Oʻzbekistonda Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi
Oʻzbekistonda Mahallani rivojlantirish milliy institutini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Institut Oʻzbekiston Mahallalar faoliyatini ragʻbatlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan faoliyat yuritadi. Bu haqda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturi loyihasida belgilangan.
Loyihaga koʻra, Milliy institut hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy filiallari 2026-yil 1-martga qadar tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Institut mahalla tizimidagi rahbar va mutaxassis kadrlar, shuningdek, mahalla fuqarolar yigʻini raislarining malakasini oshirishga ixtisoslashadi. Ularning yiliga kamida bir marotaba reja-grafik asosida malaka oshirishi yoʻlga qoʻyiladi.
Hujjat loyihasiga muvofiq, 20 mingga yaqin mahalla tizimi xodimlari va “mahalla yettiligi” vakillari uchun malaka oshirish tizimi joriy etiladi. Shuningdek, Milliy institut huzurida magistratura bosqichi tashkil etilishi rejalashtirilgan.
2026/27-oʻquv yilidan boshlab 120 nafar mahalla tizimi xodimi va “mahalla yettiligi” vakili magistratura bosqichida taʼlim oladi. Taʼlim quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshiriladi:
— “Mahalla boshqaruvi”
— “Hududiy rejalashtirish va rivojlanish”
— “Liderlik va barqaror rivojlanish”
— “Ijtimoiy loyihalarni boshqarish va muvofiqlashtirish”
Oʻqitish ishlab chiqarishdan ajralgan holda bir yillik va ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ikki yillik shakllarda tashkil etiladi.
Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan Milliy institut faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 5 milliard soʻm mablagʻ ajratish, shuningdek, institut va uning hududiy filiallarini bino bilan taʼminlash rejalashtirilgan.
Loyihada “mahalla yettiligi” faoliyatini tashkil etish jarayonlarini isloh qilish ham nazarda tutilgan. Jumladan, 2026-yil 1-iyuldan boshlab hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, ijtimoiy xodim va soliq inspektorini tuman (shahar) hokimi tomonidan lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish amaliyoti joriy etiladi.
Bu haqda 23-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda ham maʼlum qilingan.
Shuningdek, 500 ta mahallada tajriba tariqasida “mahalla yettiligi” vakillarini oʻzlari istiqomat qilayotgan yoki yondosh mahalladan tayinlash amaliyoti joriy etiladi. Ularni yigʻilish va tadbirlarga jalb qilish faqat fuqarolar yigʻini raisi ruxsati bilan amalga oshiriladi. Vazifalariga daxldor boʻlmagan topshiriqlarni yuklash qatʼiyan taqiqlanadi.
Mazkur talablar buzilgan taqdirda, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi davlat organlari va tashkilotlarining masʼul shaxslariga nisbatan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan choralar koʻrish boʻyicha har oyda Bosh vazirga takliflar kiritib boradi.
Ushbu hujjat loyihasining jamoatchilik muhokamasi 2026-yil 7-fevralga qadar davom etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring