“Quyi Chotqol” GES: kelgusida qariyb 125 ming xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlovchi yirik loyiha

16:23 26 Noyabr 2022 Iqtisodiyot
864 0

Foto: “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati

“Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida barpo etilayotgan “Quyi Chotqol” GES toʻgʻonining birinchi toʻsiq darvozasi yopilishi munosabati bilan katta tadbir tashkil etildi.

Mazkur tadbirda tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari, Xitoyning Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi vakillari, shuningdek, xorijiy loyiha kompaniyalari, jumladan, Rossiya, Eron, Turkiya, Xitoy davlatlarining yirik loyiha boshqaruv tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ochib, hududda amalga oshirilayotgan mazkur yirik gidroenergetik inshoot ahamiyati xususida toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, Chotqol daryosida amalga oshirilayotgan yirik loyihaning viloyat energetika tizimida muhim ahamiyat kasb etishi, viloyat aholisini ekologik toza hamda arzon elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qilishi borasida oʻz fikr-mulohalarini bildirib oʻtdi.

Shundan soʻng “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov soʻzga chiqib, gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida, xususan, “Quyi Chotqol” GESining texnik xususiyatlari va ahamiyati xususida maʼlumot berdi.

Foto: “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati

Qayd etish joizki, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi Chotqol daryosining belgilangan hududida qurilish ishlari jadal surʼatlarda davom ettirilmoqda.

Barpo etilayotgan ushbu GES loyihasida har birining quvvati 22,5 MVt boʻlgan 4 ta gidroagregatni oʻrnatish moʻljallangan. Gidrotexnik inshootning oʻrnatilgan quvvati 90 MVt boʻlib, yillik oʻrtacha elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 300 mln. kilovatt-soatga teng.

Shuningdek, GESning toʻliq ishga tushirilishi 91,28 mln. m3 gacha tabiiy gazni iqtisod qilish imkoniyatini beradi. Inshoot gidrologik rejimga taʼsir qilmaydi va gidrobiologik obyektlarga zarar yetkazmaydi hamda atrof-muhit va tabiat oʻzgarishiga taʼsir koʻrsatmaydi.

Foto: “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati

GES obyektiga olib boruvchi hamda qurilish ishlari uchun muhim boʻlgan avtotransport yoʻllari barpo etildi. GES faoliyati uchun zaruriy hisoblangan ochiq taqsimlash qurilmasi (ORU) maydonining yer ishlari tugallanib, tayyor holatga keltirildi.

Shuningdek, GES qurilish obyektida suvni olib oʻtishga moʻljallangan tonnel qurilishi muvaffaqiyatli yakunlandi. Bundan koʻzlangan maqsad – GES toʻgʻoni qurilishi ishlarini boshlash, kelgusi ekspluatatsiya jarayonlarida ham tonnel orqali suvning yoʻnalishini vaqtincha boshqa tomondan yoʻnaltirib turishga zaruriy sharoitni yaratishdir.

Qurilishi boshlanayotgan “Quyi Chotqol” suv omborining loyiha boʻyicha umumiy balandligi 50 metr, suv toʻplash hajmi 6,8 mln. mga teng. Yangi inshootni 60 oy davomida, yaʼni 2021 —2025-yillarda qurib, ekspluatatsiyaga topshirish rejalashtirilgan. Qayd etilgan koʻrsatkich, yaʼni GES quvvati kelajakda oʻrtacha 125 ming xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Mazkur quriladigan inshootlar kelajakda xalqimizga 100-yil davomida xizmat qiladi.

Mazkur obyektning aynan Quyi Chotqol daryosida qurilishi rejalashtirilgani sababi, mamlakatimizdagi eng yirik suv ombori hisoblangan “Chorvoq” suv omborining oʻrtacha 65 foiz gidroresurslarini aynan Chotqol daryosidan oqib kelayotgan suvlar hisobiga shakllanadi. Yiliga 4-4,5 mlrd. mZ suv oqib oʻtadi. Yangi qurilayotgan GES yil davomida 11 oy ishlash imkoniyatiga ega.

Foto: “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati

Mazkur obyekt qurilishining muhim bosqichi hisoblangan – suvni aylanib olib oʻtuvchi murakkab tonnel qurilishi yakunlandi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad — Quyi Chotqol daryosi tabiiy oqimini tonnel orqali oʻtkazgan holda, GES toʻgʻoni qurilishini boshlash hamda kelgusida ekspluatatsiya jarayonlarida ham tonnel orqali suv yoʻnalishini boshqa tomonga yoʻnaltirish imkoniyatini yaratish hisoblanadi.

Eʼtiborli jihati, qurilish ishlari doirasida Respublikada birinchi marta maxsus beton qorishmalaridan foydalaniladi hamda mamlakatimizdagi ilk beton tipidagi mustahkam toʻgʻon boʻladi. Natijada mazkur toʻgʻonda quriladigan GES kun davomida elektr energiyasiga talab keskin oshgan davrda, yaʼni rostlovchi quvvatlarda elektr energiyani ishlab chiqarish imkonini beradi.

Loyiha doirasidagi asosiy toʻgʻonning texnik yechimlari murakkabligi, geologik jihatdan ogʻirligini inosbatga olib, loyihalashtirish ishlariga Turkiyaning “Dolsar Injirining” , Eronning “U Suv Alan” va boshqa shu kabi jahon miqyosidagi kompaniya mutaxassislari jalb qilinmoqda. Asosiy loyiha ishlari esa, Jamiyat tizimidagi “Gidroproyekt” AJ tomonidan amalga oshirilmoqda.

Foto: “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati

Ushbu qurilish ishlarida 3 mingdan ziyod ishchi-quruvchilar jalb etilgan. Hozirda hududdagi tabiat injiqlariga qaramasdan qurilish ishlari ikki smenada jadal surʼatlar bilan olib borilmoqda. Loyiha yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshirilgandan soʻng, 120 ortiq mahalliy yosh mutaxassislar doimiy ish oʻrinlari bilan taʼminlanadi.

Shu bilan birga, “Quyi Chotqol” GES issiqlik elektr stansiyalariga nisbatan quyidagi afzalliklarga ega:

— har yili 91 283,4 ming. m3 tabiiy gazni iqtisod qiladi;

— ekologik toza elektr energiyasini ishlab chiqaradi, atmosferaga zararli chiqindilar chiqishi qisqaradi;

— ishlab chiqarilayotgan elektr energiya tannarxi nisbatan past, yaʼni issiqlik elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiya narxidan 8 — 10 barobar arzon boʻladi;

— GES va uning asbob-uskunalarini ekspluatatsiya qilishning texnik muddati nisbatan uzoq, issiqlik elektr stansiyalardan ikki barobar koʻproq muddatga xizmat qiladi;

— qayta tiklanuvchi, yaʼni suv energiyasi manbalaridan foydalaniladi.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda elektr energiyasini ishlab chiqarishda GESlarning ishtiroki yildan yilga oshib bormoqda va bugungi kunda ularning ulushi 15 foizni tashkil qilmoqda.

Foto: “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati

Gidroenergetika sohasida boshlangan izchil islohotlar hamda jadal surʼatlarda olib borilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari aholi va sanoat tarmoqlarining elektr energiyasiga boʻlgan talabini qondirishga xizmat qiladi. Masalaning yana bir muhim jihati shundaki, yangi bunyod etilayotgan GESlar energiya manbai boʻlish bilan birga, koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratilishiga ham zamin yaratadi.

Mazkur keng koʻlamli ishlar xalqimizni rozi qilish, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, aholi farovonligini taʼminlashga qaratilgani bilan gʻoyatda ahamiyatli, albatta.

Rahim ShERQULOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер