“Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir”

Foto: Arxiv surat
Behbudiy millatning vijdoni. Vatan, el ozodligi uchun kurashgan. Buyuk muallim sifatida birinchi jadid maktabini ochgan. Birinchi milliy roʻznomani chop etgan. Teatr ibodatxonadir, degan daʼvat bilan birinchi sahna asari “Padarkush”ni sahnalashtirgan. U hayot boʻlganida hozir 150 yoshga kirgan boʻlardi. Mahmudxoʻja siymosida millat uchun qaygʻurgan va qamalgan, mudhish qiynoqlarga solinib dahshatli oʻlimga mahkum etilgan maʼrifatparvar jadidlarimizning jonli timsolini koʻramiz. Behbudiyning ezgu ishlari uchun qatl qilgan boʻlsalar-da, ammo buyuk maqsadlarini oʻldira olmadi.
Ozodlik, Hurriyat... Bugun matbuotda, oyinai jahonda, odamlar ogʻzida jaranglab turgan bilan nondek tansiq bu soʻzlar Behbudiyning tahqirlangan qalbiga, butun oilasi boshiga qancha musibatlarni solgan.
— Mahmudxoʻja Behbudiy alangali ijtimoiy chiqishlari bilan xalqni gʻaflat uyqusidan uygʻotishga intilgan. Millatni ozod koʻrishni istagan. Na ulamolarning tanqidi va malomatlari, na mustabid tuzumning taʼqib-u qarshiliklari shu muqaddas maqsadidan bir daqiqa ham qaytara olmagan, — deydi biz bilan suhbatda Samarqanddagi bobomizning muhtasham uy-muzeyining chirogʻini yoqib turgan evarasi Shohruh Behbudiy. — Bu yoʻlda qancha zahar-zaqqum yutsa-da, Vatani, xalqi, millati, tili, tarixi va qadri uchun kurashgan. Bobomiz 44-yil umr koʻrgan boʻlsa-da, 25 yoshidayoq millat ishiga yeng shimarib toʻrt qoʻllab kirishgan.
— Behbudiy yashagan davr unchalik uzoq boʻlmasa-da, zamondoshlarining xotiralari kam. Mahmudxoʻja Behbudiy qanday inson boʻlgan? Biz bilmagan haqiqatlari haqida gapirib bersangiz.
— Bobomizning fojiali halokatidan ikki oy oʻtib eng katta nabirasi — toʻngʻich farzandi Maʼsudxondan mening otam tugʻilgan. Behbudiyning barcha mol-mulki musodara etilgan. U kishi haqida koʻcha-kuyda gapirilmagan. Hoji Muinning yozishicha, Behbudxoʻjaning asl ismi Sultonxoʻja boʻlib, “Behbudxoʻja” uning taxallusi boʻlgan. Bora-bora bu taxallus uning nomiga aylangan. Hoji Muin tugʻilgan sanasini “1874” deb koʻrsatib, kindik qoni toʻkilgan joyni Baxshitepa desa, Behbudiyning qizi Parvinxonim otasini 1873-yilda Samarqand shahri yaqinidagi Yomini qishlogʻida tugʻilganini aytadi. Akademik Naim Karimov bu sanani “1875-yil 19-yanvar” deb koʻrsatadi. Bobomiz qancha maqolalar, asarlar bitib, gazetalar chiqargan boʻlsa-da, biror joyda tarjimayi holini oʻzi qoʻli bilan yozib qoldirmagan. Soʻnggi marta safarga chiqib ketganida ham yana uyga qaytaman, deb oʻylagan. Biz Behbudiy haqidagi boshqa haqiqatlarni ham zamondoshlari, shogirdlari va safdoshlarining xotiralaridan bilganmiz. Bu haqida Sadriddin Ayniy yozadi: “Behbudiy hazratlari koʻrinishda gʻoyat mahobatli edi... Oʻz moli haqida boʻlsin, xalq moli haqida boʻlsin, iqtisodga koʻp rioya qilar va ijtimoiy ahvolimizning tuzilishi uchun iqtisodga rioya qilishni birinchi shartlardan (deb) bilar edi. Shuning uchun toʻy va azalargʻa boʻlaturgʻon isroflarni oʻzi butun tark qilgʻon va soʻzigʻa quloq solaturgʻonlarni ham tark qildirgʻon edi”.
Ilk marta 1983-yilda bobomiz haqida filologiya fanlari doktori, professor Nadimxon Behbudiyning maqolasi chiqqanda hayratga tushganmiz. Unda Ayniy taʼriflagandek, bobomiz juda salobatli, tik qarab gapirishga odam hayiqadigan kishi boʻlgani tasvirlanadi.
— Mahmudxoʻja Behbudiyning hamma niyat va maqsadlari hozir ham dolzarb. Bugun jadid maktablari, dorilfununlarga asos solgan Behbudiy izdoshlari koʻpayib bormoqda. Xorijiy tillarni bilish nuqtayi nazaridan ham yoshlarimiz ancha faol. Agar bobomiz hayot boʻlganida maorif tizimini yanada isloh etish yoʻlida nimalar qilgan boʻlardi?
— Bobomiz millatning taraqqiyoti uchun xorijiy tillarni bilish muhimligini qayd etib, “Ikki emas, toʻrt til lozim” deya turkiy, fors-tojik, arab, rus va hatto, ingliz yoki fransuz tillarini bilish shart deb hisoblagan. Oʻzlari ham toʻrt tilda bemalol soʻzlashgan. Bobomiz har kim oʻzi xohlagan narsasi bilan bemalol shugʻullanishi, insonning kuchi kiyimida emas, uning mohiyatida degan. Yevropacha koʻylak kiyib ham chinakam musulmon boʻlib qolish mumkin. Zotan kiyim uni kiygan kishi eʼtiqodining mohiyatini oʻzgartira olmasligini aytgan. Bobomiz yana bir maqolasida “Boshqa millatlargʻa qaralsa koʻrilurki, muntazam maktablari bor va avval maktabda diniy ilm ustida dunyoviy ilm va fanlar ham oʻqilur. Chunki dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir. Zamona ilm va fanidan bebahra millat boshqa millatlargʻa poymol boʻlur” degan. Ilmsizlik oqibati tasvirlangan “Padarkush” dramasida ham ziyolilar tilidan: “Bolalarni oʻz millatimiz tilini bildurgandan soʻngra hukumatimizning nizomiy maktablarinda bermoq kerakdur, yaʼni gimnaziya va shahar maktablarini oʻqub tamom qilganlaridan soʻng Peterburg, Maskav dorilfununlariga yuborib doʻqturlik, zakunchilik, injirnerlik, sudyalik, ilmi tijorat, ilmi ziroat, ilmi iqtisod, ilmi hikmat, muallimlik va boshqa ilmlarni oʻqutmoq lozimdir... Shul tariqa oʻqigan musulmon bolalarni Farangiston, Amrika va Istambul dorilfununlarigʻa tajriba uchun yibormaq kerakdur”, deb yozadi.
Oʻlimidan bir yil oldin turkiy tillar ichida oʻziga xos nufuzga ega boʻlgan oʻzbek tili davlat tili sifatida tan olinishi taklifi bilan chiqqan boʻlsa, oʻlimidan keyin topilgan vasiyatnomasida ham: “Sizlarga vasiyat qilaman: maorif yoʻlida ishlay turgʻon muallimlarning boshini silangizlar! Maorifga yordam etingiz! Oʻrtadan nifoqni koʻtaringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qoʻymangizlar! Hammaga ozodlik yoʻlini koʻrsatingizlar! Ozodlikni tezlik ila yuzaga chiqaringizlar! Mumkin qadar koʻproq yangi maktablar ochish, shuningdek maorif va xalq saodatini taʼminlash sohasida tinmay ishlash bizga eng yaxshi haykal boʻladi”, deya murojaat qilgan. Behbudiy orzu qilgan dorilomon kunlar keldi. Bobomiz istagandek evara, chevaralari ham ikki tilda emas, toʻrt tilda bemalol soʻzlashadi. Hammasi oliy dargohlarda tahsil olmoqda. Ular orasida muallimlar, texniklar, tarjimonlar, shifokorlar, iqtisodchilar, olimlar bor.
— “Behbudiya” kutubxonasi oʻz davrida juda mashhur boʻlgan. Kitob va gazeta-jurnallar oʻqish uchun qiroatxonaga tashrif buyurgan har bir kishiga Behbudiy koʻrsatmasi bilan qaynoq qandli choy berilgan. Necha chaqirim yoʻl bosib kelishga arziydigan kutubxonadagi kitoblar qayerdan olib kelingan?
— “Behbudiya” kutubxonasini tashkil etishda bobomizga domla Siddiqiy va Shakuriylar yordam bergan. Behbudiy kutubxonaning tashkilotchisigina emas, balki undan oʻrin olgan aksar kitob va risolalarning egasi ham boʻlgan. Sayohati davomida Kavkaz, Qrim, Turkiya, Gretsiya, Bolgariya, Avstriya va Germaniyaning turli shaharlarida juda koʻp kitob olib kelib, arzon narxda sotgan. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon, Qoʻqon va Namangan shaharlarida kitob doʻkonlarini ochgan. Samarqanddagi kitob doʻkoni oʻz hovlisida joylashgan. Behbudiy qand har qanday aqliy, ilmiy mehnat chogʻida miyaga hamda xotiraga quvvat boʻladi, deb har bir kitobxonga qaynoq qandli choy berishni yoʻlga qoʻygan. Kutubxona xodimlari kuniga 14 soatlab ishlagan. Bilim va maʼrifatga intiluvchi odamlarga hurmat va eʼtibor bilan qaralgan.
Vadud Mahmud Shakuriy muallimga bagʻishlagan maqolasida: “Behbudiy boy kutubxonaning egasi edi. 1000 jildlik kitob fondiga ega boʻlgan. Bu mutolaaxona barcha uchun doimo ochiq edi. Oʻsha vaqtlarda bu kitoblarning har biri oltin bahosida hisoblanardi. Behbudiy bu joyning binosi va boshqa xarajatlarini oʻz choʻntagidan toʻlar edi”, deb yozadi. Afsuski, “Behbudiya” kutubxonasining 1917-yildan keyingi taqdiri xususida matbuotda biror maqola yoki xotira eʼlon qilinmagan.
— Mahmudxoʻja Behbudiyning har bir maqolasi johil ulamolar, qozi, mufti va mudarrislarni junbishga keltirgan. Bobomiz aslida nimani istagan?
— Behbudiy zamonaviy maktablar millatning istiqboliga katta ahamiyat kasb etishiga qattiq ishongan. Oʻz hovlisini maktab uchun berib qoʻygan, bundan bir tiyin manfaat koʻrmagan, murodi millatga xizmat qilish boʻlgan. Ulamolar, qozi va mudarrislar buni oʻzlariga ortiqcha daxmaza bilib, eski madrasalardan voz kechgisi kelmagan. Ularni na millat, na Vatan manfaati qiziqtirmagan, faqat choʻntaklarini qappaytirishni oʻylagan. Bobomiz 1913-yildagi “Ehtiyoji millat” maqolasida: “Boshqa millatlarni boylari faqira va yetimlar uchun maktab va dorilfununlar soladurlar, faqir va yetimlarni oʻqumogʻi uchun vaqf “istipendiya”lar taʼyin qilur. Boshqa millat miliunerlari maktabi ila istipendiyasi-la, idora qilaturgon gazet va majallasi-la, bino qilgan dorulojizin (ayollar universiteti), barpo qilgan jamʼiyati xayriyasi-la faxr qiladur. Biznikilar juft oti-la, arobasi-la, toʻyi ila va… la faxr etar. Hatto, oʻz oʻgʻillarini oʻqutmaydurgon boylar bordur”, deya ularni haq yoʻlga solishga urinadi. Taassufki, buni oʻqigan johil boylar Behbudiyni aslo kechirmagan. Buning ustiga “Boshqa millatning bolalari maktabda, lekin bizniki hammollikda. Boshqa millat ulamosiga tobe, bizning ulamo bilʼaks avomga tobedir. Buning oxiri xarobdir. Yigirma, oʻttiz sana (yil) yana yomonroq boʻlur. Musulmonlik ilm va adab ila qoim, millat axloq, fazl va hunar ila boqiy qolur” degan gaplari bobomizga qarshi hujum boshlashga dastak boʻlgan. Behbudiy maktab ishiga ziyon yetishidan hayiqib, haq boʻlsa ham oʻzini haqligini isbotlashga urinmagan. Maʼnan va jismonan ozor berishganda ham: “oʻzumgʻa har nima desalar desunlar, ammo imonimgʻa va maktabimgʻa ilm va xabarsiz biror nimarsa nisbat bermasunlar, deb rajo etarman”, deya yozgʻirgan. Behbudiy chiqargan gazetalarning adadi kamayib borgan, faoliyati toʻxtagan. Mahalliy ziyolilar bu nashrlarni saqlab qolish uchun moddiy yordam uyushtirishga uringanlar, ammo bobomiz bu moyanani qabul qilmagan.
— Mahmudxoʻja Behbudiy ikki marta oʻldirilgan, birinchi marta jisman — Qarshi shahrida qatl etilgan boʻlsa, ikkinchisi maʼnan — uzoq yillar nomi tilga olinmadi. Ikki davrni koʻrgan avlodi sifatida bobomizning soʻnggi hayotlari haqida nimalarni bilasiz?
— Turkiston oʻlkasi musulmon tashkilotlari byurosi yigʻilishining bayonnomasida yozilishicha, Maʼsud bobom mazkur byuroga qamoqqa olingan otasini ozod qilishni soʻrab, ariza orqali murojaat etadi. Byuro yigʻilishi Turkiston tashqi ishlar komissariatiga bu ishni koʻrib chiqish taklifi bilan qaror qabul qiladi. Ahamiyat bersangiz, sana – 1919-yil 28-iyun. Bu vaqtda Behbudiy qatl etib boʻlingan. Bir yillik kutishdan keyin bobomiz shahid boʻlganini eshitib xalqimizning yuragi qon, koʻzi yoshga toʻlgan. Taʼziyaga birodarlik va hamdardlik izhor qilgani qoʻshni davlatlardan ham kelishgan. Samarqand maorifchilari oʻzining buyuk ustozidan ayrilgan. Bobomning fojiali oʻlimidan taʼsirlanib Fitrat: «Zolimning taxtini titratgan bir tovush qichqirdi: Otamning qabrini qay yerga yoshurding?!” deya faryod chekkan. Choʻlpon “Aziz otam qoʻlimdagi gullarning Motam guli ekanligin bilmaysan...” deb qabrini izlashga tushgan. Haligacha Behbudiyni kim oʻldirgan, nima uchun, qabri qayerda degan savollarga javob topish uchun olimlar izlanishlar olib bormoqda. Yaqinda qarshilik olimlar koʻrsatgan qabr ochilib, bizlardan test olindi. Bu tekshiruv ham oʻz isbotini topmadi. Buni aniqlash uchun avvalo dalil, hujjat kerak. Bobomizni kim oʻldirgan boʻlsa ham, shunday qattol dushmani boʻlgan-ki, qabrini tekislab yuborgan. Uni oʻldirgan jallodlarni ham boshini olgan. Endi bobomizning achchiq qismatida shu bor ekan. Istaymizki, boshqa hech kimning qabrini bezovta qilish kerak emas.
Eng achinarlisi, bobomizning oʻlimidan keyin ijodining qayta qatagʻon qilinishi aqlbovar qilmas jirkanchlik, tubanlik edi. Barcha asarlari qatʼiyan taʼqiqlandi. Nomi tilga olinmadi. Tilga olinganda ham “xalq dushmani”, “millatchi” kabi turli tuhmatlar bilan eslandi. Bu maʼnaviy oʻlim birinchisidan dahshatliroq boʻldi. Uning izi butunlay oʻchib ketishga mahkum etildi. Bir farzandi “xalq dushmanining oʻgʻli” degan taʼqiblardan qochib, Dushanbedagi pedagogika institutida tarjimon boʻlib ketdi. Biz bobomizning kimligini mustaqillik tufayli bildik. “Adiblar xiyoboni”da Behbudiyning muazzam haykali qad rostladi. Samarqandda ham bobomizning byusti oʻrnatildi. Mana, biz kutgan adolat yuzaga chiqdi. Bu haykallar bizning tantanamizdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligini nishonlash toʻgʻrisidagi qarorida bobomizni Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog deya tilga olganlari avlodlari uchun tarixiy voqea boʻldi. Qarshi shahridagi koʻchalardan biriga Mahmudxoʻja Behbudiy nomi berilishi ham maʼnaviyatimizga koʻrsatilgan yuksak ehtirom deb bilaman.
— Samarqand shahrida Mahmudxoʻja Behbudiy yashagan xonadon uy-muzeyiga aylantirildi. Prezidentimiz farmoni bilan Behbudiy “Buyuk xizmatlari uchun ordeni” bilan taqdirlandi. Siz ushbu mukofotni Prezidentimiz qoʻllaridan qabul qilib olayotganingizda qalbingizdan nimalar kechdi?
— Davlat rahbaridan bobomizning yuksak mukofotini olish bizga nasib etganidan koʻzim quvonch yoshiga toʻldi. Shundoq insonning evarasi boʻlganimdan boshim osmonga yetdi. Samarqand shahridagi Mir Said Baraka koʻchasida joylashgan uy-muzeyi ham qaytadan taʼmirlanmoqda. Muzeyda Behbudiyning asarlari, chiqargan gazetalarining ilk sonlari, bobomiz foydalangan kitoblar, qoʻl yordamida ishlatiladigan litografiya dastgohi bor. Kitobxonlar uchun doim eshigimiz ochiq, bu yerda amaliy darslar oʻtish uchun ham qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Adiba UMIROVA,
“Xalq soʻzi” suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Kartoshka narxi qachon pasayishi maʼlum boʻldi
- “Hamza Hasanovdan Gʻaybulla Tursunovgacha”: “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” mukofoti gʻoliblari aniqlandi
- Kelgusi hafta uchun ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi
- Alisher Navoiy ijodini oʻrganish — qalb amrimiz boʻlmogʻi darkor
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring