Palandarada qulupnaychilik maktabini yaratayotgan yigit
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Kitob tumanining Palandara mahallasida yashovchi Gʻiyosiddin Zayniyev bundan bir necha yil avval ishsiz va daromadsiz edi. Yaqinlarining maslahati bilan oilasiga tegishli 4 sotix tomorqada issiqxona qurib, dehqonchilik bilan shugʻullanishga ahd qildi.
U shu yilining oʻzida bankdan kredit olib, issiqxonani qurib bitkazdi. Qishloqda birinchi boʻlib qish faslida qulupnay yetishtirishni yoʻlga qoʻydi. Bildiki, kishi astoydil harakat qilsa uddalab boʻlmaydigan ishning oʻzi yoʻq. Hali bu sohada yetarli tajribasi yoʻqligiga qaramay, dastlabki yilning oʻzida issiqxonadan yaxshi daromad oldi. Bank kreditini muddatidan oldin toʻladi.
Buni koʻrgan “Palandara” MFY raisi Nasim Rahmatov Gʻiyosiddinga hududdagi foydalanilmay yotgan 80 sotixlik issiqxonani ijaraga olib, dehqonchilik ishini kengaytirishni maslahat berdi.
— Gʻiyosiddin Zayniyevning oʻzi ham mehnatdan boʻyin tovlamaydigan, hisob-kitobli, “yuragida oʻti bor” yigit, — deydi mahalla raisi. — Shu maslahatdan soʻng darrov bu ishga bel bogʻlab kirishdi. 80 sotixlik katta issiqxonani ijaraga olib, bu yerda ham qulupnay yetishtirishni boshlab yubordi. Mana endi mavsumda mahallamizdagi oʻnlab yigit-qizlar u bilan ishlab, yaxshi daromad topmoqda.
Ayni vaqtda yirik issiqxonada oila aʼzolari bilan qulupnay yetishtirib kelayotgan Gʻiyosiddin Zayniyevning kayfiyati aʼlo, daromadi zoʻr.
— Ishsizlikda iqtisodiy tomondan juda qiynalgan vaqtlarim boʻldi, — deydi u. — Oʻsha paytlar bolalarim kelajagi haqida oʻylab siqilardim. Endi tushundimki, “ish yoʻq” deb yuraversangiz ham kun oʻtaverarkan. Lekin salgina harakat qilsangiz, izlansangiz, intilsangiz, yurtimizda oilaviy tadbirkorlik bilan shugʻullanib ham yaxshi daromad topish uchun barcha imkoniyatlar muhayyo. Buni oʻzim boshimdan kechirganim uchun aytyapman.
Gʻiyosiddin Zayniyev qulupnay yetishtirish ilmini oʻzlashtirarkan, barchasini obdan oʻrgandi. Ehtimol, shuning uchun xaridorlari ham tayyor. Ular dekabr oyining soʻnggi kunlaridan to may oyining oxirigacha issiqxonaning oʻzidan tayyor mahsulotni sotib oladi.
— Bu qulupnayning “Koreya“ navi, — deydi dehqon. — Eng muhimi parvarishida kimyoviy vositalardan foydalanmaymiz. Mahalliy oʻgʻit bilan yetishtirilgan qulupnaylarni samarqandliklar joyidan sotib oladi. Taʼmi shirin. Biz el dasturxoni toʻkin boʻlishiga hissa qoʻshayotganimizdan xursandmiz.
Eʼtiborli tomoni, palandaralik dehqonlar shu vaqtga qadar asosan uzum va anor yetishtirishda dovruq qozongan. Bugun Gʻiyosiddin Zayniyevning qulupnaychilikdagi yutuqlarini koʻrib, bu sohaga qiziqishi oshayotganlar soni ham koʻpayib bormoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring