Bedilni xalqqa tanitgan xattot

15:15 10 Fevral 2026 Jamiyat
1442 0

Hindistondan bir savdogar Mirzo Abdulqodir Bedilning qoʻlyozma devonini olib kelgani haqidagi xabar buxorolik nazm ixlosmandlari oʻrtasida shov – shuv boʻldi. Bu gapni eshitgan amirning ham halovati buzildi. Shoirning oʻz qoʻli bilan bitilgan tabarruk asarni koʻrish, uni sotib olish niyatida mulozimlarini savdogar huzuriga yubordi.

Ammo olis yoʻl bosib kelgan savdogar bu qoʻlyozma bebaholigini vaj etib, sotgani unamadi.Ilojsiz qolgan mulozimlar oʻyga botishdi. Saroyga quruq qoʻl bilan qaytish kundaga bosh qoʻymoq bilan barobar. Ammo oʻlimdan boʻlak har qanday mushkulotning yechimi bor. Mulozimlar bir muddat oʻyga tolib, savdogardan Buxoroda uzoqroq qolishni soʻradilar. U koʻndi.”Qirq kun qoʻnoq boʻlaman”, deya rozilik berdi.

-Shundan soʻng amirning xos vakillari hukmdor nomidan “Qaysi kotib shu qoʻlyozmani qirq kun ichida risoladagidek koʻchirib nusxa olsa, ming tillo pul va hadyalar berilur, deya shaharu qishloqlarga jar solishadi, - deydi buxorolik zukko olim Husen Joʻrayev. - Biroq qisqa muddat ichida shunday nozik va qiyin, masʼuliyatli ishni bajarishga jurʼat etadigan xattot bormikan? Oʻrtaga ana shu muammo qalqib chiqdi. Baxtga qarshi kotiblardan sado chiqmadi. Shunda Buxoroning Gulzor mavzesida umrguzaronlik qiluvchi Mirzo Muhammad Fozil xattot bu yumushni zimmasiga oldi.

Aytishlaricha, xattot hujrasiga qamalib olgan koʻyi qirq kun davomida qoʻlyozma devon asliyatidan nusxa koʻchirish bilan mashgʻul boʻladi. Muddat tugagach, Arkka – amir saroyiga yoʻl oladi. Buxoro aholisi ham bu kunni uzoq kutgan, zero, koʻngillar Bedil sheʼriyatidan bahramand boʻlmoq havasi bilan limmo – lim toʻlgan edi.

Buni qarangki, xattot tushmagur taxminan besh yuz varaq hajmidagi devondan bir emas, ikki nusxa koʻchirishga ulgurgan ekan. Ularning biri amir uchun, ikkinchisi esa oʻziga, oʻzi orqali nazm ixlosmandlariga moʻljallangan edi.Vaʼdaga koʻra, xattotga iltifot koʻrsatildi. Pul berilib, boshdan oyoq sarupo qilindi.

— 1803-yilda roʻy bergan bu voqea sabab Bedil devoni Movarounnahrga tarqalib ketdi,- deydi xattotlik sanʼatiga oid tadqiqotlar olib borgan Husen Joʻrayev.- Bir zahmatkash xattotning mashaqqatli mehnati ortidan minglab kishilar shoir sheʼrlarini mutolaa qilish, unga gʻoyibona doʻst tutinish, maʼnaviy ozuqa olish baxtiga muyassar boʻldilar.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер