Samarqandda ham saylov uyushqoqlik bilan oʻtmoqda

10:58 27 Oktyabr 2024 Jamiyat
85 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Bugun ertalab soat 8:00 dan Samarqand viloyatidagi 1130 ta ta saylov uchastkasida ham Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi Oʻzbekiston Respublikasining davlat madhiyasini ijro etish bilan boshlandi.

“Mening tanlovim — obod Vatanim” shiori ostida oʻtkazilayotgan saylovga butun mamlakatimizda boʻlgani kabi Samarqand viloyatida ham katta tayyorgarlik koʻrildi. Viloyat boʻyicha saylovchilarning yagona elektron roʻyxatiga 2 million 156 ming 264 nafar saylovchi kiritilgan boʻlib, ularning 49 ming nafari ilk bor ovoz berishda ishtirok etadi.

16-23-oktyabr kunlari oʻtkazilgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonida viloyat boʻyicha 181 ming 925 nafar saylovchi bu imkoniyatdan foydalandi.

— Viloyatimizda 16 tuman va shahar saylov komissiyasi, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashiga saylov oʻtkazuvchi 60 ta okrug saylov komissiyasi hamda 1130 ta saylov uchastkasi tuzilgan, — deydi viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Xoʻjaqul Muhammadiyev. — Barcha darajadagi komissiyalar oʻz faoliyatini Saylov kodeksi va boshqa qonun hujjatlari, Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari asosida olib bormoqda. Ayni paytda viloyatimizdagi saylov uchastkalarining hammasida ovoz berish jarayonlari koʻngildagidek oʻtmoqda. Uchastka saylov komissiyalariga 12 ming 144 nafar fuqaro jalb etilgan. Ularning 54 foizini 21 yoshdan 40 yoshgacha boʻlgan fuqarolar tashkil etadi.

Ahamiyatlisi, saylovga tayyorgarlik jarayonida nogironligi boʻlgan fuqarolarning alohida ehtiyojlariga jiddiy eʼtibor qaratildi. Jumladan, saylov uchastkalariga Brayl alifbosi asosida tayyorlangan trafaretlar, koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi saylovchilar mavjud boʻlgan saylov uchastkalarida optik lupalar yetkazildi. Uchastka binolari nogironlar aravachasiga moslashtirilgan nishab yoʻlaklari (panduslar) yoki “yordamga chaqirish” tugmasi bilan jihozlandi.

Saylov jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilish maqsadida viloyatning tuman va shaharlari hududidagi tegishli texnik talablarga muvofiq boʻlgan saylov uchastkalarida videokameralar oʻrnatilgan.

Saylov jarayonlarida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlashda kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Saylov jarayonlarini yoritish maqsadida viloyatdagi ommaviy axborot vositalarining 86 nafar xodimlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan. Joylarda hududiy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olingan siyosiy partiyalardan 5 ming 650 nafar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan 1130 nafar kuzatuvchi ish olib bormoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovining borishini kuzatish maqsadida yurtimizga kelgan xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijlik mehmonlar Samarqanddagi saylov jarayonlari, saylov uchastkalarida ovoz berishni tashkil etish uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishib, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishmoqda.

— Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan parlament saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etyapman, — deydi hindistonlik kuzatuvchi Archana Upadhyay — Taʼkidlash kerak boʻlgan alohida jihat — bu mamlakatingizdagi ayollar va erkaklarning teng huquqiligi. Buni faqat saylovlarda emas, barcha sohalarda ham yaqqol koʻrish mumkin. Hindiston demokratik saylov tizimiga ega va bunga 75-yil davomida erishgan. Oʻzbekistonda soʻnggi 10-yilda oʻtkazilayotgan saylovlar koʻrsatkichlaridan koʻrish mumkinki, bu juda katta natija. Samarqandga birinchi bor kelishim, eshitganlarimdan ham koʻproq va yaxshiroq taassurotlarga ega boʻldim. Goʻzal tarixiy shahar, odamlarning mehmondoʻstligi menga juda maʼqul boʻldi.

Saylov davom etmoqda. Ovoz berish jarayonlari fuqarolarning faolligi ostida oʻtyapti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер