Sogʻliqni saqlash vazirligi va tegishli mutasaddilar emlash boʻyicha ishlar targʻibotida namuna koʻrsata olmadilar — deputat ommaviy emlanish haqida

11:28 16 Iyul 2021 Jamiyat
674 0

Koronavirusga qarshi emlanish mavzusida bugun ekspertlar va jamoatchilik tomonidan turli talqin va takliflar oʻrtaga tashlanayotgani bejiz emas. Aslida, pandemiyaning bugungidek faollashuv nuqtasida hosil boʻlgan sogʻlom muzokara maydoni bu. Davlat hech qachon xalq manfaatiga, odamlar xohish-irodasi va salomatligiga qarshi bormaydi. Bu qonunlar bilan kafolatlangan. Aksincha, davlatning butun bir jamiyat oldidagi masʼuliyatidan kelib chiqib, mavzu kun tartibiga chiqdi.

Kecha Qonunchilik palatasi yalpi majlisida masalaning qator nozik jihatlari muhokama qilindi, eʼtirozlar aytildi, takliflar bildirildi. Maqsad bitta — kasallikka qarshi jamoaviy immunitetni mustahkamlash, yaʼni ommaviy emlanish uchun odamlarga yetarli shart-sharoit yaratish.

Toʻgʻri, kamchiliklar ham bor. Tashkiliy jihatlarda kech qoldik, baʼzi yoʻnalishlarda ishimiz sekin boryapti. Sogʻliqni saqlash vazirligi va tegishli mutasaddilar emlash boʻyicha ishlar targʻibotida namuna koʻrsata olmadilar. Buni esa, tuzatish mumkin.

Shaxsan, bugungi muhokamalardan nisbatan qoniqish hosil qildim. Kuzatuvlarim, aholida koronavirusga qarshi ixtiyoriy emlanishga boʻlgan ehtiyojning oʻtgan oydagiga nisbatan oshib borayotganini, soʻnggi haftada buning sezilarli darajada oʻsganini koʻrsatyapti. Vaksinatsiya ehtiyojining ortishi esa, Hukumat komissiyasi oldiga zarur sharoitlar taʼminoti boʻyicha mutasaddilar masʼuliyatini oshirishning qatʼiy choralarini belgilash talabini qoʻymoqda.

Xususan, aholining tegishli yosh guruhi boʻyicha maʼlum ijtimoiy qatlami va toifalariga ommaviy emlanish uchun birinchi darajada imkoniyat berish lozim. Shuningdek, aholiga bevosita xizmat koʻrsatuvchi subyektlar ishchi-xizmatchilarining jamoaviy emlanishini osonlashtiradigan va buning shaffofligini taʼminlovchi huquqiy asoslangan mexanizm juda ham kerak.

Yana bir masala. Targʻibotning barcha vositalaridan samarali foydalanish, taʼsirchanligini oshirishni tanqidiy qayta koʻrib chiqish, zamonaviy va yangicha uslublarni qoʻllash oʻta muhimdir.

Umidjon JABBOROV,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер