Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Har bir millat oʻzligi qadimiy naqshu bezaklarda, ipaklari yaltirab jilo sochuvchi kashta va zaru nigorlarda aks etib turadi. Garchi kasbim shifokor boʻlsa-da, ajdodlarimiz aql-idroki, mehri va tabarruk qoʻl izlari qolgan, har naqshi chuqur maʼno-mohiyatga ega kashtalarga bolaligimdan mehrim juda baland edi. Havas kuchlilik qilib, 2017-yilda mahallada kasbimga qoʻshimcha hunarmandlar maskanini ochdim.
Yangi Sebzor mahallasidagi tashlandiq va suv va gazdan qarzdor bir binoni olib, elektr tushirib, gazga ulab, obdan taʼmirlab, koʻrkam maskanga aylantirdim. Bunda albatta, menga “mahalla yettiligi” katta koʻmak berdi. Bankdan kredit olishimda va mahalladagi hunarmandchilikka ishtiyoqmand kishilarni jalb qilishda bosh-qosh boʻlishdi. Eʼtibor va gʻamxoʻrliklarga javoban 14 ta yangi ish oʻrni ochib, mahalla bolalarini bepul hunar oʻrganishiga imkoniyat yaratib berdik.
Bugungi kunda hunarmandlar maskani eng gavjum va koʻrkam goʻshaga aylandi. Toʻqish, tikish, naqsh chizish, kartinkalarga qoʻlda bezak berish, oʻyinchoqlar tikish, sumka va ayollar liboslarini yaratish kabi hunarmandchilik ashyolari bejirim va xaridorlar didiga mos tarzda taqdim etilmoqda. Eng quvonarlisi, mahalla yoshlari qalbida milliy hunarmandchilikka va qadimiy qadriyatlarga havas uygʻonmoqda. Buni chuqur anglagan ota-onalar farzandlarini hunarmandlar maskanida vaqtini sermazmun oʻtkazishi uchun imkoniyat yaratib bermoqda.
“Hunarli odam baxtli odam” deyishlari rost ekan. Bunga shu maskanni ochib, hayotim ijobiy tomonga oʻzgarib ketganini misol qilib keltirishim mumkin. Uch farzandim tarbiyasi, ularning ilm egallashi va jamiyatimizga naf keltiradigan mutaxassis boʻlib ulgʻayishiga gʻamxoʻrlik qilyapman. Inson oʻz mehnati bilan oʻz biznesini yaratsa, halol ishlasa, albatta, katta yutuqlarni qoʻlga kiritadi. Shu jihatdan hunarmandchilik meni shunday istiqbolli manzillar sari chorlamoqda.
Zotan, bugungi shiddatkor davrning oʻzi biz hunarmandlar zimmasiga ulkan vazifalar yuklamoqda. Maskanimizda qoʻl mehnati bilan zeb berilayotgan milliy mahsulotlarga xorijda ham xaridorlar koʻpaymoqda. Shuning uchun biz xalqaro koʻrgazmalarda va nufuzli tanlovlarda ishtirok etib, yuqori oʻrinlarni egallashga intilyapmiz. Intilganga tole yor, deganlaridek, hunarmandlarimiz aql-zakosi bilan dunyoga kelayotgan nafis va serjilo milliy mahsulotlarimiz albatta, dunyoda ham oʻz oʻrniga ega boʻladi.
Gulbahor OʻRINOVA,
Hunarmand.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring