“Taraqqiyot” respublika tanlovida qanday oʻzgarishlar boʻldi?
Mamlakatimizda istiqbolli boshqaruv kadrlarining tizimli asosda tanlab olinishini taʼminlash, shuningdek, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlari tizimida ularning kasbiy malakasini uzluksiz oshirib borishga koʻmaklashish maqsadida 2018 yil 30 mayda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori qabul qilindi.
Unga muvofiq “Taraqqiyot“ respublika tanlovi tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha bir qator ishlar olib borildi. Xususan, tanlovda ishtirok etish uchun maxsus veb-portalda (www.taraqqiyot-tanlov.uz) respublikamiz boʻyicha 8334 nafar talabgor roʻyxatdan oʻtdi va soʻrovnoma toʻldirdi. Soʻrovnomalar tanlov nominatsiyalari boʻyicha shakllantirilgan ishchi guruhlar tomonidan oʻrganib chiqildi. Natijada 4509 nafar ishtirokchi tanlovda qatnashish uchun belgilangan talablariga javob bermasligi aniqlandi, 3825 nafar ishtirokchi tanlovda qatnashishga tavsiya etildi.
Tanlovning 1-tur onlayn test bosqichi natijalariga koʻra 2455 nafar,
2-tur onlayn test bosqichi natijalariga koʻra esa 1356 nafar ishtirokchi navbatdagi bosqichga tavsiya etildi.
2018 yilning 16 dekabr kuni tanlovning axborot-tahliliy material (doklad) tayyorlash bosqichi oʻtkazildi. Bosqich natijalariga koʻra, qarorga muvofiq 300 nafar ishtirokchi tanlab olindi va navbatdagi bosqichga tavsiya etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2018 yil 18 dekabr kuni zamonaviy kadrlarga boʻlgan ehtiyojni toʻldirish, bilimli yoshlarni strategik sohalarga jalb etish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda bir qator vazifalarni amalga oshirish, shu jumladan “Taraqqiyot“ respublika tanlovini yanada samarali tashkil etish, nomzodlarga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi. Ular asosida 2019 yil 20 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2018 yil 30 maydagi PQ-3755-son qarorga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq:
1. Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish boʻyicha “Taraqqiyot” respublika tanlovining gʻoliblari (keyingi oʻrinlarda – gʻoliblar) davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlarida (keyingi oʻrinlarda – davlat tashkilotlari) rahbarlik lavozimlariga tayinlanganlaridan soʻng tegishli yoʻnalishlarda rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida tanlov nominatsiyalari boʻyicha kamida uch oy muddatlik stajirovka oʻtaydilar.
2. Tanlov final bosqichining qolgan ishtirokchilari (keyingi oʻrinlarda – finalchilar) davlat tashkilotlariga ishga olinganlaridan soʻng rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida tanlovning tegishli nominatsiyalari boʻyicha kamida bir oy muddatlik stajirovka oʻtaydilar.
3. Tanlov gʻoliblari va finalchilarining rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida tegishli nominatsiyalar boʻyicha stajirovka oʻtashi – birinchi navbatda davlat tashkilotlari – tanlov gʻoliblari va finalchilarining ish beruvchilari mablagʻlari, shuningdek, Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari, xalqaro moliya institutlarining grantlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
4. Davlat tashkilotlari, zarur holatlarda, oʻz mablagʻlari hisobidan tanlov gʻoliblari va finalchilarini rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlariga stajirovka oʻtashga yuborishdan avval chet tillarini oʻrganish boʻyicha intensiv kurslarda taʼlim olishini taʼminlaydi.
5. Rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida stajirovka oʻtagan tanlov gʻoliblari va finalchilari zimmasiga ular bilan tuzilgan shartnomada belgilangan muddat davomida tanlov gʻoliblari va finalchilarini stajirovkaga yuborgan davlat tashkilotlarida ishlab berish majburiyati yuklatiladi.
Shuningdek, qarorga muvofiq, tanlovning davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari, davlat tashkiloti va idoralarida bir oylik stajirovka oʻtash bosqichi, shuningdek, tanlov gʻoliblarining “Boshqaruv kadrlarini tayyorlash boʻyicha Prezident dasturi” boʻyicha uch oylik kurslarda oʻqishlarini nazarda tutuvchi bosqich bekor qilindi.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018 yil 30 maydagi qaroriga muvofiq, tanlab olingan 300 nafar ishtirokchining tashkilotchilik qobiliyati va boshqaruv salohiyatini aniqlash boʻyicha yozma test sinovi oʻtkazilishi, uning natijasi boʻyicha final bosqichida ishtirok etadigan
150 nafar nomzod tanlab olinishi belgilangan.
Tanlovning final bosqichi 2 bosqichdan iborat boʻlib, 1-bosqichda nomzodlar guruhlarda muammoli vaziyatlarni hal qilishi, 2-bosqichda esa nominatsiyalar boʻyicha tanlov komissiyalari aʼzolari bilan yakka tartibda suhbat oʻtkazilishi nazarda tutilgan. Tanlov gʻoliblari har tur natijalariga koʻra aniqlanadi.
Tanlovning navbatdagi bosqichlarini oʻtkazish vaqti, joyi va tartibi xususida batafsil maʼlumotlarni maxsus veb-portal (taraqqiyot-tanlov.uz)ning “Yangiliklar” ruknida tanishib borish mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring