Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari

Maʼlumki, 19-yanvar kuni AQSHning Los-Anjeles shahrida “UFC 311” turniri boʻlib oʻtadi. Kutilmaganda mazkur turnirning markaziy jangi hisoblangan Islam Maxachev va Arman Sarukyan oʻrtasidagi toʻqnashuv bekor qilindi. Bunga Sarukyanning vazn tashlash jarayonida olgan jarohati sabab boʻldi. Endi Islamga yangi raqib — braziliyalik Renato Moykano qarshi turadi.
Arman Sarukyanning chiqishi bekor qilingani haqidagi xabar uning oʻzi tomonidan tasdiqlandi. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday bayonot berdi: “Afsus bilan shuni maʼlum qilmoqchimanki, vazn tashlash jarayonida belimdan olgan jarohatim sabab «UFC 311” turnirida ishtirok eta olmayman. Ha, shunday boʻlib qoldi. Bu mening faoliyatimdagi eng qiyin qaror boʻldi. Promoushen rahbarlariga meni tushunib, qoʻllab-quvvatlaganlari uchun minnatdorlik bildiraman. Sabrsizlik bilan keyingi chempionlik imkoniyatini kutaman», dedi Sarukyan.
Islam Maxachev Sarukyanning safdan chiqishiga nisbatan oʻz fikrini bildirib, yangi raqib bilan jangga tayyor ekanini maʼlum qildi. “Bu chempionlik kamari oʻzida nimani mujassam etgan? Titul sen dunyoning eng yaxshisi ekaningni anglatadi. Agar sen eng zoʻri boʻlsang, kimni raqib sifatida berishlarining ahamiyati yoʻq. Nima deyishim kerak? Yoʻq? Hech qachon! Kelinglar, buni amalga oshiramiz!” dedi u.
Shuningdek, u UFC rahbari Dana Uaytga murojaat qildi: “Dana Uayt, endi sen eng yaxshi P4P jangchisi kim ekanini bilasan”, dedi u ijtimoiy tarmoqdagi murojaatida. Sarukyanning jangdan chetlatilishi Renato Moykano uchun chempionlik kamari uchun kurashish imkoniyatini yaratib berdi.
“Moykano chempionlik kamari uchun bormoqda! Islam Maxachev, tayyor tur! Ertaga mening kunim boʻladi. Kutilmagan bu imkoniyat taqdim etilganidan oʻzimda yoʻq xursandman. Men bejizga besh raundlik janglarga chapaqay usuldagi jangchilar bilan tayyorgarlik koʻrmagan ekanman. Astoydil mehnat qilayotgandim. Qachonlardir chempionlik imkoniyati berilishini kutib yashayotgandim. Ertaga dunyoni larzaga solaman. Men jahon chempioni boʻlaman. Bunga vaʼda beraman. Ketdik!” dedi Braziliyalik sportchi oʻz intervyusida.
UFC bosslari Sarukyanning jangdan chetlatilishidan soʻng markaziy jangni saqlab qolish uchun Renato Moykanoni Islamga raqib sifatida tayinlashdi. Moykano aslida Benil Dariushga qarshi jang oʻtkazishi kerak edi. Shu vaziyatga munosabat bildirgan UFC rahbari Dana Uayt har qanday vaziyatda ham muxlislar uchun eng yaxshi janglarni tashkil qilishga intilishini, Maxachev va Moykano oʻrtasidagi jang muxlislarga yoqishiga ishonishini bildirgan.
Eslatib oʻtamiz, “UFC 311” turnirida oʻzbekistonlik aralash yakkakurash ustasi Bogdan Guskov ham ishtirok etadi. Bu uning UFC ostidagi navbatdagi muhim jangi boʻladi. Guskov muxlislar ishonchini oqlash niyatida ekanligini maʼlum qilib shunday dedi: “Har bir jang — bu men uchun yangi qadam va yangi imkoniyat. Muxlislar ishonchini oqlash uchun astoydil harakat qilaman”. Avvalroq, ushbu turnirda Bogdan Guskov bilan jang qilishi kerak boʻlgan amerikalik Jonni Uoker ham mashgʻulotda orttirgan jaroxati sabab jangdan chiqqan edi.
UFC Tez fursatda hamyurtimiz uchun yangi raqib topgan va jang oʻz kuchida qolgan. Hamyurtimiz 19-yanvar kungi jang oqshomida amerikalik Billi Elekana bilan jang qiladi.
“UFC 311” turnirining markaziy jangi muxlislar uchun yorqin toʻqnashuv boʻlishi kutilmoqda. Islam Maxachev oʻz chempionlik maqomini saqlab qolish uchun kurashadi, Renato Moykano esa uni qoʻlga kiritishga intilmoqda. Turnir muxlislar uchun yodda qolarli boʻlishi shubhasiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring