Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)

00:34 17 Yanvar 2026 Jamiyat
100 0

Maʼlumki, joriy yilning 15-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish, diplomatik korpus faoliyati samaradorligini oshirish hamda elchilar oldidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Xususan, turizm sohasida elchilarning rolini kuchaytirish, turizm va madaniyat yoʻnalishidagi ishlarni yangi yondashuvlar asosida tashkil etish, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada mustahkamlash, vizasiz rejim imkoniyatlaridan keng foydalanish muhimligi alohida taʼkidlandi. Bu yoʻnalishda milliy madaniy merosni xalqaro miqyosda tizimli targʻib etishga qaratilgan yangi yondashuvlar zarur ekani qayd etildi.

Shu munosabat bilan, mazkur yigʻilish ishtirokchilari va diplomatik korpus vakillaridan iborat jami 60 nafar delegatsiya aʼzolari yurtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur markazning gʻoyaviy mazmuni va amaliy ahamiyati mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari markazning shon-sharaf zali, noyob arxitekturasi, shuningdek, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy va maʼnaviy merosini aks ettiruvchi mahobatli ravoqlar bilan tanishdi. Shuningdek, Islomdan avvalgi davr, birinchi va ikkinchi Renessans, bundan tashqari, “Yangi Oʻzbekiston — yangi Renessans poydevori” boʻlimlarini oʻz ichiga olgan muzey ekspozitsiyasini koʻzdan kechirib, chuqur taassurot olishdi.

Taʼkidlash joizki, ushbu markaz faoliyati orqali Islom sivilizatsiyasining jahon taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi, Markaziy Osiyo zaminidan yetishib chiqqan allomalarning ilmiy merosi hamda ularning umumbashariy ahamiyati yaqqol namoyon etilmoqda. Delegatsiya aʼzolari mazkur loyihaning nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyo miqyosida oʻziga xos maʼnaviy-maʼrifiy platforma sifatida muhim ahamiyat kasb etishini alohida eʼtirof etdi.

Tashrif yakunida Islom sivilizatsiyasi markazi kelgusida xalqaro turizmni rivojlantirish, madaniy muloqotni kengaytirish hamda Oʻzbekistonning boy tarixiy-maʼnaviy merosini jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim maskanga aylanishi qayd etildi.

Otabek SAIDAHMADOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?