Velosipeddagi nuroniy

13:27 12 Dekabr 2024 Jamiyat
306 0

Hayotda shunday insonlar borki, yoshi ulugʻ boʻlsa-da, odamlarning dardi-yu quvonchiga sherik boʻlib, doimo ular bilan yonma-yon yuradi.

Azim ota Hakimov ham ana shunday oqkoʻngil, elsevar kishilar sirasidan. Hozirda u Oqoltin tumanidagi “Obod” mahalla fuqarolar yigʻinining keksalar va faxriylar kengashi raisi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Mahalladoshlarining aytishicha, Azim ota kuniga kamida 20 kilometr masofani velosipedda bosib, oilalar holidan galma-gal xabar oladi. Bu mahallada oz emas, 860 ta xonadon bor. Qolaversa, notinch oilalar, bemorlar, qariyalar, qoʻyingki, barcha mahalladoshlari hayoti uning nazaridan chetda qolmaydi. Hammani yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga undaydi. Shu maʼnoda Azim otaga “Mahallangizda kambagʻal oilalar soni nechta?”, deb soʻragandik, u kishi faxr bilan “Mahallamizda kambagʻalning oʻzi yoʻq. Keyingi yillarda bu borada davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlar va oʻzlarining astoydil intilishlari, halol mehnatlari tufayli mahallamizdagi sanoqli ehtiyojmand oilalar ham yashash sharoitini yaxshilab oldi” dedi.

Azim otaning asli kasbi traktorchilik. U kishi texnikumni bitirgandan soʻng 1977-yilda Andijondan Mirzachoʻlni oʻzlashtirishda ishtirok etishga keldi va bu yerdagi samarali mehnati, gʻayrat-shijoati tufayli el-yurt hurmat-eʼtiboriga sazovor boʻldi. Oʻshanda Azim ota “Oltoy” traktorida bir kunda 15 gektar yer haydasa, paxta terish mashinasida bir mavsumda 100 tonnagacha paxta tergan faollar safida edi. Hozir ham mahalla-koʻy ishlaridan ortgan vaqtlarida tinib-tinchigani yoʻq. Otaxon 13 sotix tashlandiq yerga 400 tup terak ekkan. Undan tashqari, mahalla binosidan 2 ta xona ajratib, biriga mahalla hayoti va faollari aks etgan bannerlar, birini esa divan, kreslolar bilan jihozlab, keksalarning maslahat-muloqotlar qilishi hamda mahallaga turli yumushlar bilan kelgan nuroniylarning dam olishi uchun qulayliklar hozirlab qoʻygan. Eng eʼtiborlisi, bu yerda “Kitob burchagi” ham tashkil etilgan.

Azim otaning yuzida doimo tabassum. Velosipedini gʻizillatgancha hali u koʻchaga, hali bu koʻchaga boradi. Ota oʻzining ana shunday gʻayrat-shijoati bilan bugun barchaga oʻrnak.

Ha, koʻp yillar traktorchilik qilgan, Mirzachoʻlni obod vohaga aylantirishda fidoyilik bilan mehnat qilgan Azim otaning maʼrifatparvarligi, tashabbuskorligini koʻrib, hayotda odamlar faqat ilm oʻrganish bilan emas, oddiy kasb egasi boʻlib ham komil insonlik sharafiga yetadilar, degan fikr xayolimizdan oʻtdi.

Azim ota turmush oʻrtogʻi Maʼmuraxon aya bilan birga toʻrt nafar farzandini el koriga yaraydigan etib tarbiyaladi. Hozirda pir-u badavlat bobo va buvining 15 nafar nabirasi bor.

Roʻzgʻorini toʻkis qilgan ota koʻp vaqtini mahallaga sarflaydi. Faollik borasida Maʼmura aya ham turmush oʻrtogʻidan qolishmaydi. U kishi “Buvijonlar maktabi”ning aʼzosi. Yosh oilalarga, turmush boʻsagʻasida turgan qizlarga maslahatlarini ayamaydi. Azim ota ham yoshlar bilan koʻp muloqotda boʻladi. Otaxondan “Yoshlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatishda nimalarga eʼtibor berasiz?”, deb soʻradim. Azim ota bu savolimga “Yoshlar loy, biz esa kulolmiz. Kulol loyni qanday shakllantirsa, undan yasalgan idish ham shunday boʻladi. Yaʼni toʻgʻri yo qiyshiq. Shu bois biz ham yoshlarni tarbiyalashda kuloldek ziyrak va mohir boʻlishimiz kerakki, toki yigit-qizlarimizning zehni-yu dunyoqarashi toʻgʻri shakllansin, ularning har biri har jihatdan barkamol boʻlib voyaga yetsin”, deya faylasufona, chuqur mantiqli soʻzlari bilan javob berdi.

Azim otaning samarali mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib eʼtirof etilib, u 2023-yilda “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, unga “Nuroniy” jamgʻarmasi tomonidan “Bogʻishamol”, “Navbahor” dam olish sihatgohlariga bir necha bor yoʻllanmalar berildi.

— Biz, keksalar dehqonchilik, bogʻdorchilik, tadbirkorlik ishlarida ham mahallamiz ahliga oʻz maslahatlarimizni berib boryapmiz, — deydi Azim ota Hakimov. —Aytishadi-ku, “Qari bilganni, pari bilmas” deb. Haqiqatan ham biz, nuroniylarning tajribamiz koʻp va ular yoshlarga albatta dasturilamal boʻladi. Yaqinginada 7 nafar yoshni ish bilan taʼminlanishiga koʻmak berib, 3 oilani ajralishdan asrab qoldik. Oʻtgan noyabr oyining oʻzida 10 nafar mahallamiz fuqarolari Umra safariga borib keldi. Mahallamizda kunda-kunora toʻy-u tomosha! Bularning barchasi hayotimizning kundan-kunga yaxshilanib borayotganidan dalolat, albatta.

Xurshida NISHONOVA,

jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер