Qo‘mita majlisida qator qonunlar muhokama qilindi

15:26 31 Yanvar 2025 Siyosat
149 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Joriy yil 31 yanvar kuni Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Senatorlar tomonidan dastlab “Yer uchastkalaridan foydalanish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan amaliyotga yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari joriy etilishi, aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlarni xususiylashtirish yoki begonalashtirish, hududlarini qisqartirish, ularda bino va inshootlar qurish taqiqlanishi, ushbu cheklovlarni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Ayniqsa, qonun bilan botanika bog‘larini xususiylashtirish va ularning hududlarida qurilishni amalga oshirish taqiqlangan holda botanika bog‘larining muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritilishi ko‘zda tutilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi yer resurslaridan oqilona foydalanish va boshqarish samaradorligini oshirish, yer fondining barcha toifalaridagi yer uchastkalarini bozor va kadastr baholash sifatini yaxshilash, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va yer uchastkalari mulkdorlarining yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari bo‘yicha xabardorligini oshirish va sohada nazorat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Majlisda “Qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablar belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi Qonun ham ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, qonunning qabul qilinishi, fuqarolarning o‘z hayoti va sog‘lig‘i uchun qulay atmosfera havosidan foydalanish huquqlarini ta’minlash, binolar, inshootlar va ularning majmualarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda mukammal ta’mirlash davrida atmosfera havosiga tartibsiz ravishda tashlanadigan chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va davlat ekologik nazoratining samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

Shuningdek, majlisda Andijon, Jizzax, Namangan va Xorazm viloyatlarida agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish, investisiyalarni  jalb qilish, eksportni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy sohani rivojlantirish borasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Unda sohada erishilgan ijobiy natijalar hamda ayrim o‘z yechimini kutayotgan masalalarga e’tibor qaratildi.

Jumladan, ayrim hududlarda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qilish ishlari yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan.

Ho‘l meva va sabzavotlarning asosiy qismi eksport qilinadigan ayrim xorijiy bozorlarda saqlash omborlari, kross dokinglar, savdo rastalari yetishmaydi.

O‘tgan yili respublikada mahsulotlarning ommaviy pishib yetilishi davrida transport vositalarining tanqisligi hamda xizmat ko‘rsatish narxlari ortishi kuzatilgan.

Ayrim umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Muhokama jarayonida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida senatorlar, ekspertlar hamda mutaxassislar tomonidan bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Majlis so‘nggida ko‘rilgan masalalar yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер