Nurobodda ikkita quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi boshlandi

17:03 24 Dekabr 2024 Jamiyat
176 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbekiston ayni quyosh energiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish borasida ilgʻor va istiqbolli tashabbuslarni ilgari surib, yurtimizning turli hududlarida quyosh foto-elektr stansiyalarini qurish ishlarini jadal olib bormoqda.

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish koʻlamini kengaytirish maqsadida dunyoning koʻplab davlatlarida qayta tiklanuvchi energiya stansiyalarini qurib ishga tushirib kelayotgan Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi Oʻzbekistonda yana bir yangi loyihada hamkorlik qilmoqda. Ushbu kompaniyaning investitsiyasi asosida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha Nurobod tumanining Sazagʻon va Olgʻa massivlari hududida tashkil etilmoqda. Ushbu yirik loyiha mamlakat iqtisodiyoti, odamlar hayoti farovonligi uchun yana bir katta imkoniyat yaratadi. Sazagʻon kengliklarida yastanib yotgan mazkur hududlar yillar davomida boʻsh turgan maydon edi. Endilikda bu yerda umumiy quvvati 1 000 MegaVatt boʻlgan 2 ta quyosh fotoelektr stansiyasi qurilish ishlari boshlandi.

— Bu nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik quyosh fotoelektr stansiyasidir, — deydi “ACWA Power” kompaniyasi vakili Shamshod Shukurov. — Loyiha uchun qariyb 3 ming gektar yer maydoni ajratildi. 1 milliard 807 million AQSH dollarilik loyiha quvvati 1000 megavatt (1 gegavatt) boʻlgan quyosh foto-elektr stansiyasi, 700 kilometr elektr havo uzatish tarmoqlari va 1000 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimi qurilishini oʻz ichiga oladi. Quyosh foto-elektr stansiyasining bittasi Sazagʻonda (100 megavatt), ikkinchisi Olgʻada (900 megavatt) quriladi. Loyihani amalga oshirish uchun 2023-yil 19-aprelda Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “ACWA Power” kompaniyasi bilan investitsiya bitimi, ishlab chiqariladigan elektr energiyasini sotib olish boʻyicha “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati bilan bitim imzolangan.

Obyektlarni loyihalash va qurilish-montaj ishlari Hindistonning Larsen&Toubro va mahalliy kompaniyalar tomonidan amalga oshiriladi. Qurilish davrida 700 tagacha, obyektlar toʻliq ishga tushgandan soʻng 30 ta doimiy ish oʻrni yaratiladi.

— Bu kompaniyaning Oʻzbekistondagi birinchi ishi hisoblanadi, — deydi Larsen&Toubro kompaniyasi vakili Konstantin Dugin. — Qurilish va stansiyalarni tarmoqqa ulash ishlari 2,5-yil davom etishi koʻzda tutilgan. Biz bu davrda loyihada belgilangan barcha yumushlarni oʻz vaqtida sifatli amalga oshirishni maqsad qilganmiz.

Loyihaning dastlabki quvvatlari 2026-yil yakuniga qadar tarmoqqa ulanib, 2027-yil toʻrtinchi choragida toʻliq ishga tushiriladi. Hisob-kitoblarga koʻra, loyihaning toʻliq quvvatda ishga tushirilishi natijasida 2340 million kVt soat yoki 975 ming xonadonning bir yillik isteʼmoliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi. Raqamlardan koʻrinib turibdiki, ushbu loyiha xalqimiz hayotini yanada yaxshilanishida katta ahamiyatga ega tashabbuslardan biridir. Mazkur stansiyaning qurib ishga tushirilishi bilan 709 million metr kub tabiiy gaz tejalib, 983 ming tonna zararli moddalarning atmosferaga chiqarilishining oldini olish imkoniyati yaratiladi.

Darvoqe, loyiha doirasida stansiyani tarmoqqa ulash uchun yangi 500 kV kuchlanishli “Nurobod” podstansiyani va mazkur podstansiyadan Toshkent viloyatidagi Xalqa-500 podstansiyasigacha 2 ta 500kV kuchlanishli 350 kilometr uzunlikdagi havo elektr uzatish tarmoqlari ham quriladi. Shuningdek, loyiha doirasida “Nurobod” va Qorakoʻl podstansiyalarida quvvati 500 Megavatt soatdan boʻlgan 2 ta batareya barpo etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер