Sovgʻabop buyumlar okeanortida ham xaridorini topmoqda

10:45 27 Yanvar 2025 Jamiyat
121 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. AQSHning Nyu-York shahrida joylashgan “NOOR PAlACE” mehmonxonasidagi moʻjaz koʻrgazmadan Buxoroda tayyorlangan bejirim lagan oʻrin oldi. U dunyoning turli goʻshalaridan tashrif buyuradigan okeanorti mehmonlariga Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatidan darak berib turibdi.

— Latun, yaʼni asosan mis va ruh qotishmasidan yasalgan va chiroyli qutiga solingan bu lagan hunarmandlar bilan hamkorligimiz natijasidir, — deydi Buxoro shahridagi Ibn Sino mahallasida yashovchi Lazizbek Aslonov. — Biz xalq amaliy sanʼatining shu kabi namunalarini buyurtma asosida zamonaviy axborot texnologiyalari vositasida Samarqand, Toshkent, Xiva kabi shaharlarga, shuningdek, xorijiy davlatlarga ham yetkazib berayapmiz. Bevosita faoliyatimga toʻxtaladigan boʻlsam, mana, sakkiz yildirki, kulolchilik va ganchkorlikni uygʻunlashtirgan holda sovgʻabop buyumlar tayyorlash bilan shugʻullanib kelayapman. Hozirgacha yuzdan ziyod turdagi shunday mahsulotlarni yaratishga muvaffaq boʻldim.

Lazizbek uchun asosiy xomashyo saqich loy sanaladi. Biz koʻrib odatlangan kulollardan farqli tarzda u zamonaviy usullar asosida ishlaydi. Fantaziyani ishga soladi. Bejirim sovgʻabop qutilarni yasash hadisini ham olgan. Atrofiga oʻndan ziyod mahalladoshini, asosan, talaba-yoshlarni toʻplagan. Ular darsdan soʻng hunarmandning yaqin koʻmakdoshiga aylanishadi. Ham hunar oʻrganishadi, ham durustgina maosh olishadi. Sovgʻabop buyumlarda qadimiy yodgorliklarimiz, yurtimizning betakror tabiati oʻz aksini topayapti. Lazizbek koʻrayotgan sof foyda esa oyiga 25-26 million soʻmni tashkil etmoqda.

— Faoliyatimizni kengaytirish niyatidaman, — deydi L. Aslonov. — Yanada koʻproq yoshlarga shu hunar sir-asrorlarini oʻrgatmoqchimiz. Shu maqsadda bankdan 100 million soʻm miqdorida kredit olish saʼy-harakatidaman. Kulolchilikning bu zamonaviy usulini mahallamiz brendiga aylantirish asosiy niyatimdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер