Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi

18:19 21 Fevral 2026 Hujjatlar
2311 0

Hukumat qarori (73-son, 20.02.2026-y.) bilan nodavlat sud-ekspertiza sohasini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlar tasdiqlandi. Bu haqida “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar berdi.

Unda aytilishicha, mazkur qaror bilan quyidagi tartiblar belgilangan:

  • Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish;
  • Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish;
  • Nodavlat sud eksperti boʻlish istagini bildirgan shaxslarni qayta tayyorlash, nodavlat sud ekspertlarining malakasi va huquqiy bilimini oshirish hamda ularni qoʻshimcha ekspertiza turlari boʻyicha qayta tayyorlash;
  • Nodavlat sud ekspertlarini Sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarning yagona reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Ekspert-malaka komissiyasi faoliyatini tashkil etish.

Shuningdek, mazkur qaror bilan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari, endilikda, notijorat tashkilot sifatida faoliyat koʻrsatishi hamda yakka tartibda sud-ekspertlik byurosi shaklida ham tashkil etilishi belgilandi.

Muqaddam, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotini tashkil etish uchun sud eksperti sertifikatiga ega kamida 3 nafar sud eksperti boʻlishi lozim edi. Shuningdek, mazkur hujjat bilan ushbu sohada ilk bor nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarning yagona reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.

Unga koʻra, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari Davlat xizmatlari markazlari tomonidan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali davlat roʻyxatidan (qayta roʻyxatdan) oʻtkaziladi.

Bundan tashqari, Hukumat qarori bilan sud ekspertlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimining bevosita amaliyot bilan uygʻunligini taʼminlash belgilandi. Unga koʻra, oʻquv rejasi va oʻquv amaliyot dasturlari ishlab chiqilib, taʼlim jarayonining 40 foizi nazariy, 60 foizi amaliy qismga ajratiladi hamda tinglovchilarga taʼlim jarayonining nazariy qismi tegishli davlat taʼlim muassasasida, amaliy qismi tegishli davlat sud-ekspertiza muassasasida tashkil etiladi.

Shu bilan birga, ushbu hujjatga asosan nodavlat sud ekspertlarining kasbiy va amaliy tayyorgarlik darajasini aniqlash hamda ularning noqonuniy harakatlari bilan bogʻliq holatlarning adolatli va xolis koʻrib chiqilishini taʼminlash maqsadida Adliya vazirligi huzurida Ekspert-malaka komissiyasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish tartibi belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер