Samarqandda hunarmandchilik rivoji – yutuqlar koʻp, kamchiliklar ham yoʻq emas

14:05 16 Yanvar 2025 Jamiyat
115 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda hunarmandlarning erkin faoliyat yuritishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlar tufayli bugungi kunda Samarqand viloyatida “Hunarmand” uyushmasi aʼzolari soni 2 ming 548 nafarga yetdi. Oʻtgan yili bank boʻlimlari tomonidan 117 nafar hunarmandga 2 milliard 213,1 million soʻm miqdorida kredit, “Usta-shogird” anʼanasi asosida maktab tashkil etgan hunarmandlarga subsidiyalar ajratilgani ham eʼtiborga molikdir.

Amaliy saʼy-harakatlar natijasida qoʻlda gilam toʻqish, zargarlik, milliy qoʻgʻirchoqlar, yogʻoch va mis oʻymakorligi, kulolchilik kabi oʻnlab hunar turlari kengaydi. Qoʻlda tayyorlangan mahsulotlar turi oshdi.

Urgutlik kashtadoʻz Qurbonoy Turdiyeva qoʻl mehnati orqali yaratgan mahsulotlar bugun nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlarda ham eʼtirof etilmoqda.

— Har qanday hunarning haqiqiy ustasi boʻlish uchun ham ilm kerak, — deydi Q.Turdiyeva. — Maktabda aʼlo baholarga oʻqirdim, koʻp kitob mutolaa qilganman. Oʻquvchilar orasida oʻtkazilgan turli tanlovlarda yuqori natijalarni qoʻlga kiritganman. Maktabni tamomlab, shu hunarni mukammal oʻrganishga, yangiliklar yaratishga kirishdim.

Bu hunarmand Urgutning qadimiy kashtachilik uslublaridan foydalanib, zamonaviy kiyimlar tayyorlashda oʻzining ijodiy yondashuvi bilan boshqalardan ajralib turadi. Milliylik, qadimiylik va zamonaviylik uygʻunlashgan mahsulotlari kishi koʻzini quvnatadigan, qalblarga ruhiy sokinlik hissini olib kiradi. U aynan shu yoʻnalishda izlanishlar olib borib, bir qator qoʻllanmalar ham yaratdi.

Qurbonoy Turdiyeva Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Italiya, Ispaniya, Fransiya, Shveysariya kabi davlatlarda oʻtkazilgan xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etib, kashtachilik mahsulotlariga qiziqish katta ekanligini bildi. Tayyorlagan mahsulotlarini xorijda sotish yoʻllarini oʻrgandi. Bu esa iqtisodiy imkoniyatlari kengayishiga sabab boʻldi.

Bugungi kunda qoʻligul hunarmandning yuzlab shogirdi bor, ularga xalqaro miqyosda tan olingan kashtachilik sirlarini oʻrgatmoqda.

Yana bir hunarmand — Shoira Gʻaniyeva ipak matolarga tabiiy boʻyoqlar yordamida gul bosish bilan shugʻullanadi. Uning hunarmandlik ishlari uchun YUNESKO tomonidan “Butunjahon sifat belgisi” sertifikati berilgan.

— Dunyoning turli mamlakatlarida oʻtkazilgan tanlov va seminarlarda qatnashib kelyapman, — deydi Sh.Gʻaniyeva. — Shogirdlarim koʻp. Qiziqqan kishiga gulbandchilik sirlarini oʻrgatishga tayyorman. Sulolamiz va oʻzimning ishlarim haqida maʼlumotlarni toʻpladim va kitob holiga keltirdim. Buning uchun 10-yil vaqt ketdi. Bu kitob shogirdlar uchun tayyor darslik-qoʻllanma vazifasini oʻtaydi.

Bugungi kunda sulola ishini Shoira opaning qizlari yettinchi, nabiralari esa sakkizinchi avlod boʻlib davom ettirmoqda.

Nurobod tumanining Ittifoq mahallasida yashovchi Sojida Yoʻldoshevaning tikuvchiligi oddiy koʻylak yo koʻrpa-toʻshak tikishdan farq qiladi. Mijozlari faqat nurobodliklar emas, respublikamizning barcha viloyatlarida bor.

— 2004-yildan beri tikuvchilik qilaman, shu orqali daromad topib kelganman. 2022-yilda 5 million soʻz kredit mablagʻiga tikuv mashinalari sotib oldim va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ish boshladim, — deydi S.Yoʻldosheva. — Quroq usulida beshik yopinchiqlari, chimildiq, dasturxon, umuman, xonadonga kerakli boʻlgan turli buyumlarni tikishni yoʻlga qoʻydik. Ijtimoiy tarmoqlarda “Sojida quroqlari” nomi bilan kanal ochdim. Viloyatlardan quroq koʻrpacha va boshqa buyumlarga buyurtma tusha boshladi. Oʻzimizning mahallamizdan joy ajratilgan boʻlsa-da, buyurtmalarni oʻz vaqtida yetkazib berishda baʼzi xarajatlarning oldini olish uchun tuman markaziga kelib faoliyatimizni davom ettirmoqdamiz. Agar kattaroq bino boʻlganida koʻproq ishchi olib, ishimizni kengaytirgan boʻlardik. Chunki buyurtma koʻp, tikuvchilarimiz esa kam. Quroq buyumlarni tikishni onlayn oʻrgatishni yoʻlga qoʻydim. Hozir AQSH, Fransiya, Rossiya va boshqa davlatlarda ham mahsulotlarimizga qiziqish bildirilmoqda.

Hunarmandchilikka eʼtiborning kuchaytirilishi natijasida oʻtgan yili viloyatdagi 2 nafar hunarmand — koshinkor usta Rauf Tohirov “Shuhrat” medali bilan, kashtadoʻz Fotima Azamatova “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

— 2024-yilda yutuqlar bilan birga yutqazishlar ham boʻldi, — deydi “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi boshligʻi Umid Hakimov. — Jumladan, Samarqand shahriga World kraft kounsil, yaʼni Butunjahon hunarmandlar kengashi tomonidan beriladigan hunarmandlar shahri maqomini olish boʻyicha boshlagan ishimiz yakuniga yetmay qoldi. Joriy yilda asosiy maqsadlarimizdan biri — ushbu xayrli ishni amalga oshirish. Shuningdek, 2025-yilda Samarqand shahridagi Islom Karimov nomli koʻchada “Samarqand kulolchilik markazi”ni tashkil etish, hunar bilan shugʻullanadigan yoshlar safini kengaytirish hamda viloyat boʻyicha 4,5 mingta yangi ish oʻrinlari yaratish oldimizga qoʻygan maqsadlarimizning asosini tashkil etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер