Urganchga yangi avtobuslar keltirildi

14:09 18 Noyabr 2024 Jamiyat
159 0

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Urganch shahrida jamoat transporti xizmatini yaxshilash maqsadida Xitoyning “Zhongtong” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 50 ta zamonaviy avtobuslar keltirildi. Yangi avtobuslar taqdimotida keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

— Bankning imtiyozli krediti hisobidan 80 ta yangi avtobus xarid qilish boʻyicha shartnoma tuzganmiz, — deydi “Bunyod yoʻlovchi tashish” MCHJ rahbari Azamat Matsapayev. — Loyihamizning birinchi bosqichida avtobuslarning 50 tasini olib keldik, qolgan 30 tasi yil oxirigacha yetib keladi. Yangi avtobuslar nogironlar, keksa va yosh bolali ayollar uchun yaratilgan qulayliklari bilan ajralib turadi. Qatnovlarning avtomatlashtirilgan monitoring nazorati hamda elektron toʻlov tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

Shuni taʼkidlash kerakki, bugungi kunda Urganch shahrida 14 ta yoʻnalish mavjud boʻlib, 138 ta avtobus har kuni 60 ming nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatmoqda. Shaharning transport bosh rejasiga asosan 16 ta yoʻnalishda 148 ta avtobuslar harakatlanishi belgilangan. Yangi avtobuslarda yoʻlovchi tashish xizmati “Brutto shartnomasi”, yaʼni “bosib oʻtilgan yoʻl” va “sifat” mezonlari asosida hisob-kitob qilinishi natijasida kuniga 136 ming nafar yoʻlovchini manzilga eltib qoʻyish imkoniyati yaratiladi, qatnovlarning oraliq intervali 18 daqiqadan 10 daqiqaga qisqaradi. Urganch shahrida ushbu yangi avtobuslar qatnovga qoʻyilishi tufayli amalda foydalanilayotgan avtobuslar viloyatdagi boshqa yoʻnalishlarga oʻtkaziladi va bu yoʻnalishlarda ham xizmat sifati yaxshilanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер