Shahidlar uchun qasos, zararni qoplash va Hoʻrmuz boʻgʻozi: Eron yangi oliy rahbarining ilk murojaati eʼlon qilindi

21:33 12 Mart 2026 Dunyo
513 0

Eron AQSH va Isroildan yetkazilgan zarar uchun tovon puli talab qilish niyatida. Bu haqda mamlakatning yangi oliy rahbari Mujtabo Xomanaiyning Eron davlat teleradiokompaniyasi tomonidan tarqatilgan bayonotida soʻz boradi. Uning oʻzi kameralar qarshisida koʻrinish bermadi.

Qayd etilishicha, Eron ikkilanmasdan shahidlar, jumladan, bolalarning qoni uchun qasos olishga tayyor.

— Biz shahidlarimizning qoni uchun qasos olishdan voz kechmaymiz. Biz rejalashtirgan qasos nafaqat inqilobning buyuk rahbari [Oyatulloh Ali Xomanaiy]ning shahid boʻlishiga tegishli. Millatimizning dushman tomonidan oʻldirilgan har bir vakili qasos uchun alohida asos boʻladi. Albatta, bu qasosning bir qismi amalga oshirildi, ammo u oxiriga yetkazilmaguncha, bu ish ustuvor vazifa boʻlib qoladi, ayniqsa, bolalarimizning qoni tufayli yuzaga kelgan alohida ogʻriqni hisobga olsak. Shuning uchun dushman Minabdagi maktabga nisbatan qasddan sodir etgan jinoyat va boshqa shunga oʻxshash holatlar alohida ahamiyatga ega, — deyiladi murojaatda.

Islom respublikasi qoʻshni davlatlar bilan doʻstlikka ishonadi va zarbalarni faqat ushbu mamlakatlardagi Amerika harbiy bazalariga yoʻllaydi.

— Yaqinda biz [AQSH] harbiy bazalariga zarba berdik va ogohlantirganimizdek, qoʻshni davlatlarga hujum qilmasdan, faqat ushbu bazalarga hujum qildik. Keyinchalik ham biz bu harakatlarni davom ettirishga majbur boʻlamiz, garchi hamon qoʻshnilarimiz bilan doʻstlikka ishonsak-da, — deyiladi maktubda.

Eron qoʻshni davlatlarni Amerika bazalarini yopishga chaqirdi.

— Men ularga bazalarni imkon qadar tezroq yopishni maslahat beraman, chunki ular AQSHning xavfsizlik va tinchlikni saqlash haqidagi daʼvolari yolgʻondan boshqa narsa emasligini allaqachon tushunib yetgan boʻlsalar kerak, — deyiladi Xomanaiyning murojaatida.

Eron oliy rahbari Livanning “Hizbulloh” harakati va “Iroq islomiy qarshilik kuchlari”ga Tehronni mojaroda qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Qayd etilishicha, Islom respublikasi dushmanga bosim oʻtkazish uchun Hoʻrmuz boʻgʻozini toʻsib qoʻyish imkoniyatlarini saqlab qolishi kerak. Shuningdek, bayonotda boshqa frontlarni ochish boʻyicha tadqiqotlar olib borilayotgani koʻrsatilgan.

Eron rasmiylari AQSH va Isroildan ularning Islom respublikasi hududiga uyushtirgan hujumlari davomida yetkazilgan zarar uchun tovon puli talab qilmoqchi.

— Shuni taʼkidlash kerakki, biz har qanday holatda ham dushmandan tovon talab qilamiz. Agar u rad etsa — biz ularning mulkidan oʻzimiz lozim deb topgan miqdorda olamiz. Agar buning iloji boʻlmasa — biz ularga xuddi shunday zarar yetkazamiz, — deyiladi murojaatda.

Mujtabo Xomanaiy AQSH va Isroil operatsiyasi natijasida rafiqasi va singlisi halok boʻlganini tasdiqladi.

— Yoʻqotishi hammaga maʼlum boʻlgan otamdan tashqari, men shahidlar safiga umid bogʻlagan aziz va vafodor rafiqamni, ota-onamga xizmat qilishga oʻzini bagʻishlagan va munosib mukofotini olgan fidoyi singlimni, shuningdek, uning kichkina farzandini berdim, — deyiladi maktubda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?