Inson qadri ulugʻlangan yurtda yashash sharaf

13:32 25 Dekabr 2024 Jamiyat
87 0

Rustam NURMATOV/“Xalq soʻzi”. Inson hamisha mehrga tashna. Ayniqsa, oʻzgalar parvarishiga muhtoj, nogiron va yolgʻiz keksalar doim mehrni qoʻmsab yashaydi. Bugun yurtimizda nogironligi bor shaxslarga har tomonlama koʻmaklashish, ularning sogʻlom hayotga moslashishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Ular davlatimiz tomonidan ijtimoiy himoyaga olingani yurtimizda inson qadri yuksalayotganidan dalolat beradi.

87 yoshli Antonina Kuychiyeva Zarbdor tumanining Shodlik mahallasida yashaydi. Oʻzbekiston hududida yaqin qarindoshlari qolmagan. Zarbdor tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan Antonina Mixaylovnaga uy-roʻzgʻor yumushlariga koʻmaklashish uchun ijtimoiy xodim biriktirildi.

— Oʻzbeklar mehribon va bagʻrikeng xalq. Doimo holimdan xabar olib turadi. Inson qadri ulugʻlangan yurtda yashash sharaf, — deydi Antonina Kuychiyeva. — Yaqinda mahallamiz raisi yangi tashkil etilgan ijtimoiy xodim bilan uyimizga keldi. Yashash sharoitim, sogʻligʻimni oʻrgandi. Menga har kuni uch soatdan ijtimoiy xizmat koʻrsatiladigan boʻldi. Sanatoriyda sogʻligʻimni tiklashim uchun onlayn navbatga qoʻyishdi. Yaqin kunlarda “Jizzax” sanatoriysida bepul davolanib chiqaman. Oʻzbek tilini yaxshi bilaman. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni televizor orqali kuzatib boraman. Mamlakatimiz tinch, osoyishta. Xalqlar, millatlar oʻrtasidagi doʻstlik mustahkam.

— Yangi yildan boshlab viloyatimizdagi barcha tumanlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshligʻi Nargiza Mavlanova. — Har bir mahallaga ijtimoiy xodim biriktirilmoqda. Endilikda aholini ijtimoiy muhofaza qilish bilan bogʻliq barcha masalalar ular orqali hal qilinadi. Ijtimoiy xodim aholiga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmat va yordamlar toʻgʻrisida shuningdek, aholining mazkur xizmatlarni olishga boʻlgan huquqlari boʻyicha tushuntirish beradi.

Prezidentimizning 2023-yil 28-sentyabrdagi “Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga asosan dastlab Jizzax viloyatida ijtimoiy himoyani mahalla darajasida tashkil etish maqsadida muhim vazifalar belgilab berilgandi. Baxmal, Gʻallaorol tumanlaridagi 48 mahallada eksperiment tariqasida Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

— Ayni paytda Gʻallaorol tumanidagi 35 mahalla fuqarolar yigʻinidagi 26 ta mahallada ijtimoiy xodimlar oʻz faoliyatini olib bormoqda, — deydi Gʻallaorol tuman “Inson“ ijtimoiy xizmatlar markazi bosh mutaxassisi Baxtiyor Esonov. — Ilgari fuqarolar bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam soʻrab kelganda, mahalla raisi yoki xotin qizlar faoli oʻsha xizmatni koʻrsatgan. Ammo ular oilalarning nima sababdan moddiy yordamga muhtojligini oʻrganmagan. Ijtimoiy xodimlar har bir fuqaroning yashash sharoiti bilan yaqindan tanishib, kompleks yordam koʻrsatadi. Iloji boricha, fuqarolarni davlatga yoki mahallaga qaram, boqimanda qilib qoʻymasdan kelajakda oʻzini-oʻzi taʼminlashga yordam beradi.

Zomin tumani Neboʻsa qishlogʻida yashovchi 30 yoshli nogiron Sanjar Qurbonovning nogironlik aravachasi olganiga uch yil boʻldi. Oʻtgan yildan beri aravachasi singani uchun sayr qilish imkonsiz edi. Yangi arava olishga oilaning moddiy imkoniyati yetmadi. Onasi yangi arava soʻrab murojaat qilganda, masʼullar hali navbati kelmaganini aytishadi.

— Oʻgʻlimning aravasini ustaxonaga olib bormoqchi edim. Uyimizga mahallaga yangi tayinlangan ijtimoiy xodimi keldi, — deydi Sanjarning onasi Bogʻdagul opa. — Sharoitimizni oʻrganib, muammolarimizni soʻradi. Birinchi navbatda oʻgʻlimga arava soʻradim. Uch kun oʻtmasdan yangi arava olib keldi. Sanatoriylarga bepul davolanish uchun onlayn roʻyxatga qoʻydi. O, bundan oʻgʻlimning quvonchini koʻrsangiz edi. Hozir oʻzi toza havoda sayr qiladi.

Sohani raqamlashtirish hisobiga oʻrnidan turolmaydigan, oʻzgalar koʻmagiga muhtojlarga yordam koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgani tizimda shaffoflikni taʼminlamoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun sanatoriylarga yoʻllanma uchun navbatga olishning yangi “IHMA Sanatoriya” moduli ishga tushirildi. Yaratilgan yangi tizim yoshi ulugʻ otaxon, onaxonlarni uzoq muddat navbat kutib, qancha ovoragarchiliklar bilan sanatoriylarga borishiga chek qoʻydi.

— Sanatoriylarga yoʻllanma berish onlayn tizimga oʻtganidan xursandmiz, — deydi “Jizzax” sanatoriysida sogʻligʻini tiklayotgan gʻallaorollik Tolibjon Qoʻychiyev. — Qishlogʻimiz viloyat markazidan 100 km uzoqlikda joylashgan. Oldinlari yoʻllanma olish uchun tuman, viloyat markazigacha ovora-yu sarson boʻlardik. Hozir yoʻllanma tanish-bilishchilikka yoʻl qoʻyilmasdan haqiqatdan sogʻligʻini tiklashga muhtojlarga berilmoqda.

Darhaqiqat, yangi tizim ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularga ijtimoiy yordam koʻrsatishning samarali usuliga aylanmoqda. Bu yangi Oʻzbekistonda inson shaʼni, qadr-qimmatini ulugʻlash eng ustuvor vazifa etib belgilanganligini yana bir isbotidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер