Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar koʻrib chiqildi

21:01 20 Yanvar 2026 Siyosat
178 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalarni rivojlantirish sohasida erishilgan natijalar hamda 2026-yilga moʻljallangan ustuvor vazifalarga bagʻishlangan taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda soʻnggi yillarda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va innovatsion ekotizimni shakllantirish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Xorijiy ekspertlarning tahlillariga koʻra, 2024-2025-yillarda mamlakatimizdagi startap va venchur ekotizimining umumiy qiymati 3,9 milliard dollarga yetdi. Mahalliy startaplarning soni 750 tadan oshdi. Hozirgi kunda 15 ta venchur fond faoliyat yuritmoqda, venchur kapital hajmi esa 180 million dollardan oshdi.

Oʻzbekiston dunyodagi ikkinchi eng tez oʻsayotgan va Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi deb eʼtirof etilmoqda.

Taqdimotda 2030-yilga qadar startaplarning sonini 5 mingtaga, eksport bozorlariga chiqqan startaplarning sonini 200 taga yetkazish, venchur investitsiyalarning hajmini 2 milliard dollarga olib chiqish maqsad qilingani taʼkidlandi.

Shu maqsadda xalqaro tajriba asosida startaplarni qoʻllab-quvvatlashning toʻrt bosqichli tizimi joriy etilmoqda. Gʻoya, ishlab chiqish, ishga tushirish va masshtablashtirish bosqichlarida grantlar, soliq imtiyozlari, qoʻshma moliyalashtirish, eksport xarajatlarini qoplash uchun moliyaviy resurslar yoʻnaltiriladi.

Elektron davlat xizmatlarini yanada rivojlantirish rejalari koʻrib chiqildi.

Raqamli xizmatlar sonini 900 tagacha yetkazish, “MyGov.uz” mobil ilovasining funksionalini kengaytirish, 50 tadan ortiq xizmatlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, Aholining yagona reyestrini ishlab chiqish, tadbirkorlik subyektini ochish, yakka tartibdagi tadbirkorlik xodimlarini hisobga qoʻyish, bank plastik kartasini ochish, sim-karta olish, sugʻurta va reklama xizmatlarini raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Taqdimotda sunʼiy intellekt texnologiyalari uchun infratuzilma yaratish ishlarining borishi haqida axborot berildi.

Xususan, hozirgi kunda zamonaviy kichik super kompyuter ishga tushirildi, katta super kompyuterni xarid qilish va ishga tushirish ishlari faol bosqichda. Loyihani amalga oshirish natijasida 15 ta oliy taʼlim muassasasida sunʼiy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi, sohadagi mutaxassislarning salohiyati oshadi, mahalliy SI yechimlarini yaratish va joriy etish imkoniyatlari yaratiladi.

Mamlakatimiz hududlarida zamonaviy data-markazlar tarmogʻini kengaytirish, maʼlumotlar xavfsizligi va uzluksizligini taʼminlash zarurligi qayd etildi.

Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bu borada barqaror oʻsish surʼatlariga erishilayotgani, internet tezligi va qamrovi yildan-yilga oshib, mobil aloqa xizmatlarining sifati yaxshilangani taʼkidlandi. 2026-yilda 5G texnologiyalarini joriy etish va aholi punktlarini yuqori tezlikdagi internet bilan qamrab olishni davom ettirish, shuningdek, sunʼiy yoʻldosh aloqasidan foydalanishni kengaytirish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz raqamli texnologiyalar iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligini oshirish, davlat boshqaruvini samarali qilish va aholi hayoti sifatiga bevosita taʼsir koʻrsatishini taʼkidlab, belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?