Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai

17:33 09 Fevral 2026 Madaniyat
2444 0

Hazrat Alisher Navoiy XV asrdan buyon ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼnaviy, adabiy-maʼrifiy jihatdan bashariyat, xalq, jamiyat manfaati, taraqqiyoti yoʻlida oʻz hissasini ham bevosita, ham bilvosita qoʻshib kelayotgan shoir, davlat arbobi va insonparvarlik gʻoyalarining yalovbardoridir. Bu ulugʻ siymoni anglash va uning maʼnaviy-maʼrifiy gʻoyalarini xalqimiz tafakkurida yuksaltirish bugungi kunda ham millatimizning yuksalishi, barkamollik topishida toʻgʻri yoʻl koʻrsatuvchi kalitdir. Qolaversa, 2025-yil yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomalarida taʼkidlanganidek, bugungi murakkab zamonda yoshlarimizni turli sinovlarga chidamli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalash, xalqimizni yanada birlashtirish va jipslashtirish eng muhim masala sifatida belgilangan. Albatta, bu oʻrinda insoniylik, baynalminallik, rostlik, sharaf va hidoyat yoʻlining namunasi boʻlgan Alisher Navoiyni anglash barcha uchun dasturulamaldir.

Hazrat Navoiy “Lison ut-tayr” dostonida hikmat va haqiqat mahzanini anglash yoʻlidagi mushohadalarida “Chun xaloyiqdin oni mumtoz etib, Kuntu kanzan sirrigʻa hamroz etib. Boshigʻa qoʻyub hidoyat tojini, Qismati aylab sharaf meʼrojini”, – deya xalqqa eng namunali, sara, mumtoz yoʻl sifatida “Kuntu kanzan mahfiyan” hadisi iqtibosining maʼnosida pok koʻngilda yashiringan asliyat orqali anglab yetiladigan haqiqat xazinasiga kamarbastalikka chorlab, bu hidoyatga boshlovchi yoʻl odamiylik va mavjudotlarning gultoji boʻlgan Komil inson yoʻli ekanini taʼkidlaydi.

Alisher Navoiy barcha davrlarda voqelik uchun ilm va maʼno manbaining ehtiyoji boʻlgan. Uning hayoti, ijodini oʻrganish oʻz davridan boshlangan boʻlib, ayniqsa Samarqanddagi hayoti va ijodi, ularning manbalari Samarqand adabiyotshunoslik, navoiyshunoslik maktabining dolzarb muammolaridan biridir. Asrlar davomida jahon tamaddunining sayqali boʻlib kelgan koʻhna Samarqand Mirzo Ulugʻbek madrasayi oliyasi timsoli sifatida ilm-maʼrifat beshigi boʻlgan. Ikkinchi Renessans mahsuli oʻlaroq faoliyat yuritgan madrasalarda arab, fors, turkiy tillarida diniy va dunyoviy bilimlardan taʼlim berilgan. Madrasalar qoshidagi boy kutubxonalar taʼlim jarayonida dasturulamal boʻlgan. Mirzo Ulugʻbek taʼlim tizimida joriy qilgan islohotlar bu davrga kelib oʻz samarasini bera boshlagan – millatimizning ulugʻ siymosi boʻlmish Alisher Navoiydek zotlar kasbi kamol topgan. Chunonchi, ustozimiz akademik Botirxon Valixoʻjayev taʼkidlanganidek, Mirzo Ulugʻbek madrasai oliyasining maʼnan davomchisi boʻlgan Samarqand davlat universitetida ham bugungi kunda oʻn mingdan ortiq qoʻlyozma, toshbosmalarni qamrab olgan kutubxona mavjud boʻlib, iqtidorli yoshlar izlanishlari, ilmiy-amaliy laboratoriya, fundamental va amaliy tadqiqotlarda oʻz natijasini hamon aks ettirib kelmoqda. Yoshlarda ushbu ilmiy-maʼnaviy merosni oʻrganish va tadqiq etishni shakllantirishga qaratilgan adabiyotshunoslik, matnshunoslik va manbashunoslik, sharq tillari yoʻnalishlarida oʻqitilayotgan fanlar bevosita oʻsha davr anʼanalarini davomi sifatida saqlanib kelmoqda.

Taʼkidlash lozimki, “Navoiy va Samarqand”, “Navoiy va adabiy izdoshlik” mavzulari ustoz adabiyotshunos akademik Vohid Abdullayev tomonidan tatbigʻini topgan boʻlsa, Alisher Navoiyning Samarqanddagi hayoti va madrasayi oliya tarixi bilan bogʻliq qarashlar, chunonchi Alisher Navoiyning ilhom manbai va ilmiy-adabiy muhit tatbigʻi akademik Botirxon Valixoʻjayev tomonidan tadqiq etildi. Alisher Navoiy hayoti va ijodini tadqiq etishda Samarqanddagi manbalarining ahamiyati XX va XXI asr navoiyshunos olimlari tomonidan taʼkidlab kelinmoqda. Bu albatta, Samarqand navoiyshunoslik maktabi olimlari Abdurahmon Saʼdiy, Vohid Abdullayev, Botirxon Valixoʻjayev va ular yaratgan ilmiy maktab dargʻalarining tadqiqotlarini ommalashtirish, davom ettirish ehtiyojini taqozo etadi.

Zero, bugungi kunda ham Samarqand davlat universitetida Alisher Navoiy “Xamsa”si va ularning jahondagi nusxalari, nashrlari yuzasidan tadqiqotlar olib borilib Turkiya, Rossiya, Eron kutubxonalarida saqlanayotgan manbalar oʻrganib chiqildi. Turkiya poytaxtida Alisher Navoiy haykalining oʻrnatilishi, Eronning Mashhad shahrida Alisher Navoiy izlari kutubxona, bino-yu obidalarda moʻtabar qilib saqlangani jahonda shoirning mavqeyini maʼnaviy-maʼrifiy fenomen sifatida gavdalantiradi. Ayniqsa, Rossiyaning Sankt-Peterburg kutubxona va muzey fondlaridagi 1945-yillarda ilk bor oʻtkazilgan Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyi arxivlarini koʻrar ekanmiz, ehtirom bilan saqlangan muqaddas qoʻlyozmalarning har bir sahifasi zalvorida ikkinchi jahon urushi, chunonchi Leningrad qamali davrida umumbashariy gʻoyalar, odamiylik timsoli sifatida hazrat Alisher Navoiy qanoat va shijoat siymosi oʻlaroq quvvat manbaiga aylanganining guvohi boʻlamiz.

Bugungi kunda Uchinchi Renessans gʻoyasini amalga oshirish yoʻlida boy maʼnaviy merosimiz, xususan, mumtoz adabiy obidalarni davr talabiga muvofiq xolis, obyektiv oʻrganish hamda yosh avlodga taqdim qilish har qachongidan muhim ahamiyat kasb etadi. Nizomiddin Mir Alisher Navoiy oʻzi ham, amali ham, soʻzi ham zamon va makon tanlamaydigan umuminsoniy gʻoyalarning namunasi oʻlaroq bashariyat uchun ilm-maʼrifat kalitidir. Navoiy shunday quyoshki, uning maʼnolar olamini koʻngilda jilvalantirib, hidoyat chirogʻini yoqish, shoir soʻzlarini oʻqish va uqish bilim xazinalarini oyna kabi kurrayi hofizasidan joy olishiga, unga munosib boʻlishga undovchi oliy maslakdir.

Nazmiya MUXITDINOVA,

Samarqand davlat universiteti professori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер