Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
Soʻnggi paytda Oʻzbekiston xalqaro va mintaqaviy jarayonlarning nafaqat faol ishtirokchisi, balki yetakchi aktori, xususan Markaziy Osiyo mintaqasidagi oʻzaro munosabatlarda tizim tashkil etuvchi subyekt ekanligi tobora yaqqol namoyon boʻlib bormoqda.
Mintaqaviy munosabatlarda tizim tashkil etuvchi subyekt deganda avvalo, oʻzaro munosabatlarga yangicha kuch-gʻayrat, shijoat va shiddat bagʻishlaydigan, mintaqaviy taraqqiyotning kelajagini koʻra oladigan va shunga munosib marrani oluvchi, strategik qarash ila amaliy saʼy-harakatlar uygʻunligini taʼminlovchi tomonni tushunamiz. Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan yettinchi Maslahat uchrashuvida ham Oʻzbekiston tomonining tutgan pozitsiyasi ham shundan darak beradi.
Davlatimiz rahbarining mazkur anjuman arafasida eʼlon qilingan maqolasi va uchrashuvdagi nutqi bilan tanishar ekanmiz, Markaziy Osiyodagi hamkorlik, yaqin qoʻshnichilik va doʻstlikka asoslangan hamjihatlikning quyidagi oʻziga xos xususiyatlariga eʼtibor qaratishni lozim topdik.
Birinchidan, davlatimiz rahbari Maslahat uchrashuvidagi oʻz chiqishida hozirgi murakkab va oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan xalqaro-siyosiy jarayonlar sharoitida oʻzaro hamjihatlik va qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish alohida ahamiyat kasb etayotganligini, bugun mintaqa Yangi Markaziy Osiyo sifatida tarixiy uygʻonish davri ostonasida turganligiga ham eʼtibor qaratdi hamda mintaqaviy hamkorlikning institutsional asoslarini yanada mustahkamlash, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga nisbatan tahdidlarga oʻzaro muvofiqlashtirilgan javob berish muhim vazifa ekanligini qayd etib oʻtdi.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yilda asos solingan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi xalqaro munosabatlar va mintaqaviy hamkorlik olib borishda oʻziga xos format sifatida amaliyotga kirib keldi hamda oʻtgan davr mobaynida ushbu tuzilma miqyosida olib borilgan oʻzaro hamkorlik va amalga oshirilgan ulkan oʻzgarishlar mintaqaviy sheriklikning institutsional asoslari va mexanizmlari tizimli ravishda kengayib borayotganini yaqqol koʻrsatib berdi.
Davlatimiz rahbari oʻzaro hamkorlik mexanizmlari va shartnomaviy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish prinsipial ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab, uchrashuvlarni maslahat shaklidan “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik formatiga aylantirishni taklif etdi.
Bu borada Maslahat uchrashuvlarining institutsional va tashkiliy asoslarini izchil mustahkamlashni nazarda tutadigan Maslahat uchrashuvlari toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqish, rotatsiya asosida faoliyat yuritadigan Kotibiyatni taʼsis etish, milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini Prezidentlarning maxsus vakillari darajasiga koʻtarishni ilgari surdi. Bundan tashqari, xalq diplomatiyasi sohasidagi qadriyat va anʼanalarga tayangan holda, boy hayotiy tajriba va obroʻ-eʼtiborga ega jamoat arboblaridan iborat Oqsoqollar kengashini tuzishni ham taklif qildi.
Davlatimiz rahbari oʻz soʻzida davom etib, ishtirokchilar uchun hozirning oʻzida mintaqamizni bundan 10-20-yildan keyin qanday koʻrishni xohlash boʻyicha aniq tushunchaga ega boʻlish muhim ekanligigayam alohida urgʻu berib oʻtdi.
Ikkinchidan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi sifat bosqichiga koʻtarish ustuvor vazifa boʻlib qolayotganligi qayd etib oʻtildi.
Taʼkidlash joizki, mintaqa mamlakatlarining oʻzaro savdosi va umumiy tashqi savdo aylanmasi salohiyatini yaqin kelajakda 1,5-2 barobar oshirish imkoniyati mavjud. Bu borada maʼmuriy toʻsiqlarga barham berish, soliq va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, erkin iqtisodiy va sanoat zonalaridan birgalikda foydalanish boʻyicha chora-tadbirlarni koʻrish, savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha 2035-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan keng qamrovli mintaqaviy dasturni ishlab chiqish va qabul qilish taklif etildi.
Shuningdek, yaqin istiqbolda mintaqa doirasida umumiy investitsiya makoni toʻgʻrisidagi deklaratsiyani qabul qilish muhimligi qayd etib oʻtildi va bu umummintaqa miqyosida olib borilayotgan investitsiya siyosatining umumiy tamoyillarini mustahkamlash, investorlar huquqlarini har tomonlama himoya qilishni taʼminlash, keng mintaqamizda yagona investitsiya muhitini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratish imkonini berishi maʼlum qilindi.
Davlatimiz rahbari mintaqa doirasida elektron savdo sohasida salohiyat va yangi imkoniyatlardan foydalanish muhimligini ham qayd etib, ushbu sohaning bozori faqat Markaziy Osiyoning oʻzida yaqin oʻn yillikda 150 milliard dollargacha oʻsishi mumkinligini taʼkidlab oʻtdi. Shu munosabat bilan, bu borada ishtirokchilarning yondashuvlarini uygʻunlashtirish, virtual savdo maydonchalari va ishonchli raqamli toʻlov tizimlarini yaratishni yengillashtirish imkonini beradigan Elektron tijoratni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish zarurligi ilgari surildi.
Uchinchidan, davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo mintaqasining gullab-yashnashi va farovonligi bevosita mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashga bogʻliqligini taʼkidlab, mazkur uchrashuvda qabul qilingan Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi, shuningdek, Tahdidlar va xavflar katalogi ushbu sohadagi hamkorlik samaradorligini sezilarli darajada oshirishini qayd etib oʻtdi.
Mintaqa xavfsizligi va barqaror taraqqiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatadigan Afgʻonistondagi vaziyatga ham alohida eʼtibor qaratib oʻtilganligi diqqatga sazovor boʻlib, bu orqali yangilanayotgan Markaziy Osiyo mintaqasiga yondosh Afgʻoniston taraqqiyotdan ortda qolmasligi, Afgʻonistonni Markaziy Osiyodagi infratuzilmaviy, energetika va transport loyihalariga integratsiyasi umumiy mintaqaviy vaziyatning ijobiy holatda boʻlishiga turtki berishi maʼlum qilindi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan yettinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqi, unda ilgari surilgan taklif-tashabbuslar haqiqatda ham mintaqaviy ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbarining mazkur chiqishidan quyidagi xulosalarni chiqarish mumkin, deb oʻylaymiz.
Birinchidan, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari kun tartibidagi barcha masalalar (jumladan, savdo-iqtisodiy, xavfsizlik va barqaror taraqqiyot, chegara delimitatsiyasi va demarkatsiyasi, transchegaraviy daryolar)ni oʻzaro muloqot va diplomatik yoʻllar orqali kelishib, bu boradagi muammolarni tashqi kuchlarning aralashuvisiz hal etishga muvaffaq boʻldilar. Bu – mintaqa davlatlari xalqaro munosabatlarning haqiqiy subyektiga aylanganini koʻrsatadi.
Ikkinchidan, soʻnggi paytda Markaziy Osiyo mintaqasidagi integratsion jarayonlar birmuncha jadallashganligi namoyon boʻlmoqda. Yaqin kelajakda mintaqadagi integratsion jarayonlar yana tezlashadi va uning institutsional, huquqiy jihatlari ham takomillashadi.
Uchinchidan, keyingi paytda xalqaro hamjamiyat vakillarida Markaziy Osiyo mintaqasini yaxlit bir makon sifatida qarash shakllanib boʻldi. Shu sababli, mintaqa davlatlari barcha masalalar va muammolarni bartaraf etib, mintaqa va xalqaro ahamiyatga ega masalalarda yakdil boʻladigan boʻlsalar, bu ularning xalqaro hamjamiyat oldidagi obroʻ-eʼtiborini ham birmuncha oshirgan hamda xalqaro hamjamiyatning mintaqa davlatlari bilan munosabatlarini birmuncha yengillashtirgan boʻlar edi. Boʻlib oʻtgan Toshkent sammiti ham ana shu maqsadlarga xizmat qiladi.
RUSTAM RASHIDOV
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi,
Fan doktori (DSc), professor
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring