Oʻzbekiston Kriket Federatsiyasi va Afgʻoniston Kriket Kengashi oʻrtasida memorandum imzolandi

16:58 01 Dekabr 2025 Sport
858 0

Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”

Yozgi olimpiya oʻyinlari dasturidan oʻrin olgan, ommaviyligi jihatidan futboldan keyin ikkinchi oʻrinda turuvchi va bugungi kunga kelib dunyoning 4 milliarddan ortiq aholisi sevib tomosha qiladigan sport turiga aylanib ulgurgan kriket Oʻzbekistonda ham jadallik bilan ommalashmoqda.

Xususan, bugun, 1-dekabr kuni Oʻzbekiston milliy matbuot markazida kriket federatsiyasining yil yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Kriket Federatsiyasi prezidenti Aziz Mihliev va Federatsiya Bosh kotibi Fazliddin Ibodullayev ishtirok etdi. Anjumanda Federatsiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.

Oʻzbekiston kriket federatsiyasi 2019-yilda tashkil etilgan. Hozirda Oʻzbekiston kriket federatsiyasi Osiyo va Xalqaro Kriket Kengashining rasmiy aʼzosi sanaladi. Faoliyatiga hali uncha koʻp boʻlmagan Federatsiya tomonidan hozirgacha 6 ta 13 yoshgacha, 4 ta 19 yoshgacha, 4 ta kattalardan iborat xamda 9 ta xotin-qizlar jamoalari tashkil etilgan. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda istiqomat qilib, turli sohalarda mehnat qilayotgan chet ellik mutaxassislardan iborat 2 ta jamoa ham shakllangan.

Mamlakatimizning Toshkent shahri, Qashqadaryo, Fargʻona, Samarqand, Toshkent, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm singari viloyatlarida ham jamoalar mavjud. Utgan davr mobaynida yigʻilgan jamoalar oʻrtasida kriket boʻyicha musobaqalar rejaga koʻra oʻtkazib kelinmoqda. Shu bilan birga OʻKF tomonidan ayni paytda kriket boʻyicha erkaklar va ayollardan iborat terma jamoalar shakllantirilib, navbatdagi yozgi olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik boshlab yuborilgan.

Federatsiya ushbu sport turi rivoji yoʻlida xalqaro hamkorlikka ham alohida eʼtibor qaratadi. Bunga qadar kriket rivojlangan Angliya, Hindiston, Pokiston singari bir nechta davlatlarning kriket kengashlari bilan memorandumlar imzolangan.

Bugun, 1-dekabr kuni Afgʻoniston kriket kengashi vakillari bilan ham memorandum imzolandi. Unda Oʻzbekiston Kriket Federatsiyasi prezidenti Aziz Mihliev, Kriket Federatsiyasi Bosh kotibi Fazliddin Ibodullayev, Afgʻoniston Kriket Kengashi Bosh kotibi Nasib Xon, Afgʻoniston Kriket Kengashi aʼzosi Holid Hotam hamda diplomat Magfurulloh Shahob kabi amaldorlar ishtirok etdi.

Qatnashchilar ushbu bitim mamlakatimizda mazkur olimpiya sport turining yanada rivojlanishiga xizmat qilishini aytib oʻtdi.

Oʻzbekiston Kriket Federatsiyasi prezidenti Aziz Mihliev memorandumning ahamiyati haqida toʻxtalar ekan, Afgʻonistonning ushbu sport turidagi yutuqlaridan andaza olish, uni rivojlantirish va aholi oʻrtasida keng targʻib qilishdagi yoʻlini oʻrganish nechogʻlik muhim ekanini taʼkidladi. Shuningdek, u yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari ham juda muhim ekanini alohida qayd etdi.

“Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har chiqishlarida, UNESCO uchrashuvlarida ham bir qator majlislarda ham aytib oʻtdilarki, Afgʻonistonda tinchlik boʻlsa bizda ham tinchlik boʻladi. Yaʼni “qoʻshning tinch, sen tinch!”

Afgʻonistonda bugungi kunda yuzlab qabilalar, ellikdan oshiq tillar mavjud, lekin shunga qaramasdan kriket sport turi sifatida mamlakatdagi millat va elatlarni mana shunday birlashtiradi. Afgʻoniston ichki siyosatidagi vaziyatga qaramasdan kriket milliy jamoasi Osiyoda ikkinchi oʻrinda turadi.

Afgʻoniston bilan imzolanayotgan memorandum haqida toʻxtaladigan boʻlsak, ular aynan Oʻzbekistonda rivojlanib kelayotgan kriketchilarga texnik yoʻnalishda yordam berish, ularga oʻyin qoidalari, murabbiylik, hakamlik, shuningdek, oʻyinlarni tashkil qilish va oʻtkazish tartibi, qoidalari hamda shu kabilarda yordam berishga qaror qilishgan”, dedi Aziz Mihliev.

Afgʻoniston Kriket Kengashi aʼzosi Holid Hotam Oʻzbekiston Kriket Federatsiyasi prezidentining gaplarini tasdiqlar ekan, bu sport turi Afgʻonistondagi millatlararo munosabatlarni yaxshilash uchun yaxshi yoʻl boʻlganini qayd etdi.

Bundan tashqari u Afgʻonistondagi siyosiy vaziyat yaqin-yaqingacha ham barqaror boʻlmagan bir vaqtda kriket sport turi shunchalik rivojlanganini, Oʻzbekistonda hukm surayotgan tinchlik va sportga katta eʼtibor qaratilayotgan bir vaqtda juda yuksak natijalarga erishish mumkinligiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, ikki mamlakat sportchilari musobaqalarga tayyorgarlik koʻrish jarayonida ham oʻzaro oʻyinlar oʻtkazishi, tajriba almashishiga imkoniyat yaratilishi reja qilingani aytildi. Bunda Afgʻoniston jamoalarini Oʻzbekistonga, Oʻzbekiston jamoalarini Afgʻonistonga taklif qilib, u yerda xalqaro oʻyinlar oʻtkazish koʻzda tutilgan.

Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”

Anjumanda soʻz olgan Aziz Mihliyev kriket sport turining Oʻzbekistonda qay darajada ommalashayotgani hamda Federatsiyaning kelgusi rejalari haqida ham toʻxtaldi.

“Oʻzbekistonda bu sport turi jadal suratlarda rivojlanmoqda, xususan bu yil ikkita katta yutuqqa ega boʻldik. Birinchisi Osiyo Kriket kengashiga aʼzolik boʻlsa, ikkinchisi Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Kriket fakulteti tashkil etilgani boʻldi.

Keyingi maqsadlarimiz Olimpiya maktablarida kriket sport turini tanishtirish va ilojini qila olsak, boshlangʻich va oʻrta taʼlim maktablaridagi jismoniy tarbiya darslariga ham kriketni olib kirishdir.

Kriket stadionini tashkil qilishga muvaffaq boʻldik, ammo hali ham infrastruktura boʻyicha biroz kamchiliklar mavjud. 2026-yilning mart oyida toʻliq oʻt qoplama tayyor boʻladi, shundan soʻng Osiyo Kriket kengashi va Xalqaro Kriket kengashidan maxsus vakillar kelib, stadionimizni inspeksiyadan oʻtkazadi”, deydi Oʻzbekiston Kriket Federatsiyasi prezidenti.

Mihlievning qoʻshimcha qilishicha, stadion tekshiruvlardan muvaffaqiyatli oʻtadigan boʻlsa, Osiyo Kriket kengashi va Xalqaro Kriket kengashi oʻzining U-17 va U-19 musobaqalarini Oʻzbekistonda tashkillashtirishi ham mumkin.

Tadbir soʻngida tomonlar bir-birlariga esdalik sovgʻalarini taqdim etdi hamda birgalikda rasmga tushdi.

Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”
Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”
Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”
Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”

 

Muhsin UMURZOQOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?