Daromad ham, baraka ham tomorqada

13:50 22 Yanvar 2025 Jamiyat
120 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Yaqin yillargacha Fargʻona viloyatining olis hududi hisoblanuvchi Furqat viloyatning iqtisodiy va aholi farovonligi jihatidan ancha orqada qolgan tumani hisoblanardi. Bugungi kunda hayotbaxsh islohotlarning toza havosi kelib, Furqatda barcha sohalarda yangilanish, yuksalish va farovonlik kuzatilmoqda. Eng muhimi, furqatliklarning hayotga, oʻz taqdiriga munosabati oʻzgardi. Har jabhada tashabbuskorlik koʻzga tashlanib, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish sohalarida yangi-yangi istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Bugun tuman ahlining hayoti kechagidan mutlaqo farq qiladi. Bunday yangilanish va oʻzgarishlarni tumaning har bir hududida koʻrish mumkin. “Tomosha” mahalla fuqarolar yigʻini qoʻshni Beshariq tumani bilan chegaradosh. Hozirgi kunda tomorqadan unumli foydalanish borasida hudud ahli tuman miqyosida mirishkorlar sirasiga kiradi.

— Ayni paytda bu yerda 3 ming 360 nafar aholi istiqomat qiladi, —deydi “Tomosha” MFY hokim yordamchisi Shuhratjon Abdusalomov. —Dehqonchilik va chorvachilik mahalla drayveri hisoblanadi. Yuzlab oilalarda issiqxonalar tashkil etilgan. Yilning toʻrt faslida ham har qarich yerdan unumli foydalaniladi.

Mirzatillo Alimatovlar oilasi moʻjazgina tomorqaning bir qismidagi issiqxonada limon parvarishlaydi. Oila aʼzolari qish chillasida ham issiqxonada mehnat qilib charchamaydi. Ozoda va orasta xonadonning koʻrkiga-koʻrk qoʻshgan Palma gullari borliqqa atir iforini taratadi. Tomorqaning bir qismida koʻkatlar barq urib yashnab turibdi. Xullas, roʻzgʻor uchun meva-sabzavotlar, koʻkat va ziravorlar, sut mahsulotlarining barchasini oʻzlari yetishtiradi.

Oila bekasi Gulbahor Alimatova “Tomosha” madaniyat markazida toʻgarak rahbari boʻlib ishlaydi. Ishdan boʻsh paytda tomorqa yumushlari bilan andarmon. Yangilikka intiluvchan opa tajriba tariqasida quyon parvarishladi. Hozir 8 bosh naslli echki boqyapti. Sigir-buzoq, oʻchoq-tandir yumushlariga ham opaning oʻzi bosh-qosh.

— Bir sotixli issiqxonadan joriy yilda 300-350 kilogramm limon sotdik, — deya suhbatni davom ettiradi Gulbahor opa. — Bu koʻkatlar qish mavsumida oilamizning yana bir daromad manbai. Bilgan odam uchun tomorqa ulkan xazina. Shu orqali farzandlarimiz oʻqib, jamiyatda munosib oʻrinlarini topishdi.

Shu mahallada yashovchi Valijon ota va Xolidaxon aya Abduraimovlar ham tinib-tinchimas nuroniylardan. Oila sohiblari 45-yildan ziyod birga yashab, turmushning mushtiga birgalikda bardosh berishdi. Har ikkalalari ham uzoq yillar maktabda dars berishgan. Nafaqadagi oʻqituvchilar toʻrt qiz, bir oʻgʻilni voyaga yetkazishdi. Farzandlarining biri shifokor, qolganlari ota-ona kasbini tanlagan.

Baʼzan oilaning yolgʻiz oʻgʻli Abbosbek “Boʻldi-da endi, bundoq dam olsangiz-chi”, deya ota-onalarini koyigan boʻladi. Qayoqda deysiz, ular tinimsiz harakatda, mehnat qilib rohatlanishadi. Besh sotixli issiqxonada erta bahordan pomidor, bodring, turli xil ziravor-u koʻkatlar, bulgʻor qalampiri, baqlajon koʻchatlarini yetishtirib sotadi. Shu bois hamisha ish tigʻiz, xaridorlar hatto qoʻshni tumanlardan ham keladi.

— Halol mehnat orqali tomorqada pul pulni topadi, ketmonni millionerlar chopadi, — deydi Valijon ota. — Bugun boy boʻlish uchun tomorqada shunchaki halol, sidqidildan mehnat qilish kerak.

Faxriy ustoz Xolidaxon aya tomorqaning bir qismiga gul koʻchatlari ekkan. U kishining aytishicha, bahorda rang-barang gullar bilan bezangan hovli yanada chiroy ochadi. Shu tariqa mazkur oila birgina gulchilik tarmogʻidan yiliga oʻrtacha 25-30 million soʻm pul topadi. Bu ikki xonadon mahalladagi ibratli, namunali oilalar sirasiga kiradi. Issiqxona uchun ajratilgan imtiyozli kreditni bir yildayoq uzib, mahalladagi oʻn nafarga yaqin xotin-qizlarni ish oʻrni bilan taʼminlagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер