Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda

19:35 10 Fevral 2026 Ilm-fan
1220 0

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti tadqiqotchisi, yosh olim Olimjon Boymatov tomonidan amalga oshirilgan ilmiy kashfiyot sohada tub burilish yasadi. Tadqiqotchi tomonidan 3D bioprinterlar uchun zarur boʻlgan bio-siyohni mahalliy oʻsimlik xomashyolaridan olish usuli ishlab chiqildi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish agentligi xabar berdi.

Germaniyada oʻtalgan ilmiy stajirovka yakunida yaratilgan mazkur ishlanma Intellektual mulk agentligi tomonidan ijobiy xulosa olgan boʻlib, ayni paytda patentlash jarayonidan oʻtkazilmoqda.

— Yurtimiz olimlari uzoq yillar davomida inson organizmiga toʻliq mos, zararsiz, shu bilan birga iqtisodiy jihatdan arzon va mahalliy sharoitda ishlab chiqarish mumkin boʻlgan bio-siyoh yaratish ustida izlanib kelayotgan edi. Biroq avvalgi natijalar kutilgan darajada samarali boʻlmagan. 2024-yilda Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan eʼlon qilingan stajirovka tanlovida ishtirok etib, Germaniyaning nufuzli Leibniz universitetida zamonaviy bioprint texnologiyalari hamda gidrogellar olishning yangi metodlarini oʻrgandim. Natijada inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkonini beruvchi bio-siyoh boʻyicha ijobiy ilmiy xulosalarga erishdik. Yangi gidrogel tarkibi mahalliy oʻsimlik polisaxaridlariga asoslangan boʻlib, unda inson hujayralari — iMSClar yashay oladi va faol rivojlanadi. Bu esa inson tanasiga begona boʻlmagan, tez moslashuvchi va xavfsiz sunʼiy aʼzolar hamda toʻqimalarni chop etishda nihoyatda muhim ahamiyatga ega, — deydi Olimjon Boymatov.

Bugungi kunda dunyo boʻylab millionlab insonlar hayotini saqlab qolish uchun organ koʻchirib oʻtkazish amaliyotini kutib yashamoqda. Donor yetishmovchiligi bu boradagi asosiy muammolardan biri boʻlib qolmoqda. Shu bois jahon olimlari tomonidan 3D bioprinter texnologiyalarini rivojlantirishga doir izlanishlar izchil olib borilmoqda. Ilmiy tadqiqotlar natijalari qon tomirlari, teri va togʻaylar bilan bir qatorda yurak, jigar va buyrak kabi murakkab organlarni ham ushbu texnologiya orqali yaratish mumkinligini tasdiqlamoqda.

Shu sababli global miqyosda bio-siyohga boʻlgan talab nihoyatda yuqori boʻlib, uning bozordagi narxi ham juda qimmat. Mahalliy xomashyo asosida yaratilgan ushbu innovatsion ishlanma esa kelajakda donorlik aʼzolariga boʻlgan ehtiyojni sezilarli darajada qoplash, minglab insonlar hayotini saqlab qolish imkonini beradi. Qolaversa, bu kashfiyot Oʻzbekiston ilm-fani va tibbiyoti rivojida muhim bosqich sanaladi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, 2025-yilda Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan eʼlon qilingan stajirovka tanlovlari natijasida 147 nafar yosh olim xorijda ilmiy stajirovka oʻtaydi. Toʻliq davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan ushbu dasturlar yosh tadqiqotchilarga oʻz ilmiy ishlanmalarini takomillashtirish, yangi texnologiyalarni oʻzlashtirish va yurtimiz ilm-faniga munosib hissa qoʻshish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?