Yangilangan Konstitutsiya orzu-havas, maqsadlar bilan yashash tuygʻusini inʼom etdi

13:32 26 Noyabr 2024 Jamiyat
198 0

Bugun men singari oddiy xalq vakilidan Konstitutsiyamiz haqida soʻrasangiz, ishonchim komil, kamida uning 50-60 foiz mazmunini yoddan gapirib beroladi. Buni u oʻqib-oʻrgangani yoki eshitganidan emas, aynan hayotida sodir boʻlayotgan ijobiy oʻzgarishlar misolida biladi.

Bundan 32-yil oldin Oʻzbekiston Respublikasida tarixiy voqea sodir boʻlgan edi. Biz oʻtgan davr mobaynida erk nima, demokratiya nimaligini angladik.

Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri 2023-yil 1-maydan eʼtiboran kuchga kirdi. U shunchaki oʻzgartib qoʻyilmadi, ochiq maydonda ziyolilardan tortib, oddiy insongacha boʻlgan keng jamoatchilik oʻrtasida muhokama qilindi, fikr-takliflar olindi. Shundan soʻnggina inson shaʼni, qadr-qimmati va huquqlarining mustahkam kafolati boʻla oladigan, ancha “toʻlishgan” Yangi Oʻzbekistonimizning yangi tahriridagi Konstitutsiyasi ishlab chiqildi.

Bugun men uni “Konstitutsiya davlat suverenitetining bosh mezoni, mamlakatning buguni va ertangi kunining yoʻlini yoritib turuvchi oʻziga xos mayoq, manzildan adashib qolganda, toʻgʻri yoʻlni topib olishga yordam beruvchi yoʻlchi yulduz” singari shoirona soʻzlar bilan taʼriflamayman. Men singari nogironlarni hayotga qaytargan, yashashga ishtiyoqini oshirgan, jamiyatga qoʻshgan, soʻngan umidlarini alangalata olgan, oʻziga ishonchini orttirgan, qoʻlidan ish kela olishini isbotlashlariga imkoniyat bergan, mulkdor qilgan kuch sifatida eʼtiroflayman.

Yangilangan Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston boshqaruvning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani 1-moddadayoq aks ettirildi. Oʻzini ijtimoiy davlat deb eʼlon qilgan, har bir fuqarosiga munosib turmush kechirishi uchun shart-sharoit yaratish majburiyatini olgan mamlakatning qarori qatʼiy ekani oʻtgan qisqa vaqtda quruq soʻzda emas, amalda isbotini topmoqda.

Ijtimoiy adolat, eng zaif qatlamlar uchun ham sifatli taʼlim va kafolatlangan tibbiyot, ishlayotgan samarali ijtimoiy himoya dasturlari, kambagʻallikni bartaraf etishdagi chora-tadbirlar, imkoniyati cheklangan va koʻmakka muhtoj fuqarolarni qoʻllab-quvvatlashdagi kabi ishlarni koʻryapmiz, bunday gʻamxoʻrliklardan bahramand boʻlyapmiz.

Oilada ikki nafar farzandmiz — opam va men. Aslida biz yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikohning qurbonlari boʻldik. Men 1-guruh, opam esa 2-guruh nogironi. Yaratgan bergan har bir goʻzal tongni sevaman, har bir kunimni mazmunli oʻtkazishga harakat qilaman. Birovga yuk boʻlishni, qaramlikni istamayman. Birgina istak bilan esa maqsadga erishib boʻlmas ekan.

Konstitutsiyada vaʼda qilingan maqsadlar, Yurtboshimizning gʻamxoʻrligi, qolaversa, viloyat mutasaddilarining topshiriqlarni bekamu koʻst ado etishlari evaziga jamiyatda toʻlaqonli ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldik.

Ilgari “paynet” shoxobchasida ishlab, amal-taqal qozonimiz qaynar edi. Oʻzimga boʻlgan ishonch, intilish boʻlsa-da, qoʻlimiz kaltaligidan biror ish qilishga ojiz edim. Oldiniga elektromotoroller topshirishdi. Tomorqamning bir sotix maydonida issiqxona qurib berdilar. Kam-koʻstimizni toʻldirishdi.

Elektromotoroller har kuni roʻzgʻorimizga 100-150 ming soʻm olib kirmoqda. Bozorda kimdir un oladi, boshqa birov yem-xashak, bozor-oʻchar qiladi. Shularni uyiga eltib beraman.

Issiqxonada rediska, pomidor, bodring ekib, yaxshigina daromad topyapman. Insonda ishtiyoq boʻlsa, hamma narsani uddalaydi. Ekin-tekinlarga yolgʻiz oʻzim ishlov beraman. Opam “paynet”da ishlayapti. Kechki mahal uni uyga olib kelaman.

Yaratganga shukur, roʻzgʻorimiz but, turmushimiz farovon. Ogʻilda 4 ta qoʻchqor, 2 ta novvos boʻrdoqilikka boqyapman. Hukumatimiz nafaqa pulini oʻz vaqtida yetkazyapti. Daromadlarimizni jamlab, kelgusi yil opam bilan ikkalamiz uchun sharoit qilish maqsadida uyimizni qayta qurmoqchiman.

Bugun sevimli mashgʻulotimiz, daromadimiz bor. Orzu-havas, maqsadlar bilan yashayapmiz. Demak, biz baxtlimiz. Aslida hech kimga qaram, boqimanda emasligimizning oʻzi katta baxt. Bugun biz imkoniyati cheklangan emas, aksincha, imkoniyati kengaygan jamiyatning toʻlaqonli aʼzolarimiz. Yangilangan Konstitutsiya bizga ana shunday baxtni inʼom etdi.

Sirojiddin TOGʻAYEV

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?