Qoʻldan berganga qush toʻymaydi
Turmush oʻrtogʻining bevaqt vafot etishi Nargiza Hamidovani (ayrim mulohazalarga koʻra ism-sharifi oʻzgartirilgan) mushkul ahvolga solib qoʻydi. Uyda oʻtirib qolgan, qaramogʻida ikki norasida farzandi boʻlgan ayolga mahalla-koʻy imkon qadar koʻmaklashdi, albatta.
Ammo qoʻldan berganga qush toʻymaydi, deganlaricha bor. Nargizaning bandligini taʼminlash orqali masalaga yechim topish mumkin edi. Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi, “ayollar daftari”da turgan N.Hamidova boshqarmamiz yordamida kasb-hunarga oʻqitildi. Unga subsidiya asosida tikuv mashinasi ajratildi. Oʻz oldiga aniq maqsadni qoʻygan bu ayol asta-sekin mahallaning qoʻli gul chevariga aylandi. Muhimi, bir oila kambagʻallikdan xalos boʻldi. Uning ertangi kunga boʻlgan ishonchi mustahkamlandi.
— Davlatimizga rahmat. Bir paytlar oʻzimni jar yoqasida turgandek his etardim, — deydi N.Hamidova. — Endi qiyinchiliklar ortda qoldi. Roʻzgʻorimga qut-baraka kirdi.
Bu hayotiy misolga eʼtiborni qaratganimiz bejiz emas. Mamlakatimizdagi islohotlarning pirovard maqsadi kambagʻallikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishdir. Shu bois, Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimiz turmushini yaxshilash yoʻlida juda katta ishlar bajarilmoqda.
Bilasiz, ehtiyojmandlar bilan manzilli ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim — “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” joriy etilgan. Buning natijasida sohada tizimli, manzilli ish yoʻlga qoʻyildi. Jumladan viloyatimizda 2024-yilning 1-yanvar holatida 54,4 mingta kambagʻal oila borligi aniqlangandi. Kambagʻallik darajasi umumiy aholi soniga nisbatan 11,8 foizni tashkil etgan edi. Joriy yilning 1-sentyabriga kelib 32,3 mingta oila, ularda istiqomat qiluvchi 106,7 ming aholi kambagʻallikdan chiqarildi. Bunga 11 ming nafardan ziyod fuqaroga imtiyozli kredit, 1300 kishiga subsidiya ajratilgani, salkam 16 ming nafar yurtdoshimiz doimiy ish oʻrinlariga joylashtirilgani, qariyb 4 ming fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitilgani evaziga erishildi.
Ayni paytda bu yoʻnalishdagi ishlarni davom ettirib, “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi ijrosini taʼminlash saʼy-harakatidamiz. Davlatimiz rahbarining shu yil 23-sentyabridagi tegishli qarori bunda jamoamiz uchun dasturilamal vazifasini oʻtamoqda.
Anvar HAMROYEV,
Buxoro viloyat Kambagʻallikni qisqartirish
va bandlik boshqarmasi boshligʻi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring