Samarqandda asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi

12:57 08 Dekabr 2024 Jamiyat
315 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand shahridagi 47-umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻtkazilgan asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichida akademik litseylar, Prezident maktabi hamda olimpiadaning tuman (shahar) bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 2261 nafar 9-, 10-, 11-sinf oʻquvchilari ishtirok etdi. Shu bilan birga, oʻtgan oʻquv yilida olimpiadaning viloyat bosqichida birinchi oʻrinni egallagan 28 nafar oʻquvchi toʻgʻridan-toʻgʻri qatnashdi.

25-30-noyabr kunlari olimpiadaning birinchi guruh fanlari viloyat bosqichi boʻlib oʻtgan boʻlsa, 2-4-dekabr kunlari ikkinchi guruh fanlari boʻyicha oʻtkazildi.

— Bu yilgi asosiy fan olimpiadasi oʻtgan yillardagidan farq qiladi, — deydi viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi taʼlim sifatini monitoring tashkil etish boʻlimi metodisti Elmira Xolyorova. — Jumladan, olimpiada oʻtkaziladigan joylarda kuzatuv kameralari oʻrnatilgan va guruhlarda nazoratchilar ham bor. Oʻquvchilarning ishlarini muhokama qilish uchun telegram kanallar tashkil qilingan, shuningdek, jarayonni ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatish mumkin. Har bir oʻquvchining nazorat materiallariga bergan javoblari hakamlar hayʼati tomonidan baholandi. Oʻquvchi imtihonni topshirib boʻlgach, uning ishi auditoriya mudiri tomonidan muhokama guruhiga yuborildi.

Olimpiada natijasiga koʻra, 9-10-11-sinflar boʻyicha 15 ta fandan 135 nafar oʻquvchi asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichida gʻolib boʻldi.

Nizomga koʻra, olimpiadaning viloyat bosqichda gʻolib boʻlgan oʻquvchilarga 1-oʻrin uchun 2 250 000 soʻm, 2-oʻrin uchun 1 500 000 soʻm, 3-oʻrin uchun 1 125 000 soʻm miqdorida mukofot puli beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер