Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
Huquq tizimining raqamli transformatsiyasi ostonasida
XXI asr insoniyat oldiga misli koʻrilmagan vazifalarni qoʻydi. Sunʼiy intellekt millionlab odamlarga taʼsir qiluvchi qarorlar qabul qilmoqda. Kriptovalyutalar va blokcheyn yangi moliyaviy tendensiyalarni yaratmoqda. Shaxsiy maʼlumotlar davr resursi sifatida eng qimmatli boʻlib qoldi. Kiberjinoyatchilik dunyo iqtisodiyotiga har yili trillionlab dollar zarar yetkazmoqda. Va bu texnologik inqilob oʻrtasida jahon yuridik hamjamiyati sarosimaga tushib qoldi: negaki, anʼanaviy huquqiy taʼlim shu paytgacha raqamli dunyoda ishlash uchun mutaxassislar tayyorlamagan.
Oʻzbekiston bu muammo keskinlashuvini kutib oʻtirmadi. “Oʻzbekiston-2030” strategiyasi doirasida izchil amalga oshirilayotgan mamlakat rahbariyatining strategik qarashi aniq yoʻnalishni belgilab berdi: raqamli haqiqatga moslashish bilan kifoyalanmay, balki uning huquqiy asoslarini shakllantira oladigan yuridik kadrlarning yangi avlodini shakllantirish dolzarb vazifa sifatida belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil 26-noyabr kuni imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon Yangi Oʻzbekiston uchun huquqiy kadrlar tayyorlashning yangi sahifasini ochdi. Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasi mamlakat raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishning strategik ustuvorliklarini belgilab berdi.
Davlatimiz rahbari muhim natijaga erishilganligini – IT-xizmatlar eksporti birinchi marta 1 milliard AQSH dollariga yetganligini taʼkidladi. Strategik vazifa sifatida ushbu koʻrsatkichni 2030-yilga kelib 5 milliard dollargacha oshirish maqsadi qoʻyildi.
Xalqaro bozorda mahalliy IT-sanoatning raqobatbardoshligini taʼminlash uchun Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi tashkil etildi, shuningdek, IT-infratuzilmani rivojlantirish uchun bir qator soliq va investitsion imtiyozlar joriy etildi.
2026-yil rejasida Toshkent, Buxoro, Fargʻona shaharlarida va Toshkent viloyatida 4 ta data-markazni, 2 ta superkompyuterni oʻz ichiga olgan raqamli infratuzilmani, shuningdek, 15 ta oliy taʼlim muassasalarida sunʼiy intellekt laboratoriyalarini yaratish nazarda tutilgan. Ushbu infratuzilma iqtisodiyotning asosiy sektorlarida: sogʻliqni saqlash, transport, qishloq xoʻjaligi, geologiya, bank-moliya sohasida va jamoat xavfsizligi sohasida sunʼiy intellekt boʻyicha 100 dan ortiq loyihalarni amalga oshirish uchun moʻljallangan.
Kvant texnologiyalari, pilotsiz uchish apparatlari va robototexnika sohasidagi yosh mutaxassislarning innovatsion ishlanmalarini amaliy joriy etish maqsadida maxsus Raqamli texnologiyalar markazi yaratish rejalashtirilgan. Osiyo taraqqiyot banki ushbu tashabbusni 200 million AQSH dollari miqdorida moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.
Global muammoning koʻlami
Yetakchi konsalting kompaniyalarining tadqiqotlariga koʻra, dunyodagi texnologik korporatsiyalarning 93 foizi sunʼiy intellekt tizimlari bilan ishlash uchun malakali yuristlarni topa olmaydi. Yevropa yuridik maktablarining 8 foizdan kamrogʻi algoritmik tartibga solish boʻyicha kurslar taklif etadi. Data Protection Officer – Yevropa Ittifoqida Maʼlumotlarni himoya qilishning umumiy nizomiga (GDPR) muvofiq barcha yirik kompaniyalar uchun majburiy boʻlgan shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha menejer lavozimi – butun dunyo boʻylab minglab tashkilotlarda boʻsh qolmoqda.
Dunyo boʻylab kiberjinoyatchilik keskin oʻsib borayotganligini koʻrish mumkin: ekspertlar prognozlariga koʻra, 2025-yilga kelib kiberhujumlardan global zarar yiliga 10,5 trillion AQSH dollaridan oshgan. Shu bilan birga, koʻpchilik davlatlarning huquqni muhofaza qilish organlari raqamli muhitda jinoyatlarni tergov qilish va elektron dalillar bilan ishlashga qodir mutaxassislarning keskin tanqisligini boshdan kechirishmoqda.
Prezidentimiz oʻz Murojaatnomasida yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sunʼiy intellektni joriy etish orqali global mehnat bozorida transformatsion jarayonlarga alohida eʼtibor qaratdi. Davlatimiz rahbari tomonidan kasbiy bandlik tuzilmasining dinamik evolyutsiyasi taʼkidlandi — bu miqdoriy tavsiflardagi, tashkiliy shakllardagi va turli xil mehnat faoliyati turlarining mazmuniy toʻldirilishidagi oʻzgarishlarni oʻz ichiga oladi.
Keltirilgan prognozlarga koʻra, kelgusi besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi toʻliq avtomatlashtirilishi kutilmoqda, shu bilan birga kasbiy lavozimlarning yarmi uchun malaka talablari va kompetensiyalarning jiddiy yangilanishi talab etiladi.
Ushbu tendensiyalar Oʻzbekiston iqtisodiyotida ham oʻz aksini topmoqda. Sanoat sektorida avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish liniyalarining faol joriy etilishi kuzatilmoqda, qishloq xoʻjaligi sohasida “aqlli” (smart) texnologiyalarni keng qoʻllash, transport sohasi “intellektual” boshqaruv tizimlariga oʻtmoqda.
Bunday sharoitlarda milliy mehnat bozorining faoliyati professional standartlar, malaka talablari, texnologik innovatsiyalar va taʼlim dasturlarini yagona kelishilgan mexanizmga tizimli integratsiyasini taʼminlaydigan tamoman yangi arxitekturani shakllantirishni talab etadi.
Shunday qilib, “Raqamli huquq” xalqaro taʼlim yoʻnalishini, xususan, Toshkent davlat yuridik universitetida yoʻnalish va keyinchalik fakultetni yaratish shunchaki taʼlim tashabbusi emas, balki global muammoga strategik javobdir. Oʻzbekiston oʻz tanlovini amalga oshirmoqda: jahon yetakchilarini quvib yetish emas, balki Markaziy Osiyo raqamli yurisprudensiyasining avangardini shakllantirishni.
Ikki hujjat – yagona strategiya
Yangi taʼlim yoʻnalishi yoki fakultet yaratishning huquqiy asosini bir-birini toʻldiruvchi ikkita Prezident hujjati shakllantirmoqda, ular institutsional qoʻllab-quvvatlashning yaxlit tizimini tashkil etadi.
Prezidentimizning yuqoridagi Farmoni yuridik taʼlimni isloh qilish arxitekturasini belgilaydi. Hujjat taʼlim jarayonida 50 foiz nazariya va 50 foiz amaliyot nisbati haqidagi inqilobiy talabni belgilaydi – bu yuristlarni tayyorlashga yondashuvni tubdan oʻzgartiruvchi tamoyildir. Ushbu hujjat sunʼiy intellekt texnologiyalarini oʻquv jarayoniga majburiy integratsiyalashni nazarda tutadi: taʼlimni individuallashtirishdagi sunʼiy intellekt (AI)-tyutor, talabalarning bilimlarini baholash AI-tizimi, oʻqitish sifatini baholash AI -tizimi. Farmonning 6 (b) bandi alohida ahamiyatga ega, bu ingliz tilida taʼlim hamda yetakchi xorijiy professorlarni jalb qilish bilan “Raqamli huquq” xalqaro taʼlim dasturini yaratishni toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutadi. Shuningdek, universitet yangi kampusga koʻchib oʻtgandan keyin mavjud binoda joylashtirilishi kerak boʻlgan Toshkent davlat yuridik universitetida Raqamli huquq markazini yaratish nazarda tutilgan.
Prezidentning 2025-yil 8-sentyabrdagi “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori amaliy infratuzilmani taʼminlaydi. Hujjat nodavlat “Raqamli sud-ekspertiza markazi”ni – raqamli kriminalistik ekspertizani oʻtkazish uchun jahon darajasidagi uskunalar va dasturiy taʼminot bilan jihozlangan noyob laboratoriyani yaratishni nazarda tutadi. Shunday qilib, Raqamli sud-ekspertiza markazi va Raqamli huquq markazi yangi fakultet talabalari uchun amaliyotning asosiy bazasiga aylanadi va stajirovkaga bepul joylashtirishni taʼminlaydi.
Ikki hujjatning sinergiyasi mutaxassislarni tayyorlash uchun misli koʻrilmagan sharoitlarni yaratadi: nazariy baza fakultet tomonidan taʼminlanadi, amaliy koʻnikmalar zamonaviy ekspert markazida shakllantiriladi.
Adliya vazirligining tizimli qoʻllab-quvvatlashi
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huquqiy soha raqamlashuvi siyosatini izchil amalga oshirmoqda. Vazirlik milliy LegalTech – huquqiy sohadagi raqamli texnologiyalar majmuasini rivojlantirishni tashabbuskori boʻldi va qoʻllab-quvvatlaydi.
Aynan Adliya vazirligining tizimli qoʻllab-quvvatlashi bilan 2021-yilda Toshkent davlat yuridik universitetida magistraturaning “Kiber huquq” mutaxassisligi tashkil etildi, 2023-yilda esa “Kiber huquq” kafedrasi yaratildi – Markaziy Osiyoda raqamli huquq sohasidagi birinchi ixtisoslashtirilgan ilmiy-taʼlim tuzilmasi. Oxirgi ikki yillik faoliyati davomida kafedrada ilmiy maktab shakllantirildi, 10 dan ortiq dissertatsiyalar himoya qilindi, raqamli huquqning asosiy fanlari boʻyicha oʻquv-uslubiy baza ishlab chiqildi, magistraturaning yangi yoʻnalish fanlarini yaratildi, yetakchi Yevropa universitetlari bilan xalqaro hamkorlik oʻrnatildi.
Elektron sudlar, onlayn notariat, raqamli reyestrlar, avtomatlashtirilgan huquqiy axborot tizimlari rivojlanishi – bularning barchasi yangi turdagi mutaxassislarni tayyorlash uchun tabiiy ekotizimni yaratadi va yangi taʼlim yoʻnalishi bitiruvchilari uchun ish joylarini shakllantiradi.
Universitet jahon standartlari yoʻlida
Toshkent davlat yuridik universiteti jahon akademik makoniga integratsiyalashuv strategiyasini izchil amalga oshirmoqda. “Raqamli huquq” Xalqaro taʼlim yoʻnalishini yaratish yuqoridagi Farmonida belgilangan strategik maqsadga erishish yoʻlidagi eng muhim qadamdir: Toshkent davlat yuridik universitetining 2030-yilga kelib “Huquq” yoʻnalishi boʻyicha QS World University Rankings TOP-1000 reytingiga kirishi.
Taʼlim yoʻnalishi dastlab xalqaro standartlar boʻyicha loyihalashtiriladi: Bolonya jarayoni, Yevropa kreditlarni oʻtkazish va toʻplash tizimi (ECTS), Yevropa malaka doirasi (EQF), Yevropa oliy taʼlim makonida sifat taʼminlash standartlari va tavsiyalari (ESG).
Kiber-huquqshunos yoki raqamli huquq sohasidagi yurist: yangi turdagi mutaxassis
Yangi yoʻnalish tayyorlaydigan kiber-huquqshunos kim? Bu shunchaki kompyuter savodxonligini oʻzlashtirgan yurist emas va huquqni yuzaki bilgan IT-mutaxassis ham emas. Kiber-huquqshunos – bu ikkala sohada chuqur bilimga ega boʻlgan va ularning kesishmasida murakkab vazifalarni hal qilishga qodir yangi turdagi professional.
Sunʼiy intellekt sohasida kiber-huquqshunos sunʼiy intellekt (AI) tizimlarining algoritmik qarorlarining huquqiy oqibatlarini tahlil qiladi, Yevropa “AI Act” va shakllanayotgan milliy qonunchilikka muvofiqlik boʻyicha maslahat beradi, generativ sunʼiy intellektdan foydalanish xavflarini, shu jumladan “deepfakes” va kiberjinoyatlar muammolarini baholaydi.
Shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish sohasida mutaxassis tashkilot faoliyatining GDPR xalqaro standartlariga va milliy qonunchilikka muvofiqligini taʼminlaydi, Data Protection Officer vazifalarini bajaradi, maxfiylik siyosatlarini va maʼlumotlarni qayta ishlashga rozilik olish mexanizmlarini ishlab chiqadi.
Kiberxavfsizlik va kiberjinoyatlarni tergov qilish sohasida kiber-huquqshunos raqamli kriminalistika usullaridan foydalangan holda tergovlar oʻtkazadi, raqamli dalillar bilan ishlaydi, ularning sud jarayonida qabul qilinishini taʼminlaydi, kompyuter tizimlari, mobil qurilmalar, tarmoq infratuzilmasining ekspertizasini amalga oshiradi.
Elektron hukumat sohasida mutaxassis davlat organlarining raqamli transformatsiyasini taʼminlaydi, elektron davlat xizmatlari, smart-kontraktlar, raqamli identifikatsiya tizimlarining huquqiy asosini ishlab chiqadi.
Taʼkidlash joizki, bularning barchasi Prezidentimizning Murojaatnomasi doirasida qoʻyilgan vazifalar bilan hamohangdir. Murojaatnomada davlat siyosatining oltinchi ustuvor yoʻnalishi doirasida zamonaviy davlat boshqaruvi va sud-huquqiy tizim sohalaridagi islohotlarni davom ettirish nazarda tutilgan.
Shunday qilib, 2026-yildan boshlab 1000 dan ortiq davlat xizmatlarini, 5000 dan ortiq hokimiyat organlari funksiyalari va vazifalarini, 200 ta maʼlumotlar bazalarini va axborot tizimlarini, shuningdek, barcha maʼmuriy darajadagi (mahalla, tuman, viloyat, respublika) 100 mingdan ortiq davlat xizmatchilarining vakolatlarini birlashtiruvchi Yagona raqamli platforma yaratish bilan “Elektron hukumat” platformasining kompleks yangilanishi rejalashtirilgan.
Yangi platformaning asosiy xususiyati fuqarolar murojaatlarini avtomatlashtirilgan taqsimlash, ijrochilarni tayinlash va koʻrib chiqish muddatlarini nazorat qilish uchun sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash boʻladi.
Sud-huquq tizimi sohasida sud jarayonining kompleks raqamlashuvini nazarda tutuvchi “Raqamli sud” konsepsiyasiga oʻtish amalga oshirilmoqda. Sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish jinoiy sud ishi yuritishning butun siklini – jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan ishni sudga topshirishgacha qamrab oladi, bu inson huquqlari himoyasini kuchaytirish va tergov harakatlarida subyektiv omilni minimallashtirishga qaratilgan.
AI-tyutor: taʼlimni shaxsiylashtirish
Yuqoridagi Farmonining 6 (a) bandiga muvofiq universitet AI-tyutorni – intellektual taʼlim platformasini joriy qiladi. Platforma talabaga har bir oʻquv fanining toʻliq maʼruzalar kursiga prezentatsiyalar bilan; seminarlar uchun keyslar kutubxonasiga yechimlarning batafsil tahlili bilan; amaliy simulyatsiyalar va mashqlarga; yetakchi professorlarning videomaʼruzalariga; insho yozish va taqdimot tayyorlash boʻyicha batafsil yoʻriqnomalarga; moslashuvchi test tizimiga kunlik faoliyatini taʼminlaydi.
Platforma aniq talabaning bilimlaridagi boʻshliqlarni aniqlaydi va ularni toʻldirishning individual trayektoriyasini taklif qiladi. Bu tizim dastlab 2026-yildan joriy etilishi rejalashtirilgan va keyinchalik sunʼiy intellektning taʼlim jarayoniga toʻliq integratsiyalashuvi amalga oshiriladi.
Jahon darajasidagi xalqaro hamkorlik
Fakultetning strategik hamkori Gdansk universiteti (Polsha), Regensburg universiteti (Germaniya), Grinvich universiteti (Buyuk Britaniya) – raqamli huquq sohasida mutaxassislar tayyorlashning yetakchi xorijiy markazlari. Bunda Gdansk universiteti bilan 2027-yildan amalga oshiriladigan, Polsha milliy akademik almashinuv agentligining nufuzli granti NAWA KATAMARAN – doirasida 1 million yevrogacha potensial moliyalashtirishga ega boʻlgan qoʻshma dastur yaratish rejalashtirilgan.
Double Degree dasturi bitiruvchilari ikkita diplom oladi – Toshkent davlat yuridik universiteti va Gdansk universitetining Yevropa Ittifoqida tan olingan diplomlari. Taʼlimning bir qismi Polshada oʻtadi – Yevropa huquqiy muhitiga kirishni taʼminlovchi haqiqiy akademik mobillik.
Shuningdek, Grinvich universitetida (Buyuk Britaniya) taʼlim olish va Buyuk Britaniyada tan olingan diplomni olish imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, Regensburg universiteti (Germaniya) bilan akademik almashinuv kengaytiriladi, bunda talabalar oʻz taʼlimlarining bir qismini ushbu hamkor universitetda oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Tuzilma va ishga tushirish muddatlari
Shunday qilib, 2026-yildan yangi oʻquv yilidan raqamli sohaning huquqiy tartibga solishining umumiy spektrini qamrab oluvchi yangi umumiy “Raqamli huquq” yoʻnalishi ochiladi. Universitetning rivojlanish strategiyasiga koʻra 2030-yildan uchta ixtisoslashtirilgan yoʻnalishgacha kengayish rejalashtirilgan: Raqamli davlat boshqaruvi sohasida huquq, korporativ kiber huquq, kiberjinoyatchilik va raqamli kriminalistika.
Bakalavr taʼlimi 2026-yil sentyabrda boshlanadi. Taʼlim tili – 100 foiz ingliz tili. Abituriyentlarga qoʻyiladigan talablar quyidagicha: toʻliq oʻrta taʼlim, B2 darajasida ingliz tilini bilish sertifikati, xalqaro standartlar boʻyicha IQ-testdan oʻtish.
Karyera istiqbollari
Bitiruvchilar oʻz kompetensiyalarini davlat sektorida qoʻllashadi: Adliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Markaziy bank, Antimonopoliya qoʻmitasi. Huquqni muhofaza qilish tizimida: Raqamli sud-ekspertiza markazi, IIV Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Bosh prokuratura, sud tizimi. Biznesda: IT Park, xalqaro IT-kompaniyalar, banklar, Big Four, telekom-operatorlar.
Xulosa qilib aytganda, “Raqamli huquq” Xalqaro taʼlim yoʻnalishini yaratish – bu Yangi Oʻzbekistonning inson kapitaliga strategik investitsiyasidir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farmoni jahon darajasidagi mutaxassislarni – raqamli davrda fuqarolar huquqlarini va davlat manfaatlarini himoya qila oladigan kiber-huquqshunoslarni tayyorlashga yoʻl ochadi.
Bakalavr dasturiga qabul 2026-yilda boshlanadi. Huquqning kelajagi – raqamlidir va Oʻzbekiston uni yaratishga tayyor.
I. Rustambekov, Toshkent davlat yuridik universiteti prorektori, yuridik fanlar doktori, professor.
S. Gulyamov, Toshkent davlat yuridik universiteti “Kiber huquq” shuʼbasi mudiri, yuridik fanlar doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Men prezidentman. Men halol odamman. Men aybsizman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring