“Ayollar daftari” orqali uy bekasi tadbirkorga aylandi
Otabek ISROILOV/“Xalq soʻzi”. “Ayollar daftari” degan ibora mahalla tizimida amaliy islohotlarni boshlab, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ishsiz xotin-qizlar uchun najot vositasiga aylandi. Zotan, “Ayollar daftari” orqali xotin-qizlarga berilayotgan imkoniyatlar uy bekalarini tadbirkorga, XXI asrning ishbilarmon ayollariga aylantirmoqda.
Prezidentimiz raisligida 16-dekabr kuni banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini taʼminlash va daromadli qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Unda taʼkidlanganidek, Uychi, Sayxunobod, Zarbdor va Gʻijduvon tajribalari doirasida 2024-yil boshidan buyon 3 million 300 ming aholi doimiy daromadga ega boʻlgan. Jami rasman band boʻlganlar ilk bor 10 million 500 ming nafarga yetgan. Ular orasida Toshkent viloyatining Parkent tumanida yashovchi Fotima Boyeva ham bor.
— Xotin-qizlarni ishli qilish va ularni doimiy daromadli ish bilan taʼminlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri boʻlib kelmoqda, — deydi Parkent tumani hokimi oʻrinbosari Margʻuba Inoyatova. — Joriy yilda “Ayollar daftari”da roʻyxatga olingan 3888 nafar xotin-qizlarning 182 nafariga imtiyozlar ajratildi. Nafaqat ishsiz ayollar, balki ular bilan birga oʻnlab ish qidirayotgan hunarli yoshlarning ham doimiy ish bilan taʼminlanishiga erishildi.
Fotima Boyeva Parkentdagi “Samarobod” mahallasida istiqomat qiladi. U yashovchi manzil ham, xonadon sohibasining chehrasi ham ishonchdan yorishib turibdi. Bundan bir necha yillar avval idish-tovoq va roʻzgʻorning mayda yumushlaridan orta olmayotgan oddiy uy bekasi endilikda tadbirkorga aylangan. U faqatgina umid bilan yashadi. Endi umid oʻrnini orzu, ertangi kunga toʻkis ishonch va qatʼiyat egallagan.
Xatlovga kelgan mahalla idorasi vakillarining gap-soʻzlariga ishonmaygina qaragan, ularning savollariga iymanibgina javob bergan Fotima opa oila aʼzolari bilan maslahatlashgach, 2022-yilda imtiyozli ravishda 29 million soʻm kredit oldi. Mahalliy fermerlardan mayiz xarid qilib, navlar asosida qadoqlangan mahsulot sotuvini yoʻlga qoʻydi.
Izlaganga imkon, istaganga sharoit bor. Fotima Boyeva bir necha yil qaytarilishi lozim boʻlgan kreditni muddatidan oldin qaytardi. Sof daromad ham chakkimas. Yangi tadbirkorda endi yangi fikr uygʻondi. U yana kredit oladi. Bu safar bir oz koʻproq. Namunali mijozga bank ham ishonadi. 50 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit naqd shaklda Fotima Boyevaga berildi.
Buning natijasida oʻndan ziyod ayollar ishli boʻldi. Ularga oʻz uylarida boʻlgan holda uzumni quritib, mayizni qadoqlab, har oyda 3-4 million soʻm daromad topish imkoniyati yaratildi. Tadbirkorning oʻzi yiliga 120 million soʻm sof daromad olmoqda.
— Davlatning koʻmagi bilan yashash sharoitim yaxshilandi, — deydi Fotima Boyeva. — Shu orqali toʻylar qildik, kelin tushirdim. Mana, oʻgʻlimni ham, kelinimni ham oʻqityapman. Barchasi davlatimizda xotin-qizlarga koʻrsatilayotgan cheksiz gʻamxoʻrlik tufayli.
Fotima Boyeva oʻtgan yillarda “Ayollar daftari”da roʻyxatda turib, davlatdan koʻmak olgan boʻlsa, hozirgi kunda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga homiylik qilib kelmoqda. Bu yaxshilikning dunyoda izsiz ketmasligiga ishora boʻlsa, ne ajab.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring