“Oʻz uying — Vatan ichra moʻjaz vataning!”

13:19 29 Yanvar 2025 Jamiyat
91 0

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Maʼlumki, dunyoning rivojlangan davlatlarida ham aholisining bir qismi ijarada yashaydi. Hatto umr boʻyi ishlab xususiy uy-joy sotib olishga imkon topmaydi. Bu masalada yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlarga havas qilsa arziydi. Inson va uning manfaatlari ustuvor sanalgan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosat zamirida aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirish, ayniqsa, fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashdek oliyjanob maqsadlar mujassam. Zero, inson oilasi bilan tinch-totuv yashash uchun oʻz uyiga ega boʻlsagina koʻngli xotirjam, oʻzi hayotdan rozi boʻladi, ertangi kunga mustahkam ishonch bilan qaraydi.

Keyingi yillarda Xorazm viloyatida ham urbanizatsiya jarayoni tezlashib, shaharlarda koʻp qavatli uylar qurilishi koʻlami tobora kengayib bormoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra 2017-yilda viloyatda koʻp qavatli uylarda 318 ming kvartira mavjud boʻlgan boʻlsa, bugungi kunga kelib ularning soni 400 mingdan oshib ketdi. Oʻtgan 2024-yilda viloyat boʻyicha 178 ta koʻp qavatli uylar qurilgan boʻlsa, shularning 68 tasi “Yangi Oʻzbekiston” massivlariga toʻgʻri keladi. Shu kungacha “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 4 mingdan ziyod xonadonga ega 112 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Umuman, viloyatda “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 19800 ta xonadonga ega 555 ta koʻp qavatli uylarni barpo etish rejalashtirilgan.

Urganch tumanidagi al-Xorazmiy shaharchasida barpo etilayotgan yangi koʻp qavatli uy-joylar qulayliklari, loyihaning oʻziga xos dizayni bilan aholiga juda maʼqul boʻlmoqda.

— “Oʻz uying — oʻlan toʻshaging” degan gap qanchalar haqiqat ekanini biz kabi ijarama-ijara yurganlar yaxshi biladi, — deydi yangi uy sohibasi Oltin Berdimurodova. — Oʻz uyimiz boʻlishini yillar mobaynida orzu qilgandik. Lekin qancha harakat qilmaylik, roʻzgʻordan, bola-chaqadan orttirib, uy olishga qurbimiz yetmadi. Shaharchada yangi qurilgan uylardan 3 xonali kvartirani subsidiya asosida sotib oldik. Shinam xonadonda barcha sharoitlar muhayyo. 2025-yilni yangi uyda kutib olish baxtiga musharraf boʻldik. Eng quvonarlisi, shaharchaning oʻzida maktab, bogʻcha, savdo va xizmat koʻrsatish markazlari, yoshlar texnoparki mavjud. Al-Xorazmiy nomidagi yangi universitet ham barpo etiladi. Prezidentimizning gʻamxoʻrligi boʻlmasa, bunday zamonaviy uy-joylar qayoqda edi, deysiz. Ilohim yurtimiz tinch, xalqimiz manfaati yoʻlidagi islohotlar bardavom boʻlaversin.

— Ancha yillardan beri oilamizga mos, ixcham, barcha qulayliklarga ega uy-joyga ega boʻlishni orzu qilardik, — deydi yangi uy sohibi Ergash Yoʻldoshev. — Uzoq muddatli imtiyozli kredit berilishi tufayli niyatimizga yetishdik. Uch xonali, havas qilsa arzigulik chiroyli uyga ega boʻldik. Yaqinda yangi uyga koʻchib oʻtgach, farzandimiz dunyoga keldi. Farzandlarim shunday fayzli, ozoda, hamma qulayliklarga ega uyda kamolga yetishidan quvonchim, davlatimizdan rahbaridan minnatdorligim cheksiz!

— Yangilangan loyihalar boʻyicha barpo etilayotgan uylar oʻzining narxi, shinamligi va qurilish-montaj ishlarining sifati boʻyicha aholiga juda maʼqul boʻlmoqda, — deydi viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasi shoʻba boshligʻi Sherzod Ametov. — Ular mahalliy sharoit va milliy arxitektura anʼanalarini hisobga olgan holda juda pishiq-puxta qilib qurilyapti. Yangi loyihalar asosida bunyod etilayotgan uylarda energiya tejaydigan materiallar, zamonaviy qurilish konstruksiyalaridan keng foydalanildi. Pudrat tashkilotlari uchun berilgan imtiyozlar qurilish korxonalari iqtisodiy ahvolini yaxshilash, moddiy bazasini mustahkamlash, barpo etilayotgan uylar tannarxi oshib ketishini oldini olishda muhim omil boʻlmoqda.

Yaqinda mamlakatimiz Prezidenti ipoteka dasturi doirasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yil uchun rejalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida uy-joy qurilishiga faqat ijtimoiy yoki qurilish masalasi deb emas, balki hudud iqtisodiy rivojlanishining asosiy “drayveri” sifatida qarash lozimligini taʼkidladi. Jumladan, oʻtgan yil uy-joy qurilishi Xorazm viloyatida yaxshi tashkil etilganini qayd etdi. Endilikda koʻp qavatli uylarni qurish, foydalanishga topshirish, ekspluatatsiya qilish bilan bogʻliq masalalar yangi tashkil etiladigan “Oʻz uyim” kompaniyasi orqali oʻz yechimini topadi. Xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda ishlab chiqiladigan, kelgusi besh yillikka moʻljallangan uy-joy strategiyasi xalqimizning turar-joyga boʻlgan ehtiyojini toʻla qondirish imkonini beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер