Rang-barang tasvirlarda — islohotlar odimlari

22:41 18 Fevral 2026 Jamiyat
104 0

Samarqandda Oʻzbekiston Respublikasi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targʻib qilish, belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga bagʻishlangan koʻrgazmali seminari oʻtkazildi. Unda ijodiy uyushmaning kengash aʼzolari, hududiy boʻlimlari rahbar va xodimlari, hamkor tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Tadbir avvalida koʻhna shahar tuprogʻida mangu qoʻnim topgan ulugʻlar maqbarasi ziyorat qilindi. Yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasiga borilib, bu yerda amalga oshirilgan ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan tanishildi.

Seminarda Prezidentimiz tomonidan 16-fevral kuni qabul qilingan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni bilan joriy yilga moʻljallangan ustuvor islohotlar yoʻnalishlari belgilab berilgani taʼkidlandi.

— Farmon va u asosida tasdiqlangan dasturga koʻra, joriy yilda mahallalar infratuzilmasini takomillashtirishga 20 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasi olib kiriladi, — dedi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi boshqaruvi raisi Isfandiyor Latipov. — Bunday keng koʻlamli ish nafaqat hukumat va mahalliy hokimliklar, davlat organlariga, balki barcha tashkilotlar, ijodiy uyushmalari va har bir fuqaro zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Bu oʻzgarishlar va ularning ahamiyatini xalqimizga koʻrsatish, butun dunyoga namoyon etishda “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining munosib oʻrni, faol pozitsiyasi boʻlishi lozim. Shuning uchun yil avvalida sizlar bilan uchrashib, bu boradagi vazifalarimizni belgilab olishga qaror qildik.

Tadbirda mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, aholining turmush darajasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va bu jarayondan yurtdoshlarimizni tasviriy vositalar orqali keng xabardor etishda “Tasviriy oyina”ning oʻrni muhim ekani taʼkidlandi. Shu bilan birga tashkilot oldida turgan vazifalar va ularning ijrosida eʼtibor qaratilishi kerak boʻlgan jihatlar haqida soʻz yuritildi.

Shuningdek, ijodiy uyushma tomonidan 2025-yilda amalga oshirilgan loyihalar tahlil qilinib, 2026-yil davlat dasturi asosida rejalashtirilgan vazifalarni samarali amalga oshirish usullari muhokama qilindi. Ijodiy uyushma hududiy boʻlimlarining eng yaxshi ishlari namoyish etilib, ilgʻor tajribalarni ommalashtirishga qaror qilindi. Joriy yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligi va yana qator allomalar, adiblar yubiley sanalari keng nishonlanishi munosabati bilan tayyorlanishi kerak boʻlgan targʻibot materiallari, ularning namunalari kelishib olindi.

Seminarda ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar kelgusida sohani rivojlantirish, joylarda madaniy-maʼrifiy ishlarni kuchaytirish hamda tasviriy targʻibot vositalarining taʼsirchanligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер