AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi

06:03 31 Yanvar 2026 Dunyo
1768 0

AQSH Adliya vazirligi voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlikda ayblangan moliyachi Jeffri Epshteyn ishi boʻyicha tergovga oid yangi hujjatlar toʻplamini ommaga taqdim etdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Adliya vaziri oʻrinbosari Todd Blanshning maʼlum qilishicha, jami 3 milliondan ortiq fayl eʼlon qilingan. Ular orasida 2 mingdan ziyod video va 180 mingta tasvir mavjud. Ayrim materiallar qisman yopiq holda qoldirilgan.

Hujjatlarda Epshteyn qurbonlarining shaxsiy maʼlumotlari, shuningdek, oshkora foto va videolar tahrirlangan. Biroq ayrim fayllarda qurbonlarning tahrirlanmagan ismlari ham uchrab qolgan.

Blansh taʼkidlashicha, hujjatlarni eʼlon qilish oldidan Oq uy Adliya vazirligi faoliyatiga hech qanday tarzda aralashmagan.

Materiallarda AQSH prezidenti Donald Trump nomi ham uchraydi. Ijtimoiy tarmoqlarda 2025-yil avgust oyiga oid FQB hujjati keng tarqaldi. Unda Amerika yetakchisiga aloqador jinsiy zoʻravonlikka doir ayblovlar roʻyxati keltirilgan. CNN qayd etishicha, mazkur ayblovlarning aksariyati tasdiqlanmagan maʼlumotlarga asoslangan.

Fayllarning bir qismi FQB tomonidan oʻtkazilgan guvohlar soʻroqlariga tegishli. 2021-yildagi soʻroqlardan birida jabrlanuvchi voyaga yetmagan paytida jinsiy zoʻravonlikka uchraganini, bunga sabab u avval axloq meʼyorlariga zid munosabatga duch kelganini Epshteynga aytganini maʼlum qilgan. 2020-yil iyun oyida oʻtkazilgan boshqa bir soʻroqda esa guvoh Trampning sobiq maslahatchisi Stiv Bannonning Epshteyn bilan munosabatlari haqida soʻzlab bergan.

Hujjatlarda ayrim amerikalik siyosatchilar va biznesmenlar haqida ham maʼlumotlar uchraydi. The Telegraph maʼlumotlariga koʻra, ayrim fayllar ichida Epshteyn 2013-yilda oʻziga oʻzi yozgan xatlar ham mavjud. Ularda Microsoft asoschisi Bill Geyts goʻyo “rus qizlari” bilan muloqotdan soʻng jinsiy yoʻl bilan yuqadigan infeksiyaga chalingani haqida iddaolar keltirilgan.

Biroz vaqt oʻtib, Bill Geyts Epshteyn ishiga oid yangi fayllardagi maʼlumotlarni rad etdi. Uning vakili shunday dedi:

“Bu hujjatlar faqat Epshteynning Geyts bilan doimiy [doʻstona] munosabatlar oʻrnata olmaganidan noroziligini va uni tuzoqqa ilintirib, obroʻsini tushirish uchun nimaga tayyor boʻlganinigina koʻrsatadi”.

Yana bir faylda Tesla va SpaceX rahbari Ilon Maskning 2013-yilda Epshteynga yoʻllagan xati keltirilgan. Unda Mask: “Qachon sizning orolingizga boramiz?” — deb soʻragan. Ilgari u Epshteynga tegishli ikki oroldan biriga taklifni rad etganini aytgan edi.

Associated Press yozishicha, ayrim hujjatlar Epshteynning hibsga olinishi va uning oʻz joniga qasd qilishiga oid maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.

Fayllarning bir qismida FQBning axborot manbalari bilan muloqotlari haqidagi hisobotlar mavjud boʻlib, ularda okkultizm va inson qurbonliklari bilan bogʻliq hikoyalar ham keltirilgan.

Epshteyn 2019-yil iyul oyida hibsga olingan. Prokuratura maʼlum qilishicha, u 2002–2005-yillar oraligʻida Manhettendagi uyiga oʻnlab voyaga yetmagan qizlarni keltirgan. Epshteynning tanish-bilishlari orasida nafaqat AQSH, balki boshqa koʻplab davlatlarning amaldagi va sobiq mansabdor shaxslari, sobiq davlat rahbarlari, yirik tadbirkorlar va shou-biznes yulduzlari ham boʻlgan. Moliyachiga nisbatan jinoiy taʼqib 2019-yil 10-avgust kuni uning qamoqxona kamerasida oʻz joniga qasd qilishi bilan yakunlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер