan boshlab:

(a) kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlarining davlat xaridlaridagi ishtirokini kengaytirish maqsadida davlat xaridlarida xarid predmetini texnologik zanjirlar, funksional bosqichlar va ish turlari kesimida alohida lotlarga boʻlish amaliyoti joriy etiladi. Bunda:

(i) xarid predmetini bitta lotga birlashtirish faqat iqtisodiy samaradorlik, texnologik uzviylik yoki ekspluatatsiya xavfsizligi bilan bogʻliq asoslar mavjud boʻlgandagina yoʻl qoʻyiladi;

(ii) mazkur tartib mahalliy va xorijiy ishtirokchilarga teng va ochiq shartlarda qoʻllaniladi;

(b) obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiya qilish boʻyicha davlat xaridlari hamda qiymati 1 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan boshqa davlat xaridlari, shuningdek, ekspluatatsiya muddati 3-yildan ortiq boʻlgan xarid predmeti boʻyicha takliflarni baholash umumiy egalik qilish qiymati (TCO) usulini qoʻllagan holda amalga oshiriladi;

(v) korporativ xaridlar doirasida:

(i) xaridlar sohasidagi mutaxassis sifatida faoliyat yuritishga faqat “professional xaridor” sertifikati mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi;

(ii) korporativ buyurtmachilarning xarid komissiyalari tarkibida kamida bir nafar “professional xaridor” sertifikatiga ega mutaxassis boʻlishi shart;

(iii) xaridlar sohasidagi mutaxassislarni oʻqitish va sertifikatlashtirish xalqaro sertifikatlashtirish tashkilotlarining (CIPS, IFPSM, ITC MLS-SCM, WorldCC va boshqalar) akkreditatsiyasidan oʻtgan oʻquv dasturlari asosida amalga oshiriladi;

(iv) sertifikatlangan mutaxassislarning yagona elektron reyestri Agentlik tomonidan shakllantiriladi va u davlat xaridlari maxsus axborot portali bilan integratsiya qilinadi;

(g) korporativ buyurtmachilarda “professional xaridor” sertifikatiga ega mutaxassislar mavjud boʻlmagan taqdirda, 2028-yil 1-yanvardan boshlab ular davlat xaridlarida ishtirok etishi taqiqlanadi;

(d) Kengash “professional xaridor” sertifikatiga ega mutaxassislar mavjud boʻlishi talabini byudjet buyurtmachilariga tatbiq etish muddati va ularning roʻyxatini hamda ushbu talab tatbiq etiladigan korporativ buyurtmachilar toifalarini belgilaydi.

12. Belgilansinki:

(a) 2026-yil 1-iyuldan boshlab vositachi-broker va (yoki) dilerlarga ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma tuzish orqali ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni davlat xaridlarida sotish huquqi beriladi;

(b) 2026-yil 1-apreldan boshlab byudjet buyurtmachilarining davlat xaridlari doirasida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan taklif etilgan eng past import tovarlarining narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:

(i) uchta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda oʻn besh foiz;

(ii) ikkita mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda oʻn ikki foiz;

(iii) bitta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda sakkiz foiz miqdorida;

(v) 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab, byudjet buyurtmachilarining davlat xaridlari doirasida mahalliy xizmat (ish)larga nisbatan taklif etilgan eng past import xizmat (ish)lar narxidan 15 foiz miqdorida preferensiya qoʻllaniladi.

13. 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab davlat xaridlari maxsus axborot portalida xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisining faoliyatini idoralararo axborot almashinuvi orqali avtomatik tarzda baholash imkonini beruvchi elektron-skoring tizimi ishga tushirilsin. Bunda elektron-skoring tizimi vositasida:

(a) ishtirokchilarning davlat xaridlaridagi “yuqori”, “oʻrta”, “past” va “eng past” ishonchlilik darajalari beriladi;

(b) quyidagi ragʻbatlantirish choralari koʻriladi:

(i) “yuqori” ishonchlilik darajasiga ega ishtirokchilar uchun zakalat toʻlash talab etilmaydi;

(ii) eng yaxshi takliflarni tanlash va tender savdolarida ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan takliflarga ishonchlilik darajasiga mutanosib ravishda qoʻshimcha ball beriladi;

(iii) davlat xaridlarida yangi roʻyxatdan oʻtgan ishtirokchilarga umumiy shartlarda davlat xaridlarida ishtirok etish imkoniyati beriladi;

(iv) davlat xaridlari sohasida “eng faol tadbirkor” tanlovida davlat xaridlaridagi ishonchlilik darajasi “yuqori” boʻlgan davlat xaridlari ishtirokchilarining nomzodlari qoʻllab-quvvatlanadi;

(v) davlat xaridlaridagi ishonchlilik darajasi “past” va “eng past” boʻlgan ishtirokchilarning:

(i) xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishiga ruxsat etiladigan davlat xaridlarining yuqori qiymatiga nisbatan meʼyorlar belgilanadi;

(ii) bepul onlayn oʻquv kurslari orqali malakasini oshirish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

VII. Kadrlar siyosati

14. Agentlik Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Boshqaruv samaradorligi agentligi va “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan birgalikda yirik va ahamiyatli investitsiya loyihalari doirasida mahalliy mutaxassislarni jalb qilish rejasi, korxonalarning talabi va buyurtmanomalariga asosan:

(a) mahalliy va xorijiy taʼlim tashkilotlarida mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash;

(b) texnologiyali uskuna va jihozlar ishlab chiqarish zavodlarida mutaxassislarning malakasini oshirishni tizimli ravishda yoʻlga qoʻysin.

15. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yangi raqobatbardosh mahsulotlarni oʻzlashtirishda bevosita qatnashganligi uchun vazirlik, xoʻjalik birlashmalari va tashkilotlarning boshqaruv, muhandis-texnik va boshqa xodimlarini yillik bir marta toʻlanadigan mukofotlar tarzida moddiy ragʻbatlantirish tizimi joriy etilsin. Bunda:

(a) ishlab chiqarishi oʻzlashtirilgan mahsulot turlarini xarid qilishga yoʻnaltirilgan yillik mablagʻlar summasi (oxirgi amalga oshirilgan shartnomaga muvofiq) va mos hajmdagi oʻzlashtirilgan mahsulot turlarining xarid summasi oʻrtasidagi ijobiy farqning (iqtisod qilingan mablagʻ) 20 foizi bir marta toʻlanadigan mukofotlarni toʻlash manbai hisoblanadi;

(b) koʻrsatilgan ijobiy farqning toʻrtdan bir qismi korxona rahbariga toʻlab beriladi, toʻrtdan uch qismini xodimlar oʻrtasida taqsimlash korxona rahbari tomonidan mustaqil ravishda, har bir xodimning loyihani amalga oshirishdagi shaxsiy hissasini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.

VIII. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

17. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktori belgilansin.

18. Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.A. Xakimov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?