Shoʻrchilik “Ajoyib xayolparast”

15:32 05 Dekabr 2024 Jamiyat
294 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. “Ajoyib xayolparast” filmi deganda koʻz oldimizga sertashvish, sodda va oʻjar, oʻta romantik qishloq shifokori Hasan gavdalanadi. Oʻzbekiston xalq artisti, betakror aktyor, marhum Baxtiyor Ixtiyorovning qahramoni rafiqasini shu qadar sevadiki, butun dunyo boyligini uning oyoqlari ostiga tashlashga ham tayyor. Hasanning soddaligi, begʻuborligi, rafiqasiga boʻlgan samimiy va chin muhabbati va boyib ketish yoʻlidagi soddadillarcha urinishi Baxtiyor Ixtiyorov talqinida oʻta tabiiy ishonarli ochib berilgan. Ushbu kartina suratga olinganiga salkam ellik yil boʻlsa-da, hamon muxlislar sevib tomosha qilishadi. Filmdagi voqealarni tabassum bilan eslashadi.

Sobiq tuzum davrida xususiy mulk va bozor iqtisodiyotiga nisbatan salbiy qarash hukm surgan edi. Tadbirkorlik kommunistik mafkuraga zid deb hisoblangan. Tuzum tadbirkorlik faoliyatini qatʼiy nazorat qilgan va uning rivojiga toʻsqinlik qilgan. Tadbirkorlarni “davlatga xavf” sifatida koʻrganlar. Ishbilarmonlar koʻpincha jamiyatda kamsitilgan va “chayqovchi” deb atalgan. Bu ularning ijtimoiy mavqeini pasaytirgan va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga toʻsqinlik qilgan. Aslida, Hasan ham ana shunday mafkura qurbonlaridan edi.

Oʻsha davrlarda jamiyatda aytilmaydigan gaplar yozuvchi Odil Yoqubovning “Baxt qushi” hikoyasi asosida suratga olingan ushbu film orqali quyonchilik misolida koʻrsatilgan boʻlsa ne ajab.

Shoʻrchi tumani Navroʻz mahallasidan Fayzigul Mahmudova dastlab bir juft quyon boqa boshlaganida ayrimlar uni “Ajoyib xayolparast” filmi qahramoniga oʻxshatgandi. Bugun odamlarning unga boʻlgan fikri boshqacha.

— Dehqonchilik bir yilda, quyonchilik qirq kunda, deganlari rost ekan, — deydi Fayzigul Mahmudova. — Quyonchilik serdaromad soha ekanini uni parvarishlayotgan tadbirkorlar yaxshi biladi. Quyon boqish koʻp xarajat talab qilmaydi, mahsulotini koʻp kuttirmaydi. Eng muhimi, goʻshti ham, terisi ham xaridorgir. Ushbu jihatlarini obdon oʻrganib, keyin ushbu sohaga qoʻl urdim. Baʼzilar meni “ana, Baxtiyor Ixtiyorovning singlisi kelyapti”, deyishardi. Bundan xafa boʻlmasdim, aksincha, oʻzimga ishonchim ortib, intilishim yanada kuchaydi. Quyonlar tez koʻpayadi. Yiliga 4-6-marta bolalaydi. Ularning yoniga yanada zotdorlarini qoʻshdim. Shu yil boshida hokim yordamchisining tavsiyasi bilan 20 million soʻmlik imtiyozli kredit oldim. Ushbu mablagʻ evaziga oq velikan zotli quyonlarni xarid qildim. Bugun quyonlarim soni yuz boshdan oshdi.

Jonivorlar boquvga injiq emas. Asosan, sabzi, beda, arpa, bugʻdoy berib parvarishlanadi. Vaqtida profilaktika qilib turilsa, turli kasalliklarga chalinmaydi. Yaxshi boqilsa, urgʻochisi toʻrt oyda 4,5 kilogramm, erkagi 8 kilogrammgacha tosh bosadi. Bundan daromadni chamalash qiyin emas. 1 kilogramm quyon goʻshti bozorda 60 ming atrofida turadi. Masalan, 100 bosh erkagi oʻrtacha 800 kilogramm goʻsht qiladi. Bu oʻrtacha 48 million soʻm degani.

— Quyon terisini oshlash, qayta ishlashga ham qiziqayapman, — deydi Fayzigul Mahmudova. — Ochigʻi, hozircha foyda haqida gapirishga erta. Shu paytgacha tushgan daromadni faoliyatni rivojlantirishga yoʻnaltiryapmiz. Endi quyonlarni yangicha, ilgʻor texnologiyaga asoslangan sharoitda boqishni yoʻlga qoʻyish niyatidaman. Quyon boqiladigan alohida joy barpo etmoqchiman. Rejam amalga oshsa kamida 5 ta yangi doimiy ish oʻrni yaratiladi. Aslida uy sharoitidagi hozirgi faoliyatimdan nolimayman. Toʻrt nafar farzandimni tarbiyalashdan ortib roʻzgʻorimizga nafim tegayotganidan, turmush oʻrtogʻimga koʻmaklashayotganimdan xursandman.

“Ajoyib xayolparast” filmi qahramoni Hasanning armoniga aylangan serdaromad quyonchilik ortidan yaxshigina daromad topayotgan yurtdoshlarimiz soni kun sayin koʻpaymoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер