Yangicha yashaydigan, ishlaydigan davr boshlanmoqda

17:38 27 Noyabr 2024 Jamiyat
283 0

Mamlakatimizda yaqinda boʻlib oʻtgan saylovlar yakunlari mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida hamda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik Palatasi hamda mahalliy kengashlar faoliyatida ham yangi davrni boshlab berayotganini koʻrsatdi. Buning mantiqiy davomi sifatida oʻtgan hafta mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqealarga boy boʻldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisidagi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Bosh vazir lavozimiga nomzodni koʻrib chiqish va Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakatlar dasturi muhokamasiga bagʻishlangan majlisida soʻzlagan nutqlarida ana shu yangi davrda jamiyat, xalqimiz, davlat organlari oldida turgan vazifalarni birma-bir sanab koʻrsatdi. Mamlakatimizni yaqin kelajakda taraqqiy ettirish, uni dunyo hamjamiyatidan oʻzining buyuk oʻtmishi va bugungi iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatiga mos oʻrin egallashi uchun amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarning aniq-ravshan rejasini bayon etib berdi.

Prezidentimiz avvalo davlat va jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning davomiyligi va uzviyligi, tizimliligi, islohotlar paketining turli qismlari bir-birini mustahkamlayotgani, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar bir-birini toʻldirib va takomillashtirib borayotganiga toʻxtaldi. Aynan ana shu faktor tufayli Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi oʻrni yaxshilanib borayotgani qayd etildi.

Mamlakatimiz reytingi qonun ustuvorligi boʻyicha 8 pogʻona, elektron hukumat boʻyicha 18 pogʻona, iqtisodiy erkinlik boʻyicha 49 pogʻona, logistika va innovatsiya boʻyicha 10 pogʻona yuqori koʻtarilgani tabiiyki, islohotlarning mantiqiy-uzviy bogʻliqligi va ular muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganining yaqqol koʻrsatkichidir.

Senat majlisida soʻzlagan nutqida Prezidentimiz yangilangan Konstitutsiyamizda Senat bilan Qonunchilik palatasi vakolatlaridagi takroriy holatlar bartaraf etilib, ularning har biriga tegishli vazifalar aniq koʻrsatilgani va keyingi saylov yakunlariga koʻra shakllantirilgan Senat faoliyatiga qonunlarni muhokama qilishda yangicha mexanizmlarni joriy etishi zarurligini qayd etdi. Bu mexanizm qonun ijodkorligi jarayoniga mahalliy Kengashlarni keng jalb etish, har bir qonun boʻyicha ularning fikrini olish amaliyotini yoʻlga qoʻyish orqali amalga oshiriladi.

Mahalliy boshqaruvda sifat jihatidan yangi model joriy etilgani bunga imkoniyat va poydevor yaratib bermoqda. Endi Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga hokimlar emas, balki deputatlar orasidan saylangan Kengash raislari boshchilik qilishi, Kengashlarda koʻtarilgan, muhokama qilib pishitilgan va joylarda, aholi qatlamlari orasidagi dolzarb muammo va ehtiyojlarni toʻgʻridan-toʻgʻri oliy vakillik organlariga qadar hech qanday toʻsiqsiz olib chiqish kabi ajoyib qonun taklifi tayyorlash modeli yaratildi. Davlatimiz rahbari ushbu siyosiy islohot orqali xalqimizning 30-yillik orzusini roʻyobga chiqarganini juda toʻgʻri taʼkidladi.

Mamlakatimiz oʻz oldiga qoʻygan strategik va joriy vazifalarni amalga oshirishda, barcha boʻgʻindagi ijro organlari, avvalo, hukumat va uning rahbari, joylardagi mahalliy hokimiyatlar zimmasidagi masʼuliyat hozirgi murakkab zamonda har qachongidan ham ortib borayotganiga omma eʼtiborini qaratgan Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Bosh vazir lavozimiga nomzodni koʻrib chiqish va Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakatlar dasturi muhokamasiga bagʻishlangan majlisida: “Xalqimiz bugun yangi hukumatdan aniq natijalarni kutmoqda. Yangi Oʻzbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umumeʼtirof etilgan norma va prinsiplarga qatʼiy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan doʻstona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat boʻlgan davlatdir”, degan fikri bilan oʻzbek jamiyatini toʻlqinlantirib kelgan va u barcha boʻgʻinlardagi rahbarlar va davlat tashkilotlaridan kutayotgan ijroatlarni juda loʻnda ifodalab berdi.

Haqiqatan ham davlatimiz rahbari davomli ravishda taʼkidlab kelayotganidek, Yangi Oʻzbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish maqsad qilib olingan.

Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambagʻallikni qisqartirish demakdir. Yangi Oʻzbekistonni oʻz hayotidan rozi, baxtli insonlar mamlakatiga, har tomonlama rivojlangan ijtimoiy makonga aylantirish ushbu yoʻnalishdagi islohotlarimizning asosiy maqsadidir. Ushbu jabhadagi ezgu ishlarimizni davom ettirib, ijtimoiy adolat tamoyili asosida aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni bartaraf etishni davlat siyosati darajasiga koʻtardik, degan edi bu boradagi islohotlarning boshlangʻichidayoq Prezidentimiz.

Davlat rahbari oʻtgan haftada yuksak minbarlardan turib soʻzlagan nutqlarida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida kelgusi yillar uchun katta marralar belgilab olindi. Xususan, mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qoʻyilgani, dastlab bunga ayrimlar shubha yoki ikkilanish bilan qaragan, lekin oʻz vaqtida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilgani, barcha imkoniyatlar ishga solingani tufayli bu yilning oʻzida yalpi ichki mahsulot hajmi 110 milliard dollarga yetishini taʼkidladi.

Iqtisodiyotdagi taraqqiyot va oʻzgarishlar aholi turmush darajasining oshib borishiga asos boʻlishi, har bir iqtisodiy muvaffaqiyat oʻz ortidan xalqning moddiy turmushini yaxshilashga olib kelishiga urgʻu berdi. Yangi Hukumat, barcha rahbarlar birgalikda qattiq ishlab, islohotlar shiddatini pasaytirmasdan, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotimizdagi oʻzgarishlarni jadal davom ettirsa, 2030-yilga borib, iqtisodiyot hajmini 200 milliard dollarga yetkazish mumkinligiga ishonch bildirildi.

“Yana bir bor aytaman, bunday natijalarga erishish uchun kuch va imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham yetadi!”, — dedi Prezident. Bu natijani taʼminlash orqali aholining turmush darajasi va sifatini keskin yaxshilashga erishiladi.

Bu ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlarni uzluksiz amalga oshirish, mamlakatdagi maʼnaviy-huquqiy yangilanishlarni tizimli ravishda davom ettirish dunyo miqyosidagi vaziyat misli koʻrilmagan darajada keskin va murakkab boʻlib borayotgan hozirgi sharoitlarda amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz buyuk shoir va mutafakkir Pahlavon Mahmudning juda ibratli fikrini keltirdi, “qadimgi ajdodlar bitta toʻfon koʻrgan boʻlsa (Nuh toʻfoni), bugun biz mingta toʻfon koʻrmoqdamiz”.

Turli mintaqalardagi qonli toʻqnashuvlar, ekologik va texnogen fojialar, iqlim oʻzgarishlari, iqtisodiy inqirozlar, terrorizm va ekstremizm tahdidlari, qochoqlar muammolari tobora kuchayib borayotgani bugungi kunning achchiq realliklaridan biridir.

Insoniyat duch kelayotgan global muammolarning har biri bitta toʻfon, ularning har biri insonlarning oʻz jonlaridan, tugʻilgan yurtlaridan, rizq-u nasibasidan mosuvo qilmoqda. Zero, kuchli iqtisodiyot hamda samarali ijtimoiy siyosat, bu tebranib turgan dunyoda xalqimizni xotirjam qiladigan, uni oʻz yurti kamoli uchun tolmay mehnat qilishga yoʻnaltiradigan eng samarali quroldir.

Binobarin, yurtimiz tinchligi va ravnaqini taʼminlash har qachongidan ham ustuvor vazifaga aylanmoqda. Davlatimiz rahbari oʻz nutqlarida bir necha marta toʻxtalganidek, 21-asrning ikkinchi choragi Vatanimiz uchun mutlaqo yangi va porloq davrni boshlab beradi.

Bu yangi davr Yangi Oʻzbekistonimiz jadal rivojlanadigan, yanada yuksak taraqqiyot choʻqqilarini zabt etadigan davr boʻlishiga barcha xalqimizning ishonchi komildir.

Bu oxirgi sakkiz yilda amalga oshirilgan hayotbaxsh va muvaffaqiyatli ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va huquqiy islohotlar tugʻdirgan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va Davlat rahbarining oʻtgan hafta yuksak minbarlardan soʻzlagan nutqlarida bayon etib berilgan taraqqiyot strategiyasi va porloq rejalar ilhom bergan ishonchdir.

Prezidentimiz haqli ravishda taʼkidlaganidek, “Bugun xalqimiz bilan yurtimiz taraqqiyotidagi butunlay yangi davrga qadam qoʻymoqdamiz. Ishonchim komil, bu – Yangi Oʻzbekistonimiz jadal rivojlanadigan, yanada yuksak taraqqiyot choʻqqilarini zabt etadigan davr boʻladi. Bu davr parlament va hukumat faoliyatida yangicha ishlash, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish boʻyicha ibratli anʼanalar shakllanadigan va tarixga muhrlanadigan davr boʻladi”.

Joʻliboy ELTAZAROV,

filologiya fanlari doktori, professor,

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti dekani.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?