Buyuk oʻzgarishlarning harakatlantiruvchi kuchi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-yanvar kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishar ekan, bu dargoh nafaqat oʻtmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bogʻlaydigan, taraqqiyotimizning asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi boʻlishi zarurligini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi va gʻoyasi asosida bunyod etilayotgan ushbu majmuada yurtimizdagi islom madaniyati bilan bogʻliq bir necha ming yillik qadimiy oʻtmish mujassam boʻladi.
— Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol koʻrib, islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bagʻrikenglik dini ekanini, oʻzbek xalqining dunyo tamadduniga qoʻshgan buyuk hissasini anglaydi, — dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari yangi Oʻzbekistonda ayni yoʻnalishda olib borilayotgan ishlardan koʻzlangan bosh maqsadni ham aniq va loʻnda ifodaladi: milliy oʻzligimizni anglash va anglatish!
Haqiqatan ham, zamonaviy dunyoda sarhadlar yoʻqolib, globallashuv jarayoni yangicha qoidalarni taqozo etar ekan, milliy oʻzlik masalasi har qachongidan ham dolzarb boʻlib bormoqda. Xoʻsh, bugun shiddat bilan ilgarilar ekanmiz, nima uchun oʻz tariximiz sarchashmalarini yodda tutishimiz kerak?
Har qaysi tamaddun, madaniyat va xalq tarix asosida shakllanadi. Tarix esa faqat sanalar va voqea-hodisalar bilan cheklanib qolmaydi, balki u avlodlarning jonli xotirasi sifatida gʻalaba va fojialar, saboqlarni oʻz ichiga oladi. Oʻz tarixini yodda tutib, hurmat qiluvchi xalq oʻtmishdagi xatolarni takrorlamay, yorqin kelajakni barpo etishga qodir boʻladi. Fransiyalik mutafakkir Volter XVIII asr boshidayoq shunday degan edi: “oʻtmishni bilmaydigan odam hozirgi zamonni ham, kelajakni ham, hatto oʻzligini ham bilmaydi”.
Shunday ekan, til va adabiyot, sanʼat va urf-odatlar shunchaki “oʻtmish sarqiti” emas, balki xalqning kelib chiqishini belgilovchi kod deyish mumkin. Ularni unutgan xalq va millat oʻzining qiyofasini yoʻqotadi. Bunga esa zamonaviy voqelikda yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Yaqin vaqtlargacha umuminsoniy deb hisoblangan qadriyatlar koʻz oʻngimizda tanazzulga yuz tutmoqda.
Siyosiy tanglik, iqtisodiy buhronlar va texnologik inqilob esa jamiyatni misli koʻrilmagan tezlikda oʻzgartirmoqda. Bunday sharoitda oʻz tarixiy ildizlarini bilish va uning asosida rivojlangan, maʼrifatli jamiyatni, barqaror davlatni qurish oʻta muhim. Zotan, xotira oʻzgarishlar silsilasida yoʻqolib ketishga yoʻl qoʻymaydigan mayoqdir.
Xalq oʻz oʻtmishini qadrlasa, u kelgusi avlodlarga nafaqat bilimlarni qoldiradi, balki oʻzlaridan koʻra yirikroq tarixiy merosga egalik hissini shakllantiradi.
Shu maʼnoda Xitoyni misol qilib koʻrsatish mumkin. U ayni zamonda juda tez surʼatda rivojlanayotganiga qaramay Konfutsiy falsafasi bilan chuqur bogʻliqlikni, oilaga va ajdodlarga hurmat ruhini saqlab kelmoqda. Yo boʻlmasa Irlandiyani olaylik. U yerda XX asrda “keltlar merosi” qayta tiklana boshladi, bu esa — milliy oʻzlikni mustahkamlashga yordam berdi va shunday qilib, iqtisodiy moʻjiza uchun poydevor yaratdi. Ikki asrdan koʻproq davr mobaynida Yevropadagi eng kambagʻal deb hisoblangan davlat 1990-yillarda juda tez rivojlanish surʼatini namoyish etdi va 2020-yillarga kelib aholi jon boshiga YAIM hajmi boʻyicha Buyuk Britaniya va Germaniyani ancha ortda qoldirdi.
Oʻzbekiston xalqi, obrazli qilib aytganda, buyuk ajdodlarining ruhi bilan kuchli. Shunday ekan, oʻzining kimligini bilish va yodda tutish qanchalik muhim boʻlsa, dunyoda yuz berayotgan har xil tarixiy buhronlarda, axborot va oʻzgarishlar oqimida osongina yoʻqolib ketmaslik, oʻzini saqlab qolish ham shunchalik zarur. Bunda milliy birxillik mamlakat fuqarolari uchun muhim tayanch va suyanch, kuch va barqarorlik garovi boʻladi.
Keyingi yillarda Oʻzbekistonliklar oʻzini yagona xalq deb anglashi mustahkamlandi. Buni quyidagi holatlarda koʻrish mumkin: yurtdoshlarimizning fan sohasida yoki sportda erishgan yutuqlariga hamma — qaysi millat vakili boʻlishidan qatʼi nazar, birdek quvonadi, mamlakatimiz yoki vatandoshlarimizga nisbatan aytilgan adolatsiz igʻvolardan xafa boʻladi, shuningdek, mintaqamiz va dunyodagi vaziyat boʻyicha bir xilda qaygʻurishadi. Yangi avlodni ham shu ruhda tarbiyalaymiz. Shunday qilib, yangi tarixni va kelajakni yaratmoqdamiz, bu kelajak buyuk oʻtmishimizga munosibdir.
Bilim — hayotiy maslak
Koʻp asrlik tarixga ega davlatimiz boy ilmiy va maʼnaviy merosni koʻz qorachigʻidek asraydi, buyuk ajdodlarimizning bilimi va tajribasidan oʻz taraqqiyoti yoʻlida foydalanadi. Yurtimiz kelajagini biz taʼlimda, fan va maʼrifatda koʻramiz.
Aynan shuning uchun ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning uchinchi Renessansni yaratish haqidagi tashabbusi xalqimiz tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlandi, milliy gʻoya darajasiga koʻtarildi. Bu gʻoya vatandoshlarimizning eng ezgu orzusini aniq va toʻliq aks ettirdi — orzuki, u jahonda tenglar ichra teng va kuchli boʻlish, erkin yashash, fan va taʼlimda, maʼrifatda, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy va madaniy taraqqiyotda yuksak koʻrsatkichlarga erishishdan iborat.
Keyingi yillarda amalga oshirilgan tub oʻzgarishlar bu orzuga erishish mumkinligini koʻrsatdi. Tarixiy dalillar va xalqimizning anʼanalari, uning yaratuvchanlik salohiyati kelajakka ildam qadam tashlash uchun, jamiyat hayoti va faoliyatining barcha yoʻnalishida navbatdagi Renessansga erishish uchun hal etuvchi omillar boʻlib xizmat qilmoqda.
Xalqimiz tarixida ikkita Uygʻonish davri boʻlgan. Birinchisi IX — XII asrlardagi maʼrifiy Renessans boʻlsa, ikkinchisi — XIV-XV asrlardagi temuriylar Renessansi.
IX — XII asrlarda hozirgi Oʻzbekistonning hududi taʼlim va ilmiy anʼanalarning tiklanish oʻchogʻiga aylangan boʻlib, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy, Fargʻoniy singari qomusiy olimlar, taʼbir joiz boʻlsa, olamshumul ilmiy inqilob yaratdilarki, u dunyo tamaddunining keyingi rivojini taʼminladi. Birinchi Renessans davrida yurtimizda aniq fanlar, tabiiy, falsafiy va diniy ilmlar jadal rivojlandi. Buyuk olimlar tadqiqotlar va hisob-kitoblar olib borishdi, koʻp jildli asarlar yozishdi, bu bilan esa butun insoniyatning fan va madaniyatini taraqqiy ettirishga munosib hissa qoʻshishdi.
Mashhur matematik, astronom va geograf Muhammad Xorazmiyning oʻrta asrlar faniga qoʻshgan ulkan hissasi tufayli butun dunyo oʻnlik sanoq tizimi haqida tasavvurga ega boʻldi, “algebra” va “algoritm” atamalari ham olimning ismi va ilmiy kitobining nomidan kelib chiqqan.
Yana bir buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino zamonaviy tib ilmining asoschisi sifatida dunyoga mashhur boʻldi. Uning 29 sohaga tegishli 450 ta ilmiy asari hozirgacha yuqori darajada qadrlanadi.
Qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy matematika, astronomiya, fizika, botanika, geografiya, geologiya, mineralogiya, etnografiya, tarix va xronologiya, shuningdek, fanning boshqa sohalariga oid koʻplab asarlar yaratdiki, insoniyat ulardan yuzyilliklar davomida foydalanib kelmoqda.
Buyuk astronom Ahmad al-Fargʻoniy yoki Ovrupoda aytishganidek, Alfraganusning ilmiy merosi butun dunyoda yuksak qadrlanadi. Bu asarlardan bir necha asr davomida darslik sifatida foydalanilgan. Xususan, olim Yer sayyorasining shar shaklida ekanini isbotladi, Quyoshda dogʻlar mavjudligini aniqladi. Uning ixtirosi boʻlgan Nil daryosining suv sathini oʻlchovchi asbobdan mutaxassislar hanuzgacha foydalanib kelishadi.
XIV asrdan XV asrgacha davom etgan ikkinchi Renessansning asoschisi Amir Temur boʻlib, u tarixdagi buyuk imperiyalardan birini tuzgan shaxs sifatida nom qozongan. Uning hukmronligi davrida Samarqand va boshqa shaharlarda goʻzalligi va mukammalligi bilan takrorlanmas boʻlgan binolar barpo etildi, shuningdek, qonunlar majmuasi ishlab chiqildi, iqtisodiyot, savdo-sotiq, fan va madaniyat rivojlandi. Temuriylar davrida sanʼat, hunarmandchilik, meʼmorchilik, sheʼriyat va dunyoviy fanlar taraqqiy topdi. Samarqand dunyoning eng yirik ilmiy markazlaridan biriga aylandi.
Buyuk ijtimoiy-siyosiy va ijodiy arboblar sulolasi keyinroq XIX va XX asr chegarasida shakllandi. Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev, Isʼhoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Choʻlpon va boshqa maʼrifatparvar olimlar jadidlar harakatiga asos solib, Markaziy Osiyoning jadal taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshdi. Ilgʻor maʼrifatparvarlarning haqiqiy vakillari boʻlgani holda ular milliy oʻzlikni tiklash, Turkiston xalqining intellektual salohiyatini rivojlantirish, uning tarixiy va maʼnaviy qadriyatlarini asrash gʻoyalarini dadil ilgari surdi. Jadidlar turkistonliklarni ozodlik va mustaqillik tantanasi uchun, oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini roʻyobga chiqarish va davlatchilikni tuzish uchun kurashda birlashtirdi. Ular faoliyat yuritgan davr olimlar tomonidan Markaziy Osiyoda milliy oʻzlikni va aqliy tafakkurni tiklash davri, deya tan olingan.
Davlatimiz rahbari bir necha bor taʼkidlashicha, bizning ajdodlarimiz boʻlmish jadidlar XX asrdayoq uchinchi Renessansni amalga oshirishga qodir boʻlganlar. Ular “Najot uchun bilimdan boshqa yoʻl yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas”, degan hikmatli soʻzlarni oʻz hayotiy aqidalariga aylantirgan.
Prezidentimizning yaqinda chiqargan qarori Mahmudxoʻja Behbudiyning 150-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida ekanligi — nafaqat Oʻzbekistonda, balki xorijda ham tan olingan buyuk maʼrifatparvarning xizmatlari eʼtirofidir.
Oʻzbekiston rahbarining qaroriga munosabat bildirar ekan, Saudiya Arabistonida chiqadigan “Al Harir” gazetasida shunday yozishdi: “Mahmudxoʻja Behbudiyning hayoti va faoliyati zamonaviy dunyo uchun qimmatli saboq beradi. U taʼlim, oʻz madaniyati bilan faxrlanish va konstruktiv islohotlarga urgʻu berar ekan, zamonaviy muammolarni hal etishda bilim va birdamlik katta kuchga ega ekanligini hammamizga eslatadi. Uning tavalludiga 150-yil toʻlishi nishonlanar ekan, biz nafaqat milliy qahramonni, balki oʻz gʻoyalari bilan taraqqiyot yoʻlini yoritishni davom ettirayotgan global novatorni olqishlaymiz”.
Prezident Shavkat Mirziyoyev alohida eʼtirof etganidek, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan betakror va noyob ilmiy-maʼnaviy meros bizning xatti-harakatlarimizda doimiy dasturilamal boʻlishi lozim. Biz ushbu oʻlmas boylikni avaylashimiz, undan kuch-quvvat va ilhom olishimiz kerak. Va ushbu gʻoyalarga muvofiq holda, avvalo, milliy taʼlim tizimini rivojlantirishimiz lozim.
Iqtisodiy “yoʻlbars”ning istiqbollari
Oʻz oldiga barcha soha va tarmoqlarni modernizatsiya qilish boʻyicha katta maqsadlar qoʻygan davlat uchun eng muhim narsa nima? Yosh avlodning bilimli boʻlishi, tafakkuri va tarbiyasi. Shunday ekan, yangi Oʻzbekistonda yoshlar masalasi ijtimoiy siyosatning eng ustuvor yoʻnalishi etib belgilangan. Keyingi yillarda qabul qilingan yuzdan ortiq qonun va qarorlar ham yosh avlodning manfaatlariga yoʻnaltirilgan.
Xususan, yoshlarning sifatli taʼlim olishi, ularning kasbiy tayyorgarligi, shuningdek, fan va innovatsiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kabi yuqori istiqbolli sohalardagi tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor kuchaytirildi. Birgina taʼlim krediti olish imkoniyatidan 151 ming nafar talaba foydalandi, kam taʼminlangan oilalarning farzandlari boʻlgan 110 ming nafar talabaga shartnoma mablagʻi toʻlab berildi. oʻtgan yili 310 ming nafar yosh talabalikka qabul qilingan boʻlsa, ularning deyarli yarmi qizlar. 110 ming nafar yosh Oʻzbekistonlik xorijda taʼlim olmoqda.
Davlatimiz yosh avlodning har tomonlama rivojlanishi uchun katta mablagʻlar sarflaydi. Yetti yilda taʼlim tizimini takomillashtirish uchun 216 trillion soʻm mablagʻ ajratildi. Moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun byudjetdan 19,5 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Bu esa 6 mingta davlat maktabi va 3,5 mingta bolalar bogʻchasini rekonstruksiya qilish va qurish imkonini berdi. Maktablarda 800 mingta, bogʻchalarda 535 mingta qoʻshimcha oʻrin yaratildi.
Taʼlimning xususiy sektori uchun keng imkoniyatlar yaratilishi tufayli xususiy maktablar soni 27 tadan 500 tagacha, nodavlat bolalar bogʻchalari soni esa 250 tadan 30 mingtagacha koʻpaydi.
Shuni ham eʼtirof etish lozimki, aholi soni ortishi bilan maktablarda har yili 120 mingta, bogʻchalarda esa 30 mingta qoʻshimcha oʻringa ehtiyoj yuzaga keladi. Joriy yilda byudjet mablagʻlari hisobidan 375 ta maktab va 97 ta bolalar bogʻchasi rekonstruksiya qilinadi va quriladi.
Xususiy sektorda oʻquvchi oʻrinlarini koʻpaytirish uchun 2025-yildan boshlab maktab ochmoqchi boʻlgan tadbirkorlarga kreditlar taqdim etiladi. Bunda kredit foiz stavkalarining bir qismi byudjetdan qoplanadi, yangi xususiy maktab qurish uchun kommunal xarajatlarning 50 foizi esa besh yil muddatgacha byudjet hisobidan kompensatsiya qilinadi. Ularga, shuningdek, soliq yengilliklari beriladi.
Shaxsning tarbiyasi va rivojlanishi asoslari bolalikdan boshlangani uchun davlatimiz maktabgacha taʼlim tizimining rivojlanishiga amaliy gʻamxoʻrlik koʻrsatadi. Keyingi yetti yilda maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 74,6 foizgacha ortdi. Yaqin istiqbolda ushbu koʻrsatkichni 80 foizga yetkazish koʻzda tutilgan.
Maktab taʼlimini har tomonlama rivojlantirish mamlakatimizda umummilliy harakatga aylanmoqda. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida taʼlim sohasi ham birlamchi vazifalar qatorida belgilangan. Iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlashni takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Taʼlim sifatini yaxshilash, oʻqituvchi-pedagog kasbining nufuzini koʻtarish, huquqiy, ijtimoiy va moliyaviy himoyasini taʼminlash maqsadida yangi tahrirdagi Konstitutsiyada oʻqituvchi alohida maqomga ega ekani belgilandi. “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.
Yaqinda, yanvar oyida boʻlib oʻtgan oliy taʼlim va ilm-fan sohasidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimotda Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz taraqqiyotining tayanchi sifatida bu yoʻnalishlarga katta eʼtibor qaratilayotganini aytib oʻtdi. Yangi oliygohlar ochilib, qamrov ancha kengaydi. Taʼlim jarayonlari sifat jihatdan yaxshilanmoqda. Respublikada oliy taʼlim muassasalarining soni 77 tadan 211 tagacha koʻpaydi, oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi esa 9 foizdan 42 foizgacha ortdi.
Bundan tashqari, bakalavriat yoʻnalishlari maqbullashtirildi, 1,2 mingdan ortiq taʼlim dasturlari xorijiy andozalarga moslashtirildi.
Bitiruvchilarga qoʻyiladigan malaka talablari toʻliq yangilandi, oliy taʼlim tizimida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, atrof-muhit muhandisligi, biotizimlar muhandisligi kabi zamonaviy yoʻnalishlar ochildi.
Bu yil yana mingdan ortiq taʼlim dasturlari “TOP — 300” universitet dasturlari asosida takomillashtiriladi. 45 ta taʼlim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkaziladi. Talabalar “Registrator ofisi” xizmatlari bilan toʻliq qamrab olinadi. Dual taʼlimga yana 50 ming talaba jalb qilinadi.
Oliy taʼlimda ilmiy salohiyatni 55 foizga chiqarish, xorijda 5 ming nafar pedagog malakasini oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, ilgʻor muhandislik maktablarini 25 taga yetkazib, sanoat korxonalari bilan loyihalar qiymatini 10 barobar oshirish maqsad qilingan.
Yoshlarning bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yanada yaxshilanadi. Mamlakatimizni jadal rivojlantirish maqsadida yoshlarni “toʻrtinchi sanoat inqilobi” kasblari boʻyicha tayyorlash darajasini koʻtarish moʻljallangan. Yigit-qizlarni katta daromad keltiruvchi kasblarga oʻrgatish, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega loyihalar sonini koʻpaytirishga eʼtibor kuchaytirilmoqda. Jumladan, oliy taʼlimning birinchi va ikkinchi kurslaridagi fanlar texnikumlar bilan integratsiya qilinadi. Texnikumni yaxshi baholar bilan tugatgan bitiruvchilarga xalqaro klassifikatorga mos keluvchi diplomlar topshiriladi. Quvonarlisi, ularga oʻqishini oliy taʼlim muassasasining ikkinchi yo uchinchi kursida toʻlov-shartnoma asosida davom ettirish imkoniyati beriladi. Yetarlicha kasbiy tayyorgarligi va ikki yillik ish staji boʻlgan yoshlar oliygohlarga toʻlov-shartnoma asosida korxonalar tavsiyasiga koʻra qabul qilinadi.
Koʻrinib turganidek, Oʻzbekistonning jadal rivojlanishi yangi industrial davr sharoitida ishlashga qodir yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni talab qilmoqda. Bu davrda, shubhasiz, mamlakatimiz oldida yangi istiqbollar ochiladi. Ular haqida fikr bildirgan “Berliner Telegraph” jurnalining siyosiy sharhlovchisi Gregor Shpitsen shunday deb yozdi:
— Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning iqtisodiy “yoʻlbarsi” sifatida keyingi sakkiz yilda ajoyib iqtisodiy taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi. 2024-yilga kelib, oʻsish pasaymadi, aksincha, yangi surʼat ola boshladi. Islohotlar va yangilanishlarning bunday oʻsishi sharoitida 2030-yilga borib Oʻzbekiston nafaqat mintaqaviy, balki global siyosiy va iqtisodiy markazga aylanadi.
Toʻrtinchi sanoat inqilobi uchun mutaxassislar
Mamlakatimizda nafaqat bilim olish, balki uni yurt manfaati yoʻlida amaliy qoʻllash uchun ham ulkan imkoniyatlar yaratilmoqda. Yosh fuqarolarning bandligini taʼminlash, biznesini rivojlantirish maqsadida tadbirkorlik asoslari va ixtisoslashtirilgan mutaxassisliklarga oʻqitish orqali ularga maqsadli grantlar, kreditlar va subsidiyalar ajratilib, yoshlar orasida zamonaviy tadbirkorlik muhiti shakllantirilmoqda. Axborot texnologiyalari sohasida 50 mingdan ortiq yigit-qizlar oʻzini oʻzi band etgan tadbirkor sifatida mehnat qilayotgani eʼtiborli. Ularning qoʻshimcha qiymat yaratish va xizmatlar eksporti bilan shugʻullanayotganlariga katta imkoniyatlar ochildi. Bunday yoshlarga oʻtgan yildan boshlab “IT-park rezidenti” maqomi berilmoqda, bu esa barcha turdagi soliqlardan uch yilga ozod etilishini nazarda tutadi.
Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligi jamgʻarmasi iqtidorli yigit-qizlarga gʻoyadan tayyor biznesgacha boʻlgan loyihalarni amalga oshirishda koʻmaklashmoqda. 14 ta tumanda real vaqt rejimida intellektual tizimlar tomonidan boshqariladigan toʻliq avtomatlashtirilgan raqamli ishlab chiqarishga oʻtishni taʼminlashga qodir mutaxassislar oʻqitiladigan “toʻrtinchi sanoat inqilobi” kasblarini tayyorlash markazlari tashkil etilmoqda. Hududlardagi sanoat zonalarida binolar qurilib, ular yuqori qiymat yaratadigan loyihalar uchun yoshlarga “sanoat ipotekasi” asosida 7-yilda boʻlib toʻlash sharti bilan beriladigan boʻldi. Bunda birinchi yili toʻlov undirilmaydi.
Bundan tashqari, har bir viloyatda “Kreativ sanoat parklari” tashkil qilinib, ularga IT-park rezidentlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi. Bu joylar yosh tadbirkorlar, ilm va biznes oʻrtasida muloqot maydonchasi boʻladi. Yoshlarning “startaplari”ni amalga oshirish uchun uch yilga 100 million soʻmgacha ssuda berilishi belgilangan.
Bugun yuzaga kelayotgan barqaror tendensiyani qayd etmaslik mumkin emas. Baʼzi yoshlar har doim oʻz kuch va bilimini chet elda sinab koʻrishga intiladi. Ilgari bunday maqsadlar ragʻbatlantirilmagan boʻlsa, endi davlat buni ixtiyor etganlarga yordam bermoqda. Masalan, yoshlarimizning rivojlangan mamlakatlardagi “Ishla va sayohat qil” dasturlarida ishtirok etishiga koʻmaklashish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi joriy yildan boshlab talabalarga sayohat xarajatlarini qoplash uchun kreditlar ajrata boshlaydi. Shuningdek, taʼlim olish va malakasini oshirish, xorijda zamonaviy korxonalarda ishlash istagida boʻlgan fuqarolar uchun Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Slovakiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi davlatlar bilan viza tartibini soddalashtirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Germaniya bilan birgalikda mamlakatimizdagi 14 ta texnikumda talab yuqori boʻlgan kasblar va nemis tilini oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu tajriba har bir hududdagi kamida beshta texnikumda amalga oshiriladi. oʻtgan yili Germaniya kansleri Olaf Sholsning mamlakatimizga tashrifi chogʻida yoshlarimizning nemis tiliga qiziqishi yuqoriligi haqida soʻz bordi. Germaniya tomoni til oʻrganish dasturlarini kengaytirish va hududlarda oʻqituvchilar malakasini oshirishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, mehnat migratsiyasi borasida kelishuv imzolanib, talab yuqori boʻlgan Oʻzbekistonlik mutaxassislarni kasbga tayyorlash va Germaniyaga joʻnatish maqsadida amaliy hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi. Dual taʼlimning nemis modelini Oʻzbekiston hududlarida keng joriy etishga qiziqish bildirildi.
Ayni paytda Germaniyada uch yuzga yaqin hamyurtlarimiz tibbiyot sohasida mehnat qilmoqda. Oʻzbekistonlik tinglovchilarning yangi guruhlari uchun Germaniya taʼlim standarti asosida treninglar olib boriladi. Yaqin kelajakda Germaniya tibbiyot akademiyasini tashkil etish rejalashtirilgan boʻlib, u yerda Oʻzbekistondan mutaxassislar uchun maqsadli ishga tanlov eʼlon qilinadi. Bundan tashqari, “Askaniya Fyucher GmbX” rekruting kompaniyasi oʻzbek yoshlari vakillarini mehmonxona va gastronomiya sohalariga ishga joylashtirish uchun tanlovni amalga oshiryapti. Kompaniya menejeri Ingo Yungning soʻzlariga koʻra, kompaniya 2025-yilda Germaniyaga 1000 nafargacha Oʻzbekistonlik yoshlarni joʻnatishni rejalashtirgan. Shuningdek, Oʻzbekistonda nemis tili kurslari soni va sifatiga eʼtibor kuchaytiriladi, mahalliy oʻqituvchilarning Germaniyada malakasi oshiriladi.
Yaqinda mamlakatimizga tashrifi chogʻida “Hyundai” avtomobil korporatsiyasi va yirik sanoat shahri Ulsan meriyasi vakillaridan iborat Janubiy Koreya delegatsiyasi aʼzolari oʻz rejalari bilan oʻrtoqlashdi. Shahar hokimi oʻrinbosari Son Yon Juning soʻzlariga koʻra, dastlabki davrda Oʻzbekistondan 350 nafar ishchi jalb etilishi rejalashtirilgan. Korporatsiya joriy yilda mamlakatimizda ilgʻor texnologiyalar va Koreya standartlari asosida professional taʼlim olib boriladigan Kasb oʻquv markazini ochish niyatida.
— Oʻzbekistonlik yoshlarning mehnatsevarligi, yangiliklarni tez oʻzlashtirishi, boshqalar bilan til topishish qobiliyatining yuqoriligi bizni Oʻzbekistondan ishchilar jalb qilishga undayotgan omillardan biri, — deydi Janubiy Koreyaning “Hyundai Heavy Industries” kemasozlik kompaniyasi vitse-prezidenti Kim Son Xun.
Polsha kompaniyalari ham Oʻzbekistondan kelgan ishchilarga tobora koʻproq eʼtibor qarata boshlagan. “Bu xodimlar oʻzining yuqori motivatsiyasi, intizomi, qanoatliligi va intiluvchanligi uchun qadrlanadi, bu ularga kadrlar boʻshligʻini samarali ravishda toʻldirish va polyak korxonalarining raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi”, deb yozadi Polshaning haftalik “Dziennik Wschodni” (“Sharqiy jurnal”) jurnali muxbiri.
Yoshlar kasbiy rivojlanish va martaba oʻsishi yoʻllarini belgilashda katta tanlovga ega. Agar ilgari ishsizlikdan chiqishning yagona yoʻli sifatida ashaddiy kamsitiladigan va boshqa turdagi qiyinchiliklarga osonlikcha duch keladigan mamlakatlarda ishlashga toʻgʻri kelgan boʻlsa, hozir mehnat migratsiyasi sohasidagi vaziyat tubdan oʻzgarmoqda. Rivojlangan mamlakatlarda ishga qabul qilish jarayoni qonuniylashtirilmoqda, xorijdagi mehnat muhojirlarining huquq va manfaatlari himoya etilmoqda, Yevropa Ittifoqi va MDH mamlakatlarida ishchilarni avvalgidek tartibsiz emas, rasmiy ishga joylashtirish tizimi joriy qilinmoqda, ushbu tizim mehnatkashlarimiz qadrlanadigan Osiyo davlatlarida ham samarali yoʻlga qoʻyilmoqda.
Qalbda Vatan tuygʻusi bilan yashash
Yaqinda Jahon iqtisodiy forumining global xavflarga oid navbatdagi hisoboti nashr etildi. Hisobotda global muhit parchalanishi tobora avj olayotgani alohida taʼkidlangan. Unga koʻra, barqarorlik va taraqqiyotga tahdid solayotgan omillar orasida geosiyosiy, ekologik, ijtimoiy va texnologik muammolar yetakchilik qilmoqda. Texnologik xavflar alohida toifani tashkil etadi, ular orasida notoʻgʻri maʼlumotlar, dezinformatsiya va sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllashning salbiy oqibatlari sanab oʻtilgan. Soʻnggi yillarda ekologik xavflar, jumladan, ekstremal ob-havo hodisalari, bioxilmaxillikning yoʻqolishi va ekotizimlarning buzilishi, tabiiy resurslarning yetishmasligi kabi holatlarning ustuvorlik qilayotgani aniqlangan.
Shu munosabat bilan Jahon iqtisodiy forumining global xavflar tashabbusi rahbari Mark Elsner dunyo uchun ishonchni tiklash va hamkorlikni rivojlantirish yoʻlida yangi saʼy-harakatlar zarurligini taʼkidladi, aks holda, harakatsizlik oqibatlari bir necha avlod taqdiriga taʼsir oʻtkazishi mumkin.
Shuni aytish kerakki, ushbu va boshqa koʻplab dolzarb muammolarni mahalliy darajada hal qilishga yoʻnaltirilgan saʼy-harakatlar Oʻzbekiston tomonidan 2025-yilga moʻljallangan davlat dasturi loyihasida toʻliq aks etgan. Joriy yilning Oʻzbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”, deb eʼlon qilingani ham bejiz emas.
Unda belgilangan chora-tadbirlar quyidagi asosiy yoʻnalishlarda jamlangan: ekologiya yoʻnalishida atrof-muhitni muhofaza qilish va suv resurslarini tejash choralari koʻzda tutiladi; taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoyani nazarda tutuvchi, shuningdek, mamlakat kelajagini taʼminlash, yaʼni yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashdan iborat doimiy rivojlanishni maqsad qilgan ijtimoiy siyosat; barqaror oʻsish hisobiga aholi farovonligini oshirishga qaratilgan “yashil” iqtisodiyot; qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatiga yoʻnaltirilgan boshqaruv tizimini takomillashtirishga asoslangan davlat boshqaruvi va sud-huquq sohasi; tashqi siyosat va xavfsizlik, xalqaro miqyosda tinchlikparvar siyosat tamoyillarini amalga oshirish va mamlakat xavfsizligini taʼminlash.
Mazkur ustuvor yoʻnalishlarning har biri, avvalo, davlatning oʻz fuqarolari haqida amaliy gʻamxoʻrlik qilishini nazarda tutadi, jumladan, global xavf-xatarlar va tahdidlar sharoitida davlatning bardavom va izchil rivojlanish asoslarini mustahkamlash, ekologik jihatdan qulay va farovon muhit yaratish, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish imkoniyatlarini taʼminlash, tinchlik va barqarorlikni kafolatlash, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish.
Va, albatta, davlat dasturi loyihasida yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratilgani alohida eʼtirofga loyiq. Hujjatning butun bir boʻlimida har bir shaxsning oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratish koʻzda tutilgan, taʼlim sohasini yanada rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar belgilab berilgan, bu maktabgacha taʼlim bosqichidan boshlab amalga oshiriladi. Maktabgacha taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish va bolalarni toʻliq qamrab olish maqsadi belgilangan. Umumiy oʻrta taʼlim tizimida “Taʼlim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish, uyda tahsil olayotgan talabalar uchun qulayliklar yaratish va “Raqamli kutubxona” tizimining samaradorligini oshirish rejalashtirilgan. Uzoq va olis hududlarda joylashgan maktab oʻquvchilarining avtobusda bepul qatnovini tashkil qilish, maktablarni asosiy sport anjomlari va milliy musiqa asboblari bilan taʼminlash, taʼlim jarayonida ishtirok etuvchilar uchun psixologik qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish choralarini koʻrish rejalashtirilgan.
Umumiy oʻrta taʼlim tizimini yangi bosqichga koʻtarish maqsadida bilimlarni baholashning yangi tartibi joriy qilinadigan maktablar sonini oshirish koʻzda tutilmoqda. oʻrta maktab oʻquvchilarida muloqot qilish koʻnikmalari, tanqidiy va ijodiy fikrlash qobiliyatlari, jamoada ishlash va tadqiqotlar olib borish mahoratini rivojlantirish nazarda tutilgan. Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun chet ellik mutaxassislar jalb etiladi.
Oʻqituvchilarning mavqeini oshirish, ularning bilimlari va malakalarini xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida davlat grantlari asosida maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlarining uslubchilarini rivojlangan xorijiy mamlakatlarga yuborish moʻljallanmoqda. Bunga qoʻshimcha ravishda umumiy oʻrta taʼlim tizimida nodavlat tashkilotlarning faoliyati kengaytiriladi va xususiy sektor jalb qilinishi davom ettiriladi.
Oliy maʼlumotlilar darajasini oshirish maqsadida yoshlarga oliy oʻquv yurtlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish rejalashtirilgan. Buning doirasida xorijdagi “TOP — 500” roʻyxatiga kirgan oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari yaratiladi.
Zamonaviy bilimlar va koʻnikmalar bilan taʼminlash maqsadida kasb-hunar taʼlimi tizimini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilangan. Ular doirasida kasb-hunar taʼlimi tashkilotlarida malaka toifasiga ega pedagogik kadrlar salmogʻi oshiriladi. 14 ta texnikumda xalqaro taʼlim dasturlari asosida oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash tashkil etiladi.
Davlat dasturi loyihasi 2025-yilga moʻljallangan boʻlib, jamiyatimizdagi mavjud ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni oʻz ichiga olgan. Ayniqsa, hujjat ushbu muammolarni hal qilishning aniq yoʻllari belgilangani, jadal rivojlanish uchun kuchli turtki berishi jihatdan juda muhim hisoblanadi. Va aksariyat tashabbuslar yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgani xalqimizga xos boʻlgan kelajak vorislariga gʻamxoʻrlik qilish, Vatanga muhabbat kabi azaliy qadriyatlardan dalolat beradi.
Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan tanishish maqsadida joylarga qilgan tashriflari chogʻida umumtaʼlim maktablarini koʻzdan kechirar ekan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev eng katta maqsadimiz yoshlarga tarbiya berish ekanini, oldimizga qoʻygan yuksak marralarga erishishimiz uchun bilimli yoshlar kerakligini, shu sababli ularga barcha zarur sharoitni yaratishga intilayotganimizni alohida taʼkidlaydi.
Darhaqiqat, rivojlanish va bilim olish imkoniyatlaridan foydalanar ekan, har bir fuqaro uchinchi Renessans uchun mustahkam poydevor yaratishga oʻz hissasini qoʻshadi. Bu tarixiy jarayon nafaqat oʻz bilimi, imkoniyatlarini rivojlantirishga intilishni talab etadi, balki mamlakat istiqboli, uning madaniy merosi hamda kelajak avlod oldidagi masʼuliyatni anglashni taqozo qiladi. Chunki aynan bilimli, intiluvchan, Vatanga sadoqatli insonlargina buyuk oʻzgarishlarning harakatlantiruvchi kuchiga aylana oladi.
Oʻzlikni oʻylagan vijdonlar uygʻoq,
Qaddini koʻtarib borar nomus-or.
Yurt esa oboddir, el-ulus quvnoq,
Intilmoq davridir, boshqasi bekor!
Ammo chekinmoq yoʻq, chekinmoq nadir,
Chumchuqdan qoʻrqqanlar tariq ekarmi?
Shijoat baxsh etsa qanoat, sabr,
Asli sher boʻlganlar boʻyin egarmi?!
Qiyoski, ota bor uyda farogʻat,
Egali har yerning bahori bordir.
Bu yurtga jon tikkan fidolar faqat,
Ertani nurafshon etmoqqa qodir!
Oʻtkir RAHMAT.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring