Samarqand viloyatining bir qator shahar va tumanlarining chegaralarini o‘zgartirish masalasi ko‘rib chiqildi
Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»
Joriy yil 31 yanvar kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Senat a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, ekspertlar, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Ma’lumki, jahonda kuzatilayotgan beqarorlik, ommaviy tartibsizliklar va keskinliklar bir qator davlatlarning tinchligiga putur yetkazib, xalqlarning o‘zaro do‘stligi hamda osoyishtaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani inobatga olib, muhokama qilingan Qonun bilan respublikamizda ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik, ommaviy tartibsizliklarni moliyalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi ommaviy tartibsizliklar bilan bog‘liq ayrim harakatlar uchun javobgarlik choralari kuchaytirilishini, ushbu turdagi jinoyatlarni profilaktika qilish mexanizmi takomillashtirilishini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, Qo‘mita majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar uchun masofali video-uchrashuvlar o‘tkazish imkoniyatini yaratishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ham ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan tizimda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali mahkumlarning huquqlarini yanada kengaytirish, bu orqali jinoyat-ijroiya qonunchiligini xalqaro normalarga muvofiqlashtirish maqsad qilingani, Qonun mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularning yaqin qarindoshlari bilan masofadan turib video-uchrashuvlar o‘tkazishi uchun imkoniyat yaratishga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, Qo‘mita majlisida Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilindi.
Ta’kidlaganidek, Vazirlar Mahkamasining taklifiga asosan Samarqand tumanidan 170 gektar va Oqdaryo tumanidan 243 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Majlisda qaror loyihasi tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, xalq deputatlari Samarqand shahar, Samarqand va Oqdaryo tumanlari hamda viloyat Kengashlarida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizig‘ining tasnifi ma’qullangani qayd etildi.
Shuningdek, qaror loyihasida hududning chegaralarini o‘zgartirish va unda belgilangan vazifalarni tizimli amalga oshirish maqsadida Hukumatga kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklatilmoqda.
Qayd etilganidek, mazkur tuman va shahar chegaralarining o‘zgarishi bilan “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi tashkil etilib, ushbu hududda 254 ta ko‘p qavatli uy-joylar, 19 ta ishbilarmonlik va biznes markazlari, 50 ta ijtimoiy soha ob’yektlari, 89 ta ko‘ngilochar va savdo komplekslari hamda tarixiy shaharcha barpo etilishi nazarda tutilmoqda.
Mazkur o‘zgartirishlar Samarqand viloyati aholisi uchun munosib yashash sharoitini yaratishga, Samarqandning me’moriy qiyofasini yanada yaxshilashga va obodonlashtirishga, xorijiy va mahalliy investorlar uchun jozibadorligini oshirishga, shuningdek, shaharning turizm salohiyatidan samarali foydalanilishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muhokama yakunida Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring