Tadbirkorlar uchun ham ragʻbat, ham imkoniyat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizdagi faol tadbirkorlar bilan videoselektor shaklida oʻtkazilgan muloqotda shu soha ni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yil yakunlari va 2025-yilga moʻljallangan rejalar muhokama qilingani biz, tadbirkorlar uchun ulkan marralarga zamin hozirladi, desam, mubolagʻa boʻlmaydi.
Soʻnggi yillarda Prezident va tadbirkorlar muloqotining oʻtkazilishi yaxshi anʼanaga aylandi. Uchrashuvlar shunchaki rasmiyatchilik uchun boʻlmayapti, aksincha, sohadagi masalalar, takliflar muhokama qilinishi va yangi imkoniyatlar yaratishi bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunga oʻz faoliyatim misolida guvohi boʻlyapman. Korxonamiz parrandachilik bilan shugʻullanadi. Ilgari faqat parranda goʻshti va tuxum yetishtirish bilan cheklanardik. Yildan-yilga berilayotgan imtiyoz va shart-sharoitlar bois, bugun koʻp tarmoqli yirik kompleksga aylanib boryapmiz, korxonalarimiz soni ortyapti. Bu shunchaki gaplar emas, iqtisodiy rivojlanishga va aholi bandligini taʼminlashga hissa boʻlib qoʻshilyapti. Masalan, birgina bizning tadbirkorlik tizimida besh yuzga yaqin odam doimiy ish bilan band. Bundan tashqari, tumanimizdagi Yangi Oʻzbekiston massivida Gʻijduvon tajribasi asosida yirik savdo va xizmat koʻrsatish kompleksini ishga tushiryapmiz. Yana qoʻshimcha 250 ish oʻrni yaratiladi.
Aholi soni izchil oʻsayotgan bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash dolzarb boʻlib bormoqda. Buning ustiga, global iqlim oʻzgarishlari, yer va suv taqchilligi qishloq xoʻjaligida qiyinchiliklarni yuzaga keltirib chiqarmoqda. Shunday sharoitga qaramasdan, mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish rivojlanib kelmoqda. Ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlari narxini barqaror saqlash, bozorga doimiy yetkazib berish uchun sovitkich omborlari koʻpaymoqda. Biz ham bu imkoniyatlardan foydalanib, yirik sovitkich omborini tashkil etyapmiz. Ushbu loyihamiz ham yaqin oylarda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda tadbirkorlik harakati orqaga qaytarib boʻlmaydigan katta kuchga aylanganini aytar ekan, “Biz davlat miqyosida qanday katta maqsad va vazifalarni oʻz oldimizga qoʻymaylik, ularni amalga oshirishda butun xalqimiz bilan birga, avvalo, sizlarga tayanamiz. Tadbirkorlarimiz qancha boy boʻlsa, xalqimiz shuncha farovon yashaydi, davlatimiz shuncha qudratli boʻladi. Tadbirkorning yutugʻi — bu butun xalqimizning yutugʻi”, deb alohida taʼkidladi.
Videoselektor shaklida oʻtgan muloqotda ishtirok etib, shu va shu kabi daʼvatli soʻzlarni eshitib, yanada shijoat va kuchga toʻlganimizni, hali oldinda bundan-da ulkan marralarimiz borligini his qildim.
Oʻz navbatida, yangi gʻoyalar uchun imkoniyatlar yanada kengaytirildi. Masalan, IT-park rezidentlariga barcha turdagi soliqlarni toʻlashdan ozod etish boʻyicha imtiyozlar 2040-yilgacha uzaytirildi. Xususiy maktab va bogʻchalar, xorijiy oʻqituvchi va mutaxassislar uchun berilgan barcha soliq imtiyozlari 2030-yilgacha amal qiladigan boʻldi. Bunday imtiyozdan foydalanib, parrandachilik fabrikamiz qoshida xususiy bogʻcha, shuningdek, IT-park, xorijiy tillarni oʻqitish markazini tashkil etishni rejalashtirdik. Bu yerda nafaqat ishchilarimiz, balki hududimizdagi kambagʻal oila farzandlari taʼlim-tarbiya olishini yoʻlga qoʻyamiz. Bu bilan viloyatimizda jadal olib borilayotgan “Kambagʻallikdan — farovonlik sari” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan xayrli ishlarga oʻz hissamizni qoʻshgan boʻlamiz.
Uchrashuvda ishbilarmon doira vakillarining fikr-mulohazalari ochiq muhokama qilinib, kerakli chora-tadbirlar shu yerning oʻzida belgilanyapti. Ayting-chi, bunday jarayon qaysi bir davrda boʻlgan?! Bunday davlatda biznes yuritishdan quvonmay boʻladimi?!
Endi tadbirkorlar bank krediti bilan cheklanib qolmasdan, xalqaro standartlarga moslashib, chetdan mustaqil mablagʻ olib kelishi kerakligi aytildi. Buning uchun xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilib, tadbirkorlarning tashqi moliya bozorlariga chiqishiga koʻmaklashuvchi markaz ochiladigan boʻldi. Ishonchim komilki, tadbirkorlarini ishonchli himoya qiladigan, qoʻllab-quvvatlaydigan Oʻzbekistonda biznes yuritishni istovchi xorijlik sarmoyadorlar soni bundanda ortadi. Biz, tadbirkorlar chetdan mustaqil mablagʻ olib kelishimiz qiyinchilik tugʻdirmaydi, aksincha, xorij biznesi bizni tanlaydigan davr keldi.
Xulosa oʻrnida aytganda, Yangi yil ostonasida tashkil etilgan ushbu muloqot ishbilarmonlarga kelgusi yil uchun ham ragʻbat, ham imkoniyat boʻlish bilan birga, yangi rejalarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Jamshid AHMEDOV,
Jarqoʻrgʻon tumanidagi “Parranda Kompleks Savdo”
masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari,
“Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni sohibi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring