Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi keng nishonlanmoqda
Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”
14-fevral — temuriy shahzoda, buyuk sarkarda va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun. Bugun adib tavalludining 543 yilligi munosabati bilan respublikamiz hududlarida turli tadbirlar oʻtkazilib, shoir haykallari poyiga gullar qoʻyilmoqda. Ana shunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlardan biri Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida tashkil etildi.

“Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va faoliyati — vatanparvarlik namunasi” mavzusida oʻtkazilgan tadbirda ijodkorlar, yozuvchi va shoirlar, Jamoat xavfsizligi universiteti vakillari, talaba-yoshlar, harbiylar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Yigʻilganlar ulugʻ shoir ijodidan namunalar oʻqib, Mirzo Boburning tarixiy obrazini gavdalantirgan yoshlarning chiqishlarini tomosha qildi. Tadbir yakunida adib xotirasini abadiylashtirish maqsadida xiyobonda oʻrnatilgan haykal poyiga gulchambar qoʻyildi.




Soʻnggi yillarda Zahiriddin Muhammad Bobur nomi yanada ulugʻlanib, shoir hayoti va ijodini chuqur oʻrganish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Zero buyuk shoir merosini chuqur oʻrganish, uni zamonaviy ilm-fan va taʼlim jarayonlari bilan uygʻun holda targʻib etish oldimizda turgan muhim vazifalardan biri sanaladi.



Joriy yilning 5-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi doirasida Islomobod shahridagi koʻchalardan biriga, shuningdek, Toshkent va yangidan barpo etiladigan boqqa Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berilganini ham alohida qayd etish joiz. Bu qaror xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan ezgu intilishning yaqqol ramzi sifatida baholanmoqda.
Zahiriddin Muhammad Bobur oʻttizdan ortiq tilga tarjima qilingan mashhur “Boburnoma” asari muallifidir. Shuningdek, u benazir sheʼriy meros — ikki devon tuzgan, aruz ilmiga oid maxsus risola yaratgan, qonunchilikka oid “Mubayyin” masnaviysini yozgan, “Volidiya” asarini sheʼriy tarjima qilgan hamda “Xatti Boburiy” nomli alifboni ixtiro etgan.
Mirzo Boburning bizgacha yetib kelmagan “Harb ishi”, “Musiqa ilmi” kabi ilmiy asarlari ham maʼlum. Oʻzbek tilida aruz ilmiga oid eng mukammal asar sifatida eʼtirof etilgan “Aruz risolasi” ham uning qalamiga mansub boʻlib, unda buyuk shoirlar asarlari bilan bir qatorda muallifning oʻz sheʼrlari ham salmoqli oʻrin egallagan.
Mumtoz oʻzbek sheʼriyati tarixida Zahiriddin Muhammad Bobur shoir sifatida Alisher Navoiydan keyingi oʻrinda tilga olinadi. Bu bejiz emas, chunki sheʼr yozish uning uchun havas emas, balki oʻz taʼbi, didi va holat-ahvolini ifoda etish vositasi boʻlgan. U shunday yozgan:
Doʻstlarning suhbatida ne xush oʻlgʻay ahsi sheʼr,
To bilingay har kishining taʼbi birla holati.
Muhsin Umurzoqov,
Yunus Boʻriyev, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring