Qulupnaydan yiliga 300 million soʻm daromad olayotgan oila

12:30 23 Yanvar 2025 Jamiyat
69 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Buvayda tumanining “Tepalik” MFY dehqonchilikka ixtisoslashgan boʻlib, aholi xonadonlarida sholgʻom, rediska, qizil lavlagi yetishtiriladi. Shu mahallada yashovchi Orifjon va Shahnoza Sattorovlar oilasi oʻtgan yili bankning imtiyozli krediti evaziga tikuvchilik mashinalari olib, oʻz xonadonida tadbirkorlik faoliyatini boshlagandi. “Biznesni rivojlantirish banki”dan 100 mln soʻm imtiyozli kredit olib, Janubiy Koreya texnologiyasi asosida 5 sotixli yerda intensiv issiqxona tashkil etdi.

— Muqobil isitish tizimi, tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etib, dastlabki yilning oʻzida qulupnaydan 300 million soʻm daromad oldik, — deydi Orifjon Sattorov. — Xususan, 1 sotix yerga tajriba tariqasida Italiyaning “Alba” navli qulupnayini ekib, 60 million soʻm daromad olindi. Hozirgi kunda qulupnayning 1 kilogrammini 400 ming soʻmdan mamlakatimizdagi eng yirik savdo tarmoqlari doʻkonlariga yetkazib beryapmiz.

“Tepalik” MFY hokim yordamchisi Asrorjon Yigitaliyevning aytishicha, ushbu oila tomonidan ishlab chiqilgan biznes-reja asosida Buvayda tumani hokimligi tomonidan yaqin kunlarda 1 gektar yer ajratib berilishi rejalashtirilmoqda. Bu yerda Janubiy Koreya, Turkiya, Xitoy va Italiya tajriba boʻyicha yil davomida qulupnay yetishtiriladi. Shu tariqa intensiv usulda qulupnay yetishtirish 4 ming 300 nafardan ziyod aholi istiqomat qiluvchi mahallaning drayveriga aylanishi maqsad qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер