Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
Bugun globallashuv jarayonlari jadal kechayotgan bir paytda milliy oʻzlikni asrash, azaliy qadriyat va anʼanalarni saqlab qolish hamda ularni kelajak avlodga yetkazish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu jihatdan milliy madaniyat, urf-odat va maʼnaviy merosni zamon talablariga mos tarzda keng targʻib qilish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023-yil 22-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi, maxsus veb-platforma hamda mobil ilova ishlab chiqildi.
Bugun, 4-fevral kuni Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan “Milliy qadriyatlar atlasi” nomli kitob-albomi taqdimot qilindi. Ushbu taqdimot marosimida kitob mualliflari, akademiklar, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Xasanov kirish soʻzi bilan ochib berdi. U oʻz nutqida “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomining yaratilish tarixi, loyihani amalga oshirishdan koʻzlangan maqsad va uning ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtdi. Mazkur nashr milliy qadriyatlarni tizimli tarzda jamlash, ularni ilmiy asosda tahlil qilish hamda zamonaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka, jumladan, yosh avlod va xorijiy auditoriyaga yetkazish, shuningdek, ushbu kitob-albom milliy oʻzlikni anglash, tarixiy xotirani mustahkamlash va maʼnaviy merosni asrash yoʻlidagi muhim manba ekani taʼkidlandi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur loyiha doirasida 28 nafar olim, ziyoli va yuqori malakali mutaxassislardan iborat ijodiy guruh faoliyat olib borgan. Mutaxassislar tomonidan Yangi Oʻzbekistonning milliy qadriyatlari, milliy-axloqiy qadriyatlar, urf-odatlar, marosimlar, bayramlar, milliy oʻyinlar, milliy-tabiiy va milliy-badiiy qadriyatlar kabi 8 ta yoʻnalish boʻyicha keng qamrovli ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilgan.
Nashrni tayyorlash jarayonida 1,7 mingdan ortiq matn, 3 mingdan ziyod fotosurat, 300 dan ortiq milliy qoʻshiq hamda 2 mingga yaqin video va audio materiallar tahlil qilingan. Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi barcha hududlardan jamlangan materiallar asosida oʻzbek, ingliz va rus tillarida nashr etilgan.
Kitobda Markaziy Osiyoda shakllangan yuksak ilmiy-madaniy muhit ifoda etiladi. Qadimgi turkiy bitiklar, xalq ogʻzaki ijodi namunalari, shuningdek, allomalar merosi milliy qadriyatlarning asosiy manbalari sifatida tahlil qilinadi. Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va islom qadriyatlarining yuksalishi alohida eʼtirof etilgan. Shuningdek, millat va milliy qadriyatlar oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik, ularning etnik makon, til, tarixiy xotira va genofond bilan chambarchas aloqadorligi ochib beriladi. Oʻzbek xalqiga xos urf-odatlar, oila va jamiyatdagi axloqiy meʼyorlar milliy qadriyatlarning amaliy ifodasi sifatida talqin qilingan.
Taqdimot tadbiri davomida kitob-albom bilan bir qatorda, nashr uchun foydalanilgan materiallar asosida “qadriyatim.uz” elektron platformasi hamda uning mobil ilovasi ham namoyish etildi. Mazkur platforma doimiy ravishda yangilanib boriladigan interaktiv axborot bazasi boʻlib, u xorijiy foydalanuvchilar va chet eldagi vatandoshlarga milliy qadriyatlar, moddiy va nomoddiy madaniy meros haqida bir nechta xorijiy tillarda maʼlumot taqdim etadi. Ayni vaqtda “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi mamlakat boʻylab oliy taʼlim muassasalari, milliy madaniyat markazlari va turistik obyektlarda keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda.
Tadbir yakunida joriy yilda “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan hamkorlikda ushbu kitob-albomni qoʻshimcha ming nusxada chop etish, xorijdagi vatandoshlar va diaspora vakillari ishtirokida elchixonalarda taqdimotlar oʻtkazish, shuningdek, kitob-albomning oʻzbek, ingliz va xitoy tillaridagi yangi nashrlarini tayyorlash rejalashtirilayotgani taʼkidlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring