Oʻzi injiq, parvarishi oddiy, ammo daromadi katta

16:40 13 Dekabr 2024 Jamiyat
188 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Ilgari qoʻziqorinni dala, dashtlarda bir mavsumda koʻrardik. Keyingi bahorning momaqaldiroq davrigacha uni totib koʻrish imkoni boʻlmasdi. Bugun yilning toʻrt faslida ham bozor, doʻkon rastalarida qoʻziqorinning har xil turini uchratish mumkin. Sherobod tumani Majnuntol mahallasida yashovchi Hasan Bobomurodov oʻz hovlisida 50 kvadratli maxsus xona tashkil qildi. U yerda isteʼmol uchun yaroqli “veshanka” va “shampinyon” kabi qoʻziqorin turlarini yetishtirib kelmoqda.

— Qoʻziqorin biznesidan oldin xorijga mavsumiy ishlab keldim. Musofirchilikdan topganimning hech biri ikki boʻlmadi, — deydi tadbirkor. — Noiloj qoʻziqorin yetishtirish orqali daromad topishga kirishdim. Qoʻziqorin biznesi bilan shugʻullanib yurganlardan tajriba oʻrgandim. Imtiyozli kredit olib, uy sharoitida 50 kvadrat metr maydonda kichik qoʻziqorin fermasini tashkil etdim. Maxsus laboratoriyalarda tayyorlangan urugʻlar Toshkentdan keltiriladi. Maxsus selofan paketlarga 2,5 kg. chigit qipigʻi (sheluxa) solinadi. Unga 200 g urugʻ joylanadi. Nam holatda selofan paket 4 kg.ga yetadi. Darvoqe, qoʻziqorinlar namlikni sevadi. Qishda issiq, yozda salqin nam sharoit kerak. 50 kvadrat metrli xonaga ming dona shunday qopchalarni joylash mumkin. Urugʻlar 10-15 kunda unib chiqadi. 28 kunda hosilga kirib, bir oyda toʻliq pishib yetiladi. Bitta qopchaga joylangan urugʻlar 10-12 kilogrammgacha hosil beradi. Bir yilda 10 tonnaga yaqin hosil olish imkoniyati mavjud. Afzallik tomoni, kam xarajat, ortiqcha mehnat talab qilmaydigan qoʻziqorin yil davomida hosil beradi. Ayni paytda yetishtirayotgan qoʻziqorinlarimning ulgurji narxi bir kilosi 25 ming soʻm. Ikki terimim 50-60 million soʻmga yetdi. Hali yana oldinda ikki terim bor.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, qoʻziqorinlar nafaqat katta daromad keltiradi, balki foydali vitamin va oqsillarga boy. Ushbu mahsulot ajoyib parhezbop taomlar tayyorlashda qoʻl keladi. Tarkibidagi fosfor miqdori baliq goʻshtidagidan kammas. Qoʻziqorinlar taomlarning taʼmini tuzdan ham koʻproq yaxshilaydi. Chunki ular tarkibida glutamat ribonukleotidlari mavjud. Ushbu birikmalar qon bosimiga yoki yurak xastaligi xavfiga hech qanday taʼsir qilmasdan mazali taʼm beradi. Qoʻziqorinlarning butun qismida atigi 5 mg natriy mavjud. Shuningdek, qizil goʻsht uchun ajoyib oʻrinbosar boʻlib, qoʻshimcha kaloriya, yogʻ va xolesterinni kamaytiradi.

Qoʻziqorin isteʼmoli suyaklarni mustahkamlash xususiyatiga ega. Bundan tashqari, ushbu neʼmat “B” guruhi vitaminlariga boyligi bilan ham ajralib turadi. Ular organizmga isteʼmol qiladigan oziq-ovqat energiyasidan foydalanishga yordam beradi. Kislorod tashiydigan qizil qon hujayralarini ishlab chiqaradi.

Bugun Hasan Bobomurodov boshlagan ish mahallada quloch yoymoqda. U tomorqachilarga qoʻziqorin ekishga yordam bermoqda. Ishsiz yurgan yoshlarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, yaxshi daromad topishiga koʻmaklashmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер