Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga
Samarqand shahri, uning muhiti va maktabi ne-ne buyuk shaxslar hayotida yuksak oʻrin tutadi. Alisher Navoiy hazratlari ham oʻz asarlarida ushbu qadimiy kentda oʻtgan umri, orttirgan doʻstlari va maʼnaviy muhitni alohida mehr bilan koʻp bor yodga oladi. Navoiyshunos olima, Samarqand davlat chet tillari universiteti professori Dilorom SALOHIY bilan suhbatimiz buyuk shoirning ushbu tabarruk zaminda qolgan izlari haqida boʻldi.
— Samarqandda Alisher Navoiy hayotining eng joʻshqin davri kechgan, — deydi Dilorom Salohiy. — U bu yerga mashhur shoir boʻlib kelgan. Samarqand hokimi Ahmad Hojibek Vafoiy uni oʻz martabasiga munosib tarzda izzat-ikrom qilgan. Yirik olimlar unga dars berganlarida alohida eʼtibor bilan munosabatda boʻladi.
Samarqand — hazrat Navoiyning Mashhadda Shayx Kamol Turbatiy, Pahlavon Muhammad vositasida shakllana boshlagan falsafiy-maʼrifiy, diniy-tasavvufiy qiziqishlari bir oʻzanga tushishiga yoʻl ochgan, bu sohadagi dunyoqarashi shakllanishiga imkon yaratgan shaharlardan biri. Akademik Botirxon Valixoʻjayev xulosalariga koʻra, hazrat Navoiy Hirotdan chiqib ketishni niyat qilar ekan, qaysi shaharni tanlash oʻzining ixtiyorida edi. Ul zot Kamol Turbatiydek, Pahlavon Muhammaddek doʻst-u yorlari bor boʻlgan shahar — Mashhadni tanlashi ham mumkin edi. Buning ustiga, shoir Hirotdan ketar paytlari maʼnaviy otaxoni Sayyid Hasan Ardasher ham Mashhadda edi. Ammo Navoiy Samarqandni tanladi. Chunki bu yerda aqli kamolga yetgan, qalamining shuhrati keng yoyilgan yosh shoirni mehrigiyo singari oʻziga tortib turgan yangi ilmi irfon dargʻasi, piri komil Hazrati Xoja Ahror Vali bor edi.
Navoiyshunos olim B. Valixoʻjayev Alisher Navoiyning Shayx Xoja Ahror Vali nazariga tushishi, uning iltifotiga musharraf boʻlishi, yirik faqix Xoja Fazlulloh Abullays Samarqandiy va uning oilasi bilan munosabatlari, Samarqandda yaratilgan yoki bu shahar bilan bogʻliq asarlari xususida fikr yuritadi. U oʻzigacha yaratilgan tadqiqotlarni toʻldirishga, yangi ilmiy maʼlumotlar bilan boyitishga intilarkan, shoirning naqshbandiya tariqatiga rasman kirishi ham ushbu koʻhna kent bilan bevosita bogʻliq edi, degan fikrni oʻrtaga tashlaydi. Olim Navoiyning samarqandlik yor-u birodarlari, eng qadrli hamsaboq doʻstlari bilan munosabatlarini ham nazardan qochirmaydi.
Alisher Navoiy oʻzining Hirotdan chiqib ketishi sabablarini soʻzlab, ustozi Sayid Hasan Ardasherga yoʻllagan mashhur “Masnaviy”sida bir tolibi ilmning musofirlikdagi qiyinchiliklarini bayon etarkan, bevosita oʻz hayoti tafsilotlariga ishora qiladi.
— Ulugʻ shoir yashagan Samarqanddagi Abullaysiylar xonadoni hozir ham bormi?
— Abullaysiylar xonadonining sohibi XV asr ikkinchi yarmida Samarqandda faoliyat koʻrsatgan, ilm-fan va adabiyot sohasida koʻzga koʻringan vakili — Xoja Fazlulloh Abullaysiy edi. Bu fozil shaxs haqida hozircha juda kam maʼlumot yetib kelgan. Ammo manbalarda Xoja Fazlulloh Abullaysiy “Movarounnahr akobirlaridan biri” (Abdurazzoq Samarqandiy), davrining Abu Hanifai soniysi (Alisher Navoiy), Ibn Hojibi, Abu Ali Sinosi (Xondamir), xullas, aʼlami ulamosi tarzida tilga olinadi. U Mirzo Ulugʻbek nazdida juda eʼtiborli allomalardan edi. Xoja Fazlulloh Abullaysiy Samarqanddagi ajdodlari yashagan Al-Faqih Abullays guzarida bino qilingan xonaqosida tolibi ilmlarga fiqh, tib, tilshunoslik va adabiyotshunoslik boʻyicha dars bergan. Tolibi ilmlar qatorida bu yerda Alisher Navoiy ham boʻlgan.
Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”da keltirishicha, Abusaid Mirzo tomonidan Samarqandga “ixroj” qilingan Alisher Navoiyning homiysi shahar hokimi Ahmad Hojibek Vafoiy edi. Navoiy bu kishi koʻmagida Xoja Fazlulloh Abullaysiy xonaqohidan hujra olib, ikki yil shu yerda yashab, mashhur olimdan tilshunoslik, adabiyotshunoslik, fiqh — islom qonunshunosligidan saboq oldi. Oʻzining qobiliyati tufayli ustozining eʼtiborini qozondi va shu darajaga yetdiki, Xoja Fazlulloh Abullaysiy uni “farzandim” derdi.
Alisher Navoiy 1469-yilda Hirotga qaytib, davlat arbobi sifatida ish boshlaganda ham, umuman, umrining oxiriga qadar bu xonadonni unutmadi. Samarqand bilan aloqasini yanada mustahkamladi. Shuning uchun koʻpgina samarqandlik alloma va shoirlar Hirotga borganida, Alisher Navoiy iltifotidan bahramand boʻlardi. Abullaysiylar xonadonining ikki vakili — Xoja Fazlulloh Abullaysiyning farzandi Xoja Xovand Abullaysiy va shu xonadonga mansub Xoja Abulqosim Abullaysiy shular jumlasidan. Bularning ikkovi ham Navoiy iltifotidan bahramand boʻlgani uchun oʻz minnatdorligini kitoblar yozish bilan ifoda etgan. Xoja Xovand ibn Fazlulloh Abullaysiy “Hoshiyai miftoh” va “Hoshiyai talmih” asarlarini, Xoja Abulqosim Abullaysiy esa “Hoshiyai mutavval” asarini Navoiyga bagʻishlagan. Demak, Abullaysiylar xonadonining bu ikki namoyandasi Alisher Navoiy koʻmagida shu xonadon ilmiy anʼanalarini davom ettirgan.
Hozirgi kunda Samarqand shahrida Xoja Fazlulloh Abullaysiy yashagan mahallada uning uy-muzeyi bunyod qilingan.
— Alisher Navoiyning Samarqanddagi asarlari qanchalik oʻrganilgan?
— Alisher Navoiy asarlarining nodir qoʻlyozma nusxalari bugungi kunga qadar Samarqand davlat universiteti kutubxonasi Sharq qoʻlyozmalari boʻlimida, Samarqand Bosh muzey qoʻriqxonasi fondlarida, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kutubxonasida saqlanadi. Bu nodir qoʻlyozmalar haqida biz oʻzimizning tadqiqot ishlarimizda maʼlumot berganmiz. Ayniqsa, SamDU kutubxonasida Navoiy hazratlarining oʻn oltinchi asrga oid shohona bezaklar bilan ziynatlangan “Badoeʼ ul-bidoya” nomli devoni saqlanishi eʼtiborga molik. Ammo hanuzgacha qadar Alisher Navoiyning Samarqandda saqlanayotgan qoʻlyozma va toshbosma asarlari bibliografiyasi qilinmagan.
Baʼzi manbalarda shoirning Samarqandda yozilgan asarlari xususida maʼlumotlar bor. Navoiyning:
Koʻkragimdir subhning pirohanidin chokrok,
Kirpikim shabnam toʻkilgan sabzadin namnokrok
matlasi bilan boshlanuvchi ajoyib diltortar gʻazali Samarqandda yozilgani haqida Botirxon Valixoʻjayev qiziqarli maʼlumotlar keltiradi. Shoirning zulqofiyatayn sanʼati bilan darj etilgan, oʻtkir fahm-farosati bilan “saromadi zamona” sanalgan doʻsti Mirzobek xotirasiga yozib tugatilgan:
Koʻzung ne balo qaro boʻlubtur,
Kim jonga qaro balo boʻlubtur
deb boshlanuvchi gʻazali ham Samarqanddagi ijodiyoti namunalaridan biridir. U doʻsti qalami natijasi boʻlgan mazkur matlani uning xotirasini abadiylashtirish uchun toʻliq gʻazal holiga keltirgani haqida “Majolis un-nafois” tazkirasida maʼlumot beradi.
Navoiyning Samarqanddagi adabiy-ilmiy faoliyati hali juda koʻp tadqiqotlar uchun mavzu boʻlishi mumkin. Navoiyshunoslik sohasida izlanishlar olib boruvchilar shoirning bu yerda aniq va tabiiy fanlarni oʻrganish boʻyicha qilgan saʼy-harakatlari, qiziqishlari doirasi haqida chuqurroq fikr yuritmogʻi, uning maktubotidagi Samarqand bilan bogʻliq tafsilotlarga aniqlik kiritishlari, Samarqanddagi qadamjolari xaritasi xususida oʻylab koʻrmogʻi lozim. Shoir sheʼriyatida osmon jismlari, sayyoralar bilan bogʻliq chuqur ilmiy mulohazalar koʻzga tashlanadi. Bu uning Mirzo Ulugʻbek rasadxonasida olgan taʼlimi samaralari emasmikin? Bu kabi qator savollarga javob topish uchun hali tolibi ilmlar ixlos bilan juda koʻp izlanishlar olib borishlari lozim.
— Bugun shoir asarlarini aslidan uzoqlashtirmay tabdil qilish, adabiy merosni keng auditoriyaga yetkazish va uning fikriy-maʼnaviy qadriyatlarini xalqaro miqyosda anglash qanchalik muhim?
— Alisher Navoiy asarlari yozilgan til XIX-XX asrlarda “chigʻatoy turkiysi” deb atalgan, yaʼni movarounnahrlik turkiy tilda soʻzlashuvchilar tili. Hazrat Navoiy ham oʻz tilini “turkiy” deb atagan va asarlarida shu istilohni qoʻllagan. “Oʻzbek tili” deyilganda esa qipchoq shevasida soʻzlashuvchi mahalliy xalqlar tili nazarda tutilgan.
Buyuk mutafakkir asarlarini, ayniqsa, gʻazallarini soʻzma-soʻz tarjima qilish, shundan soʻnggina ularni sharhlash, izohlash, talqin etish maqsadga muvofiq. Chunki shoir gʻazallarida arabiy, forsiy soʻz va iboralar, soʻfiyona istilohlar koʻplab qoʻllangan. Bu oʻsha davr ilmiy va adabiy uslublari xususiyati edi. Soʻfiyona istilohlarni oʻrni-oʻrniga qoʻyib, toʻgʻri qoʻllab, nasriy bayon qilib ham gʻazal mazmunini anglash mushkul. Gʻazalning ham gʻoyaviy maʼno-mazmunini anglash, ham uning badiiy qudratini qalban his etish lozim. Buning uchun hakimona fahm, oʻta nozik va hozirjavob ichki tuygʻu zarur. Albatta, mutafakkir ajdodimiz sheʼriyatini hamma birday osongina tushunavermaydi. Navoiyni tushunmoq uchun bilim kerak, fahm joiz, badiiy did darkor. U oʻzbek, qipchoq, qiyot, barlos, turk, oʻgʻuz, turkman kabi atamalarni asarlarida qoʻllash bilan birga: “Men bu tilda soʻzlashuvchilarni — ul mamlakatni yakqalam qildim”, yaʼni yozgan asarlarim bilan barcha turkiy tilda soʻzlashuvchi ellarni birlashtirdim, deydi. Shubhasiz, Hazrat Navoiyning oʻzidan ortiq qilib hech kim bu mavzuda soʻzlay olmaydi.
— Navoiy hazratlari bir ruboiysida:
Gʻurbatda gʻarib shodmon boʻlmas emish,
El anga shafiq-u mehrubon boʻlmas emish,
Oltin qafas ichra gar qizil gul butsa,
Bulbulgʻa tikondek oshyon boʻlmas emish,
deydi. Bu ruboiyning irfoniy maʼnosini sharhlab bersangiz?
— Misralarning zohiriy maʼnosiga nazar solsak, “gʻurbat” deganda musofirlik, “gʻarib” deganda esa musofir nazarda tutiladi. Haqiqatan ham, buyuk shoir Samarqandda “gʻurbat”da edi, qalbida Hirot sogʻinchi bor edi. Ammo bu yerda ul zoti sharif “gʻarib” edimi?!
Navoiy hazratlari Samarqanddagi hayotini bir “gʻarib” singari emas, balki “azizlik”da, “shodmonlik” bilan oʻtkazganligini yirik navoiyshunos olimlarimiz ham eʼtirof etgan, taʼkidlagan.
Albatta, Samarqandda Alisher Navoiy nomi bilan bogʻliq tarixiy maskanlarni saqlab qolmoq, obod etmoq lozim. Ammo ul zotning ruhi poklarini shod qilishni istasak, uning hikmatli qalamiga muhabbatni har birimiz qalbimizga naqsh etmogʻimiz shart! Chunki biz Haq taolo aziz qilgan, Mir Alisher Navoiysi bor millatmiz.
Adiba UMIROVA
(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida qisqa fursatga toʻxtagan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuv oʻtkazdi
- Shimol yogʻdusi — moʻjiza emas dahshat. Quyoshda X toifali kuchli chaqnash sodir boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring