Tekinga berilayotgan vaksina tekinga kelmayapti — Alisher Qodirov “majburiy” emlash haqida

20:54 26 Iyul 2021 Jamiyat
2489 0

“Milliy tiklanish” DP fraksiyasining bugungi yigʻilishida Mehnat kodeksining 113-moddasiga va “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi qonunning 28-moddasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha tashabbus qoʻllab-quvvatlandi. Bu haqda Alisher Qodirov maʼlum qildi.

Qonun loyihalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachiga oʻz qarori bilan aholini profilaktik emlashdan oʻtkazishni joriy qilish vakolati berilmoqda.

Shuningdek, Mehnat kodeksida ish beruvchiga xodim tibbiy koʻrik natijalari va shifokorlarning tavsiyasiga koʻra emlanishi kerak boʻlsayu, emlanishni rad etsa xodimni ish haqini saqlamagan holda ishga qoʻymaslik huquqi berilmoqda.

«Diqqat bilan oʻqing, shifokor tavsiya qilsa!

Agar fuqaroning vaksina olishiga monelik qiladigan muammo boʻlsa shifokor tavsiya qilmaydi!

Nima uchun bu qonun muhim?

Aholining 70 foizi emlanmasa jamoaviy immunitet hosil boʻlmaydi. Virusni fuqarolarga yuqishi va mutatsiyaga uchrashi uchun Oʻzbekistonda qulay sharoit yaratiladi. Kuz-qishning bu turdagi viruslar uchun faol davr ekanligini hisoblasak, avgust-dekabr oylari immun tizimi zaif boʻlgan fuqarolar uchun katta xavf paydo boʻladi. Jamoatchilik bilan ishlaydigan xodimlar (militsiya, savdo xodimi, oʻqituvchi, tibbiyot xodimi va hokazo) virus tarqatuvchisi sifatida hamma uchun xavfli boʻladilar.

Bugunga kelib Fransiya, Gretsiya, Avstraliya, Italiya, Latviya, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston va bir qancha davlatlarda vaksinatsiya shifokor tavsiyasiga muvofiq majburiy qilib belgilandi. Bu davlatlar oʻz fuqarolarining xavfsizligi haqida qaygʻurmoqdalar.

Hech kim hech kimni majburlamayapti. Hech qanday muammo boʻlmasayu, emlanishni rad etsangiz, ish beruvchi va jamoa sizni xavf manbai sifatida koʻrishga haqqi bor.

Endi korxonalar yopilmaydi, taʼlim toʻxtatilmaydi, savdo-sotiq cheklanmaydi. Virus bilan kurashish uchun ham mablagʻ kerak. Tekinga berilayotgan vaksina ham tekinga kelmayapti.

Shu bilan birga unutmaslik kerak, birinchi toʻlqin davridagidek, har bir fuqaroning davolanish harakatlari uchun mablagʻ masalasi Hukumat tomonidan Oliy Majlisga kiritilmadi. Masala ochiq turibdi. Mablagʻni qayerdan qisqartiramiz? Maktablarni qurmaymizmi, elektr-gaz liniyalarini taʼmirlamaymizmi... Har ehtimolga qarshi xususiy klinikalarga pullik davolash uchun ruxsat berildi.

Sogʻlom inson davlat uchun boylik, lekin sogʻliq inson uchun boylikdir. Sogʻliq va hayotni yoʻqotmasdan avval qadrlashimiz kerak», deydi Qodirov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер