Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
Sirdaryo viloyatida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov raisligida sport taʼlimi muassasalarida murabbiylar faoliyati, mashgʻulotlar sifati hamda seleksiya ishlari holatiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi. Majlis keskin tahliliy va ochiq tanqidiy ruhda kechdi.
Yigʻilishda viloyat rahbari yaqinda sport boshqarmasi boshligʻi bilan boʻlgan suhbatni misol qilib keltirdi. Uning aytishicha, suzish havzasi faoliyati haqida soʻralganda “ishlayapti” degan javob berilgan, ammo amalda natija yoʻq.
— Binoda sharoit bor, ammo natija koʻrinmayapti. Demak, muammo binoda emas, muammo rahbarda va rahbarning ish uslubida, — dedi Erkinjon Turdimov.

Taʼkidlanishicha, soʻnggi yillarda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, yoshlarni sportga jalb etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlardan joylarda samarali foydalanilmayapti. Qamrov, mashgʻulot sifati va natijadorlik oʻrtasida jiddiy nomutanosiblik mavjud.
Xususan, 2025-yil yakuni tahlillariga koʻra, sport maktablarida mashgʻulotlarga qatnashuvchilar soni keskin kamaygan. Jumladan, Guliston shahar sport maktabida qisqa muddat ichida 670 nafar bola sport mashgʻulotlaridan chetlashgan. Xovos va Boyovut tumanlarida ham shunga oʻxshash salbiy holatlar qayd etilgan. Viloyat hokimi buni “sportga emas, hujjatbozlikka ishlash oqibati” deya baholadi.
Yigʻilishda ayrim murabbiylarning mashgʻulotlarni xoʻjakoʻrsinga oʻtkazayotgani, bolalarning mashgʻulotlarga qatnashmasligiga beparvolik bilan qarayotgani ham ochiq tanqid qilindi. Ayniqsa, koʻplab murabbiylarning yillar davomida milliy chempionat va kuboklarda sovrinli oʻrin egallagan shogirdi yoʻqligi, milliy terma jamoaga birorta sportchi yetkazib bermagani qattiq eʼtirozlarga sabab boʻldi.
— Olimpiya sport turlari boʻyicha sharoit mavjud boʻlishiga qaramay, ayrim shahar va tuman sport maktablarida muhim yoʻnalishlar umuman yoʻlga qoʻyilmagan. Bu esa yosh iqtidorlarni yoʻqotishga olib kelmoqda, — dedi viloyat hokimi.

Shuningdek, murabbiylar malakasini oshirish masalasi ham jiddiy tanqid qilindi. Maʼlum boʻlishicha, viloyat boʻyicha 80 nafardan ortiq murabbiy haligacha malaka toifasiga ega emas. Erkinjon Turdimov bu holatni sport boshqarmasi tomonidan nazorat va talabchanlikning yetishmasligi oqibati sifatida baholadi.
Yigʻilish yakunida har bir murabbiy faoliyatini aniq natija asosida baholash, soxta hisobotlarga barham berish, seleksiya ishlarini mahalladan boshlab tizimli yoʻlga qoʻyish hamda sport sohasida ish uslubini tubdan oʻzgartirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
— Har bir ota-ona farzandini shunchaki band boʻlib tursin deb sportga bermaydi. U farzandi tarbiyalanib, undan yaxshi sportchi chiqishini umid qiladi. Toʻgʻri tarbiyalangan bola yuqori natijaga erishadi. Yuqori natijaga chiqqan yosh sportchi esa jamiyat uchun muhim shaxsga aylanadi, — dedi viloyat rahbari.
Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring