Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
Oʻtgan mavsum Oʻzbekiston Superligasi bir qator yosh futbolchilarning kashf etilishi bilan yodda qoldi. Ular nafaqat oʻz jamoalarida muhim figuraga aylandi, balki muxlislar va mutaxassislarning ham eʼtiborini oʻziga torta oldi. Endi esa yangi mavsum arafasida ushbu iqtidor egalari oldida yanada katta sinov turibdi. Bugun Superliga start oladi. Shu munosabat bilan oʻtgan mavsum ligada porlagan va bu mavsumda ham oʻz klubiga ulkan umidlar baxsh etayotgan yosh futbolchilarga toʻxtalib oʻtmoqchimiz.
Behruzjon Karimov
“Surxon” jamoasining 2007-yilda tugʻilgan futbolchisi Behruzjon Karimov oʻtgan yilgi mavsum ajoyib oʻyinlari bilan koʻpchilikning yodida qoldi. Pozitsiyasi boʻyicha himoyachi hisoblanuvchi Karimov hujum guruhini ham faol ravishda qoʻllab-quvvatladi.
U oʻtgan yilgi mavsum davomida jamoasining 14 ta oʻyinida ishtirok etdi. 11 ta bahsni asosiy tarkibda boshladi va himoyachi boʻlishiga qaramay 4 ta gol kiritdi.
Shuningdek, futbolchining oʻyini Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi — Fabio Kannavaroning ham nazaridan chetda qolmadi. Terma jamoaning qishda tashkil etilgan yigʻiniga Behruzjon Karimov birinchi marta jalb etildi. Ushbu yigʻin doirasida Xitoy termasiga qarshi oʻtgan nazorat oʻyinida futbolchi milliy jamoadagi debyut golini kiritishni ham uddaladi.
Amir Toʻraqulov
“Bunyodkor” jamoasining 21 yoshli hujumchisi Amir Toʻraqulov oʻtgan mavsum jamoadagi oʻrnini yanada mustahkamlab oldi. Futbolchi mavsum davomida “qaldirgʻochlar”ning 25 ta oʻyinida maydonga tushirildi. Amir ushbu oʻyinlarning 16 tasini asosiy tarkibda boshladi. Hujumchi mavsum davomida 3 ta gol kiritdi va bitta golli uzatma amalga oshirdi.
Futbolchining “Nasaf” va “Qoʻqon-1912” jamoalari darvozasiga kiritgan gollari jamoasiga durang natijani keltirdi. 19-turda “Buxoro” darvozasiga kiritgan goli esa uchrashuv taqdirini hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻldi.
Sardor Bahromov
Oʻtgan yilgi mavsum oʻrtasida “Nasaf” jamoasi jiddiy yoʻqotishga uchradi. Jamoaning yetakchi futbolchisi Akmal Mozgovoy klubni tark etdi. Shundan soʻng, Roʻziqul Berdiyev ushbu tayanch yarimhimoya chizigʻida 20 yoshli Sardor Bahromovni oʻynatishni boshladi.
Taʼkidlash kerakki, Sardor uchun dastlabki mavsum juda omadli boʻldi. Futbolchi jamoada muqim oʻrin egallash bilan bir qatorda Osiyo Elit chempionlar ligasida “Al Hilol” va “Al Vahda” klublari darvozasiga ajoyib gollarni ham kiritdi.
Bahromovning yuqori saviyadagi oʻyini Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroning eʼtiboriga ham tushdi va italiyalik mutaxassis futbolchini milliy jamoaning 2 ta yigʻiniga jalb etdi.
Firdavs Abdurahmonov
“Dinamo” jamoasi uchun 2025-yilgi mavsum kutilganidan ham yaxshiroq oʻtdi. Bunda jamoadagi tajribali futbolchilar bilan bir qatorda yosh iqtidorlarning ham hissasi katta boʻldi. Mana shunday yosh futbolchilardan biri Firdavs Abdurahmonov edi.
2005-yilda tugʻilgan Firdavs oʻtgan mavsum jamoasining 23 ta oʻyinida ishtirok etdi. Ushbu oʻyinlarda futbolchi 6 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma amalga oshirdi. Uning “Andijon” va “Xorazm” klublari darvozasiga kiritgan gollari oʻyin taqdirini hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻldi.
Yakunda Firdavs Abdurahmonov ham Oʻzbekiston milliy terma jamoasining yanvar–fevral oylarida tashkil etilgan yigʻiniga jalb etildi.
Laziz Mirzayev
2023-yil oʻsmirlar oʻrtasidagi Jahon chempionatida oʻzini butun dunyoga namoyon qila olgan Lazizbek Mirzayev 2026-yilgi mavsumni Superliga klubida oʻtkazadi.
Lazizbek oʻtgan mavsum Ispaniyaning “Leganes” yoshlar jamoasida toʻp surgan va yil boshida “Gʻazalkent” klubi tomonidan transfer qilingan edi. Shundan soʻng, Toshkent viloyati jamoasi uni “Lokomotiv” klubiga ijaraga berdi va Mirzayev yana oʻzining jonajon jamoasiga qaytdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring